Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Chorak asrdan ko‘proq mamlakatimiz bank-moliya va iqtisodiyotning real sektori uchun dolzarb bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislar tayyorlab kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi hozirgi vaqtda zamonaviy chorlovlarga javoban transformatsiya jarayonini shiddat va qat’iyat bilan amalga oshirmoqda.

Transformatsiya jarayonida Akademiya uchun ta’lim sifatini yaxshilash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etish mumkin.

Ayniqsa, zamonaviy xalqaro standartlarga mos keladigan oliy ta’lim tizimini rivojlantirish maqsadida Akademiya Yaponiya, Chexiya, Malayziya, Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi davlatlarning yetakchi ilmiy markazlari, oliy ta’lim muassasalari, moliya institutlari, davlat organlari va yirik korporatsiyalari bilan yaqindan hamkorlik qilishni keng yo‘lga qo‘ydi.

Yangi ta’lim dasturlari

Akademiya yaqin yillargacha bank-moliya tizimining o‘rta bo‘g‘in rahbarlari malakasini oshirish asosiy yo‘nalish sifatida qaralib kelingan edi. Hozirda bank va moliya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur strategiyani amalga oshirish jarayonida Akademiya oliy ta’limning bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha yangi ta’lim dasturlariga qabul e’lon qilindi.

— “Oxirgi 2-3 yildagi rivojlanish bosqichimizni transformatsion jarayon deb atash mumkin. Bu yil birinchi “qaldirg‘och”larimiz Bank ishi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tamomladi. Eng muhimi ular Akademiyani bitirgan zahoti ish joyini topdi. Buni tajriba sifatida sinadik va muvaffaqiyatli bo‘ldi. Bu tajribani hozircha sirtqi shaklda amalga oshirmoqchimiz. Shunda talabalarda ishdan ajramagan holda amaliy va nazariy bilimlarni bog‘lash imkoniyati oshadi. Kelasi o‘quv yilidan bakalavriat yo‘nalishlarining kunduzgi shaklidagi, bank ishi, buxgalteriya, moliya sohalariga mos bo‘lgan ta’lim xizmatlarini taqdim qilishni rejalashtirganmiz» – deb ma’lumot berdi oliy ta’lim muassasasi rektori Elmurod Hoshimov.

Akademiya o‘quv jarayonini takomillashtirishga qaratilgan faoliyati natijasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari soni 1 tadan 4 taga yetkazildi.

Bakalavriat bosqichiga qabul qilinganlar soni 9 nafardan 836 nafarga yetdi. Bunda Akademiya tomonidan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi hamda ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim dasturlarining taqdim etilgani muhim omil bo‘ldi.

Akademiya magistratura mutaxassisliklari tinglovchilari soni deyarli 2 barobarga oshdi. 2021-yilda tinglovchilar 416 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022-yilda 1016 nafarga yetdi. Akademiyada ta’lim oluvchi xotin-qizlar soni 48 nafardan 201 nafarga yetdi. Magistratura mutaxassisliklari soni 2021-yilda 2 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 8 taga yetkazildi.

— “Joriy o‘quv yilidan Akademiyada mashhur biznes dasturlaridan bo‘lgan MBA (Biznesni boshqarish – Master of Business Administration) dasturini joriy etdik. Biznes dasturi biznes sohasidagi boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha dunyoga mashhur hisoblanadi. Biz taklif etayotgan mazkur dasturda bank boshqaruvi, moliya va moliyaviy texnologiyalarga qaratilgan ixtisosliklar bor. Hozirda real sektorning rahbar xodimlarini tayyorlashga qaratilgan umumiy (General) dastur ham amalga oshirilmoqda. Dastur amaliy yo‘nalish bilan tuzilgan, turli amaliy stajirovkalarni qamrab olgan. Asosiy maqsad – tinglovchilar karyeraviy o‘sishlari uchun yangi ko‘nikmalarni shaklantirishdir.

Akademiyaning klassik an’anaviy brendi esa – Master of Science dasturidir. Bunda ta’limning bank, moliya, buxgalteriya va kapital bozori sohalarida tinglovchilarda ixtisoslashtirilgan, chuqurlashtirilgan bilim va ko‘nikmalar shakllantirishning amaliy jihatlariga ko‘proq urg‘u beriladi”, – deydi Elmurod Hoshimov.

Akademiyadagi ta’limning boshqa OTMlardan farqi nimada?

2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tasarrufiga o‘tkazildi. Bankning Akademiyadagi koordinatori Ulug‘bek Otamurodovning ta’kidlashicha, o‘quv yurtida nazariy bilimlarni amaliyotga tatbiq etishga kuchli e’tibor qaratiladi.

