Britaniyalik aktrisa Emiliya Klark “Taxtlar o‘yini” serialini suratga olish vaqtida nimalardan qattiq qo‘rqqani haqida gapirib berdi.
Serialda Dayeneris Targariyen obrazini gavdalantirgan ijodkor loyiha ustida endigina ish boshlangan vaqtda miyaga qon quyilishi tashxisi bilan kasalxonaga tushib qolgan. Aktrisaning aytishicha, o‘sha vaqtlarda o‘lim bilan yuzma-yuz kelganidan emas, uni loyihadan haydab yuborishlaridan qo‘rqqan.
Emiliya unga subaraxnoidal anevrizm tashxisi qo‘yilganda o‘zini qanday his qilganini quyidagicha eslaydi:
“O‘limdan qo‘rqmadim. Loyihadan haydalib ketishdan qo‘rqdim! Bu muammo meni sindirib qo‘ymaydi, degan qarorga keldim. Hech qachon o‘zimga nima uchun hamma narsa aynan men bilan sodir bo‘ladi, degan savolni bermaganman. Bu odobsizlik. Men shunchaki qaytish haqida o‘ylardim. Rostini aytganda, bo‘lib o‘tgan voqealar natijasida o‘zimni kuchsiz his qildim. Go‘yoki prodyuserlar meni ishonchsiz odam sifatida ko‘ra boshlashgandi. Agar miyamga qon quyilmaganda, Gollivudda yashab, haqiqiy hayotda nimalar bo‘layotganini ko‘rmaydigan ahmoqqa aylanib qolardim. Endi esa atrofda nimalar bo‘layotganini yaxshiroq anglayman. Omadsizliklardan tashvishlanmayman – ular tufayli muvaffaqiyatga erishaman! Agar biror narsa o‘z yo‘lidan ketmayotgan bo‘lsa, har doim buning chorasini topishim mumkinligi haqida o‘ylayman. Og‘riqli, qo‘rqinchli, ammo undan keyin barchasini uddalash mumkin”, – deydi aktrisa.
Izoh (0)