Ijtimoiy tarmoqlarda Sariosiyo tumani Karsh qishlog‘idagi maktabga boruvchi yo‘l bo‘yicha videomurojaat tarqaldi. Surxondaryo viloyat hokimligi ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur holat viloyat hokimi tomonidan tashvishli qabul qilingan. Muammo darhol o‘rganilib, yechimi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish ko‘rsatmasi berilgan.
Hokimlik munosabatida qayd etilishicha, “Karsh” mahallasi Sariosiyo tumani markazidan qariyb 70 km uzoqlikda, tog‘li hududda joylashgan bo‘lib, 487 nafar fuqaro 91 ta xonadonda istiqomat qiladi. Mahalladagi 80 o‘rinli maktab 2018-yilda qurilgan va hozirda barcha zarur sharoitlar bilan taʼminlangan. 2022—2023-yillar davomida mahallaga transport borishi uchun 11 km uzunlikdagi tog‘li hudud orqali yangi yo‘l ochilgan. Mahallaning 5 km ichki yo‘llari toshlanib, taʼmirlangan. Shunga qaramay video ko‘rsatilgan ichki yo‘lda noqonuniy qurilmalar sababli taʼmirlash ishlari bajarilmay qolib ketgan.
“Ayni hozirgi kunlarda “Karsh” mahallasiga boruvchi yo‘l to‘liq qor bilan qoplanganligi sababli transportning hududga borish imkoniyati yo‘q. Viloyat hokimining ko‘rsatmasi bilan “Karsh” mahallasidagi maktabga boruvchi ichki yo‘lni taʼmirlash bo‘yicha tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan chora-tadbirlar ishlab chiqilayotgan bo‘lib, yo‘ldagi qor qoplami erigach, taʼmirlash ishlari boshlanadi”, – deyiladi xabarda.
Amalga oshirilgan ishlar xususida jamoatchilikka qo‘shimcha axborot berilishi aytildi.
Izoh (0)