— “Akademiya boshqa oliy ta’lim muassasalaridan tubdan farq qiladi. Masalan, bizda amaliyot va nazariya uyg‘unlashtirilgan. Aksariyat tinglovchi yoki talabalar ham ishlab, ham ta’lim oladi. Qolaversa, akademiyada boshqaruv xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlashga ixtisoslashuv kuchli. Xorijiy oliy ta’lim muassasalari va moliya institutlari bilan hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi sababli ko‘plab tinglovchilarimiz xorijda amaliyot o‘tash va bilim o‘rganishga yuborilmoqda. O‘z navbatida chet eldagi hamkorlarimizning amaliyotchi mutaxassislari va yetakchi professor-o‘qituvchilari tomonidan seminar-treninglar, mahorat darslari tarzida o‘quv mashg‘ulotlari olib borilishi an’ana tusiga kirgan”.

Yaponiya, AQSH, Malayziya, Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Chexiya, Germaniya, Fransiya, Belgiya, Angliya va boshqa davlatlarning o‘nlab nufuzli oliy ta’lim muassasalari va moliya institutlari Akademiyaning ko‘p yillik hamkorlari hisoblanadi. Xususan, ta’lim dargohiga Yaponiya Moliya vazirligining Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari institutidan birinchi prorektor tayinlab kelinadi. Bu an’ana akademiya ochilgan – 1996-yildan beri davom etmoqda. Yaqinda institut vitse-prezidenti Minoru Nakamura O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasining birinchi prorektori sifatida faoliyat boshladi.

— “Xalqaro tajribaga ega xorijiy olimning boshqaruv jarayonida bevosita ishtirok etishi akademiyamizning kuchli tomonlaridan biri. Har yili yozda akademiyaning iqtidorli tinglovchilari Yaponiyaga malaka oshirish uchun yuboriladi. Bu kadrlarning nafaqat bilim, balki tajriba oshirishiga ham yordam beradi. So‘nggi 5 oy davomida 100 nafardan ortiq tinglovchilarimiz va professor-o‘qituvchilarimiz Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universiteti, International Islamic University Malaysia, Chexiyaning Yevropa amaliy bilimlar va menejment instituti kabi ta’lim muassasalarida tashkil etilgan seminar-treninglarda amaliy va nazariy bilimlarini boyitib qaytdilar” – deydi Elmurod Hoshimov.

O‘quv jarayonida Yaponiya Moliya vazirligi huzuridagi Iqtisodiy siyosat tadqiqotlari instituti, Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi (Germaniya), Handong Global University (Koreya Respublikasi), Yevropa amaliy bilimlar va menejment instituti (Chexiya)ning yetakchi professor-o‘qituvchilari va olimlarining sohaga doir eng global mavzular bo‘yicha ma’ruzalar bilan ishtirok etmoqda. Bundan tashqari Milliy bank bilan hamkorlikda “Gazprombank” AJning yetakchi mutaxassislari va Yevroosiyo raqobatbardoshlik instituti olimlari, Ozarboyjonning sobiq Madaniyat vaziri va boshqa xalqaro nufuzga ega mutaxassislarning ta’lim jarayoniga jalb qilinmoqda.

Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki rahbariyati tashabbusi bilan, 2021-yildan boshlab, akademiya o‘z tarixida birinchi marta Rossiyaning yetakchi oliy o‘quv yurti – Qozon (Volgabo‘yi) Federal universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlari (bakalavr, Iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishi) va magistratura (Moliyaviy tahlil mutaxassisligi)ni yo‘lga qo‘ydi.

Akademiya rahbariyati tomonidan olib borilgan muzokaralar natijasida Malayziya Shimoliy universiteti (University Utara Malaysia), Malayziya Xalqaro Islom universiteti (International Islamic University Malaysia), Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universiteti, Moskva davlat universiteti kabi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlashga kirishildi. Malayziya Xalqaro Islom universiteti (International Islamic University Malaysia) bilan professional qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etish borasida kelishuvlar amalga oshirildi.

Akademiyada professionallar dars beradi

Bank-moliya akademiyasi tashkil etilganiga 26 yil bo‘ldi. Shu davr mobaynida 6 ming nafarga yaqin magistrant, Malaka oshirish fakultetining 16 mingdan ortiq tinglovchilari o‘quv yurtini tamomladi.

2021-yilda Akademiyaning ilmiy salohiyati 43,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022-yilda 75 foizga yetdi.

Akademiyada 2022-yil IV chorak uchun mustaqil izlanuvchilikka (PhD/DSc) qabul jarayoni tashkil etilganini alohida qayd etib o‘tish zarur. Innovatsion rivojlanish vazirligi platformasi orqali kelib tushgan arizalar yuzasidan talabgorlar bilan suhbat tashkil etildi. Qabul komissiyasi xulosasiga ko‘ra, talabgorlardan 10 nafari mustaqil izlanuvchilikka qabul qilindi. Shuningdek, 2023-yil I chorak uchun ham tayanch doktorantura (PhD) va mustaqil izlanuvchilikka (PhD/DSc) talabgorlardan arizalar kelib tushgan bo‘lib, tayanch doktorantura uchun ariza topshirgan talabgorlar soni belgilangan kvotadan 3 barobar ko‘p bo‘lsa, mustaqil tadqiqotchilikka ariza topshirgan talabgorlar soni oldingi chorakka nisbatan qariyb 4 barobarga oshdi.

