Professional boksning birinchi yarim yengil vazn toifasida (-55,3 kg) WBA va IBF kamarlari sohibi Murodjon Ahmadaliyev (11-0, 8 KO) va IBF yo‘nalishida majburiy da’vogar Marlon Tapales (36-3, 19 KO) o‘zaro jang qiladi.
Ushbu jang 8-aprel kuni AQSHning Texas shtati San Antonio shahrida bo‘lib o‘tadi.
Ahmadaliyev jang haqida: “Ringga qaytayotganimdan xursandman. Ancha vaqt o‘tdi, biroq endi ajoyib bokschi Tapalesga qarshi qiziqarli jang o‘tkazishga tayyormiz. U sobiq jahon chempioni va uslublarimiz o‘xshash, shuning uchun 8-aprel kuni qiyin va qizg‘in jangga tayyorlanmoqdaman”, — deydi.
Filippinlik bokschi Tapales esa: “Bitta emas, birdaniga ikkita chempionlik kamariga ega bo‘lish imkoniyatidan juda xursandman. Yana bir bor jahon chempioni bo‘lishni xohlayman. WBA va IBF kamarlarini qo‘lga kiritib, Filippinga shon-sharaf olib kelmoqchiman”, — deya fikr bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, filippinlik bokschi so‘nggi jangini 2022-yilning may oyida o‘tkazib, unda meksikalik Xose Estradani mag‘lubiyatga uchratgan. Ahmadaliyev esa 2022-yilning iyunida amerikalik Ronni Riosni mag‘lub etib, kamarlarini himoya qilgandi.
28 yoshli o‘zbekistonlik bokschi 2020-yil boshida Daniel Romanni mag‘lub etib, ikkita kamarga ega chiqqandi. Keyinchalik Murodjon Ryosuke Ivasa va Ronni Riosga qarshi janglarda kamarlarini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Izoh (0)