Surxondaryo viloyati Denov tumanida milodiy I-II asrlarga tegishli xum idish topildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, tumanning “Qorabog‘” mahallasida yashovchi fuqaro Bahrom Abdimo‘minov ariq qazish jarayonida katta hajmli sopol xum topib olgan va bu haqda mutasaddilarga xabar bergan.
Xumning tarixiylik ahamiyatini o‘rganish maqsadida Termiz arxeologiya muzeyi va Termiz davlat universiteti tarixchi olimlari tomonidan butunligicha qazib olinib, restavratsiya qilish va o‘rganish ishlarini olib borish maqsadida Termiz arxeologiya muzeyiga olib kelindi.
Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, xum milodiy I-II asrlarga tegishli ekanligi taxmin qilinmoqda. Olimlar tomonidan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.