O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida “UzKazTrade” tashqi savdo qo‘shma kompaniyasi tuzildi. Bu haqda “Daryo”ning Qozog‘istondagi muxbiri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “QazTrade Savdo siyosatini rivojlantirish markazi” va “UzTrade” aksiyadorlik jamiyatlari eksport-import kompaniyasi ta’sischilari bo‘lgan.
“QazTrade” bosh direktori Nurali Bukeyxanovning so‘zlariga ko‘ra, “UzKazTrade”ning tashkil etilishi Qozog‘iston korxonalariga har ikki davlat bozorlariga mahsulot yetkazib berish hajmini oshirishga yordam beradi. Shuningdek, qo‘shma korxona o‘zaro savdodagi cheklovlar va to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga yordam beradi.
“Dastlabki bosqichda Qozog‘iston ichki bozori ehtiyojlarini qondirish uchun O‘zbekistondan meva-sabzavot sotib olish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Qozog‘iston un mahsulotlarini O‘zbekiston hududida sotishga ko‘maklashamiz va kelgusida Afg‘onistonga eksport qilish imkoniyatini yaratamiz. Biz O‘zbekiston tomoni bilan logistika xarajatlari bo‘yicha imtiyozlar berishga kelishib oldik”, — dedi Savdo siyosatini rivojlantirish markazi rahbari.
Izoh (0)