Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida gaz kondensatini o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, 25-yanvar kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda besh nafar fuqaro o‘zaro jinoiy guruh tashkil qilib, Nishon tumani “Shirinobod” mahallasi hududidan kesib o‘tuvchi Epsilon Development company MCHJ shaklidagi xorijiy korxonaga tegishli gaz kondensati quvurini teshib, jo‘mrak o‘rnatish orqali qiymati 17,4 million so‘mlik 8,9 tonna kondensat yoqilg‘isini o‘g‘irlab chiqqan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Olib borilgan tekshiruv harakatlari davomida mazkur jinoiy guruh tomonidan jami 1,1 milliard so‘mlik 568,5 tonna gaz kondensati yoqilg‘isi talon-toroj qilingani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Qarshi ixtisoslashtirilgan prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 5 nafar shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)