Ilmiy yo‘nalishda erishilgan eng katta yutuqlardan biri — Akademiya huzurida iqtisodiyot fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi DSc.09/31.08.2022.I.151.01 Ilmiy kengash tashkil etilganligi bo‘ldi. Endilikda Akademiyada 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”, 08.00.08 – “Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit” va 08.00.16 – “Raqamli iqtisodiyot va xalqaro raqamli integratsiya” ixtisosliklari bo‘yicha fan doktori dissertatsiyalari himoyasi o‘tkaziladi.

Akademiyaning eng muhim maqsadlardan biri – bakalavriat, magistratura, oliy va undan keyingi ta’lim bosqichlarini qamrab olishdir. Bu bir ta’lim tizimida talabalarni uzluksiz o‘qitish va malakali kadr bo‘lib yetishishlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Hozirda tuzilayotgan yangi jamoaga, har bir kafedra uchun 2 nafardan, ixtisoslik fanlari bo‘yicha ingliz tilida dars bera oladigan o‘qituvchilar ishga qabul qilinmoqda.

Rivojlanish strategiyasiga asosan 2023-yilda Xalqaro AMBA akkreditatsiyasini olish uchun bosqichma-bosqich tayyorlanish rejasini ishlab chiqdi. Unga asosan professor-o‘qituvchilarning pedagogik va kasbiy-amaliy tajribasini oshirish hamda o‘quv rejasining mazmuni va sifatini xalqaro darajaga ko‘tarish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirib borilayapti.

Bank-moliya akademiyasida mavjud ta’lim yo‘nalishlari va dasturlari

Magistratura dasturlari:

Biznesni boshqarish – Master of Business Administration (MVA). Mazkur magistratura dasturida uchta ixtisoslashuv yo‘nalishi mavjud: MVA Banking, MVA Finance & FinTech va MVA General.

Fan magistri – Master of Sciyence – MSc. Mazkur dastur quyidagi magistratura mutaxassisliklarini qamrab oladi:

• 70410901 – Kapital bozori va birja ishi;

• 70412201 – Davlat moliyaviy nazorati va auditi;

• 70412203 – Iqtisodiyotni monetar tartibga solish;

• 70412205 – Bank hisobi, auditi va nazorati;

• 70412206 – Sug‘urta kompaniyalarini boshqarish;

• 70412207 – Pensiya fondlarini boshqarish.

Dasturlarni amalga oshirish shartlari haqida qisqacha ma’lumot:

O‘qish davomiyligi:

• MVA dasturi uchun — 2 yil;

• MSc dasturi uchun – 14 oy.

O‘qish shakli kunduzgi va sirtqi bo‘lib, talabalarga o‘zbek, rus va ingliz tillarida dars beriladi.

Kirish uchun zaruriy shartlar:

• Oliy ma’lumotga egalik;

• Oliy ta’limni tugatgach, kamida 3 yillik ish staji mavjudligi (MVA dasturi uchun).

Bakalavriat dasturlari:

• 60410500 – Bank ishi va auditi;

• 60410400 – Moliya va moliyaviy texnologiyalar;

• 60410100 – Buxgalteriya hisobi va audit (tarmoqlar bo‘yicha);

• 60310100 – Iqtisodiyot (soha va tarmoqlar bo‘yicha).

Dasturni amalga oshirish shartlari haqida qisqacha

Bakalavriat dasturining o‘qish shakli kunduzgi va sirtqi bo‘lib, talabalar o‘zbek va rus tillarida tahsil oladilar.

Magistratura va bakalavriat dasturlarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirganlarga “magistr” yoki “bakalavr” akademik darajasi hamda belgilangan namunadagi diplom beriladi.

Bugungi kunda Akademiyada – Boshqaruv kadrlarini tayyorlash, Sirtqi ta’lim, Qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, Kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish fakultetlari mavjud. Ularning negizida yettita kafedra bor.

Reklama huquqi asosida.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Oʻzbekiston energetikasi: ortayotgan talab, taqchillik va koʻrilayotgan choralar haqida
Dunyo
Qirg‘izistonda 9 kishida “Seftriakson”ga allergik reaksiya kuzatildi, bir kishi vafot etdi
Mahalliy
Besh yilda 218 mingdan koʻproq xonadon. Oʻzbekistonda uy-joy muammosi qanday hal etilmoqda?