Bugungi kunda O‘zbekistonda jurnalistlar to‘rt-besh yil avvalgidek jasorat bilan harakatlanmayapti, deydi “Amerika ovozi” muxbiri Navbahor Imomova “Daryo”ga bergan intervyusida.
Navbahor Imomova mulohazalariga ko‘ra, hozirgi paytda jurnalistlarda ichki senzura kuchaygan.
“AQSHning inson huquqlari bilan bog‘liq hisobotlari har yili muntazam ravishda Kongressga beriladi. O‘sha hisobotlar va rasmiylar bilan muloqotlarimda aytiladiki, O‘zbekistonda oxirgi 7-8 yil oldingi vaziyat bilin qiyoslansa, hozir nisbatan ochiqlik bor deyishadi. Va o‘zimiz ham bunga guvohmiz. Lekin so‘ngi 2-3 yil ichida so‘z erkinligi borasida orqaga qadamlar tashlanmoqda. Hozir jurnalistlar 2018 -2019-yildagidek jasorat bilan harakat qilishmayotganini ko‘ramiz. Ularda ichki senzura kuchaygan. Asosiy jihatlardan yana biri OAVlar iqtisodiy mustaqil bo‘lishi ham muhim. Men hozir O‘zbekistonda har jihatdan istalgan materiallarni o‘z mablag‘imizga tayangan holda tayyorlay olamiz, deydigan OAVlarini deyarli bilmayman. To‘g‘ri, muayyan axborot portallari bor. Ular reklamalardan tushayotgan daromad evaziga katta loyihalar qila olyapti. Muxbirlarini masalan, chet elga materiallar qilishga jo‘natmoqda, yaxshi texnologiyalar sotib olyapti. Lekin ularning soni juda kam”, – dedi jurnalist.
Navbahor Imomova AQSH davlat kotibi Entoni Blinkenning O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrifi hamda har ikki davlatda o‘tkazilgan matbuot anjumanlarida qatnashganini kuzatganini aytdi.
“Men Qozog‘istondagi matbuot anjumanini ham kuzatdim. Unda O‘zbekistondagidan ozroq farqni ko‘rdim. Qozog‘istonda tashqi ishlar vaziri Muxtor Teluberdi bemalol Blinken bilan yonma-yon turib matbuot anjumanida qatnashdi. Lekin buni odatda O‘zbekistonda ko‘rmaymiz. O‘zbekistonga borganlar yo o‘zi alohida matbuot anjumanida qatnashadi, yoki O‘zbekiston tomon bilan chiqishadi-da brifing deb atashadi. Bunga o‘xshash brifingni dunyoning birorta qismida ko‘rmaysiz. Yaʼni ular faqat biz gapiramiz, siz bizga savol bermaysiz, deyishadi. Gapini tugatgach, minbardan qochib chiqib ketishadi. Medianing oldiga chiqish, bu uning savollariga javob berishga tayyor turish, demakdir. Dunyoda brifing va matbuot anjumanlari orasida katta farq yo‘q. Masalan, Oq uyda yoki Pentagonda, Davlat departamenti yoki Londonda va hattoki Rossiya propagandasini biz yomon deymiz, lekin Moskvada ham brifing degani, bu mutasaddilar chiqib, jurnalistlarning savollariga javob beradi, degani. Ammo O‘zbekistonda ana shunday teskari qoidalar mavjud. Bu ham O‘zbekistonni hali informatsion jihatdan ancha qoloqligini bildiradi. Hatto mana Qozog‘iston bilan qiyoslaganimizda ham”, — deya fikr bildirdi “Amerika ovozi” muxbiri.
Mavzuga doir: