Amrillo Inoyatov sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tasdiqlanganidan bir kun o‘tib Toshkentdagi shifoxonalarga bordi va u yerdagi vaziyat bilan tanishdi.
Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, u 31-dekabr yarim tunda davolash muassasalaridagi bemorlar holidan xabar olib, tibbiyot xodimlari faoliyati bilan tanishdi.
“Shifoxonalardagi muammolarni kabinetda o‘tirib hal qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun tizim mas’ullarini joylarga jo‘natyapmiz. Har birimiz haqiqiy vaziyatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, o‘rganib, tahlil qilib, qisqa muddatda puxta yechim topish harakatidamiz, — deb qayd etgan vazir.
Amrillo Inoyatov 1979-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 2001-yilda Buxoro davlat tibbiyot institutini tamomlagan.
2022-yilning 30-dekabrida Behzod Musayev o‘rniga sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tasdiqlangandi. Tayinlovga qadar 2020-yil noyabr oyidan sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
Undan avval, 2020-yil iyul-noyabr oylarida prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.