Furqat Siddiqov O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi sifatida faoliyatini boshladi. Bu haqda uning o‘zi Twitter sahifasida maʼlum qildi.
“Bugun men elchi, protokol boshlig‘i Rufus Gifford bilan uchrashdim va ishonch yorliqlari nusxasini taqdim etdim. Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi uzoq yillik mustahkam ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirish yo‘llari yuzasidan samarali suhbatlashdik”, — deb yozadi Siddiqov.
Furqat Siddiqov 1971-yil 7-fevral kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1993-yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini UzDaewoo Electronics qo‘shma korxonasi katta mutaxassisi sifatida boshlagan.
2015—2020-yillarda O‘zbekistonning Pokistondagi favqulodda va muxtor elchisi, 2020—2022-yillarda tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. U 2022-yilning 14-noyabridan beri tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgandi.
2017-yildan beri O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi sifatida Javlon Vahobov ishlab kelayotgandi. 2-aprel kuni u O‘zbekistonning AQSH, Kanada va Braziliyadagi elchisi lavozimidagi faoliyatini yakunlab, O‘zbekistonga qaytib kelgan.