Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

30-noyabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan DNK namunalari orqali aniqlangan AQSH tarixidagi eng qonxo‘r qotil, rasman yakunlangan “Sahrodagi bo‘ron” operatsiyasi hamda Gretsiya—Italiya urushi nogironlarining otib tashlanishiga oid faktlar o‘rin olgan.

DNK namunalari orqali aniqlangan seriyali qotil

2001-yil 30-noyabr kuni AQSH tarixidagi eng qonxo‘r seriyali qotil Geri Ridjuey DNK tahlili natijasida hibsga olingan edi. U 1980-yillar boshidan 1998-yilga qadar yosh ayollar va qizlarga nisbatan dahshatli jinoyatlarni sodir etgan.

Foto: Timetoast

Foto: Timetoast

Manyak qurbon sifatida asosan yengil tabiatli ayollarni tanlagan, ular bilan jinsiy aloqa o‘rnatib, keyin bo‘g‘gan — avvaliga quruq qo‘llari bilan, keyin esa arqon bilan. Seriyali qotil kiyim-kechak va taqinchoqlarsiz yalang‘och ayollarning jasadini Grin-River daryosi qirg‘og‘iga qoldirib ketgan. Shunga qaramay, 2001-yilning kuzida qo‘lga olingan. Geri Ridjuey 71 kishini o‘ldirganini tan olgan, biroq politsiya ularning 49 tasini isbotlab bera olgan.

Geri Yuta shtatidagi Solt-Leyk-Siti shahrida 1949-yil fevralda dunyoga kelgan. Gerining bolaligi onasining xarakteri og‘irligi uchun qiyin kechgan. Shu sababli bo‘lajak manyak oilaviy mojarolarni kuzatishga tez-tez majbur bo‘lgan. Keyinroq Geri Ridjuey onasiga nisbatan nafratni his qila boshlagan.

Maktabda o‘qish davrida Geri alohida bilimi bilan ajralib turmagan. Bundan tashqari, uning sinfdoshlarini aksariyati Geri ancha yopiq yigit bo‘lganini ta’kidlagan. 16 yoshi u 6-sinf o‘quvchisiga pichoq bilan shikast yetkazgan. Bu ishni Geri kimnidir o‘ldirishni xohlab qolgani sabab amalga oshirgan.

Yuqori sinfga o‘tgach, manyak ko‘ngilli sifatida flotga yozilgan. Armiyadagi xizmatini Vyetnamda o‘tab, jangovar harakatlari ishtirok etgan. Ikki marta oila qurgan va ikkisida ham ajrashgan. Xotinlaridan biri 1975-yilda o‘g‘il farzand dunyoga keltirgan va u hozirda San-Diyegoda dengiz piyodasi sifatida xizmat qilmoqda.

1982-yildan 1998-yilga qadar manyak 49 kishini zo‘rlab, o‘ldirgan. Politsiya aynan shuncha jinoyatni isbotlab berishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: Timetoast

Foto: Timetoast

Ridjuey o‘z jinoyatlarini Vashingtondagi Takoma va Sietl shaharlarida amalga oshirgan. Bu asosan 1980/90-yillarning yoz oylarida sodir bo‘lgan. Qotil o‘z qurbonlarini asosan yo‘l bo‘yida turuvchi yengil tabiatli ayollar orasidan qidirgan. O‘ldirgan ayollarini yalang‘och va taqinchoqlarsiz Grin-River daryosi bo‘yiga tashlab ketgani uchun “Grin-riverlik qotil” laqabini olgan. Geri ayollarni o‘z uyida, mashina yoki odam yo‘q joylarda o‘ldirgan.

Geri o‘g‘lining surati yordamida ayollarning ishonchiga kirib olgan. Keyin esa ularni o‘ziga rom etib, qo‘llari bilan bo‘g‘gan. Qurbonlarning aksariyati qattiq qarshilik ko‘rsatgan. Qo‘llarida qolgan chandiqlar sabab e’tiborga tushib qolmaslik uchun u arqondan foydalanishni boshlagan. Erkak politsiyani o‘z ta’qibidan adashtirish uchun turli usullardan foydalangan. Hatto qurbonlari jasadlarini nafaqat daryo, balki o‘rmonga ham tashlab ketishni boshlagan.

1983-yilda yengiltak ayollardan biri politsiyaga Geri bilan jinsiy aloqa vaqtida erkak uni bo‘g‘ishga uringanini so‘zlab bergan. Ayol qattiq qarshilik ko‘rsatib, qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan. 1984-yilda manyak so‘roq qilingan va poligraf testidan to‘g‘ri o‘tgan. Bu esa uni gumonlanuvchilar qatoridan chiqarishga sabab bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, 1987-yilda uning soch va so‘laklari tadqiqot uchun olingan. O‘tkazilgan tahlillar politsiyaga keyingi tergovlarida qo‘l kelgan.

Foto: Timetoast

Foto: Timetoast

1985-yilda manyak bir qiz bilan uchrashishni boshlagan va uch yildan keyin unga uylangan. Keyinchalik u jurnalistlarda turmush o‘rtog‘i asosiy vaqtini uydan tashqarida o‘tkazganini so‘zlab bergan. Buni u ishda qo‘shimcha yuklamalar olgani bilan izohlab kelgan. Ridjueyning o‘zi jurnalistlarga bo‘lajak xotinini uchratganidan keyin vahshiy jinoyatlarni amalga oshirishga bo‘lgan ishtiyoqi biroz so‘nganini aytgan.

Seriyali qotil politsiya tomonidan 2001-yil 30-noyabr kuni hibsga olingan. Bunga undan olingan namunalar DNK ekspertizasida qotilga tegishli ekanini ko‘rsatgani sabab bo‘lgan.

Foto: Timetoast

Foto: Timetoast

Avvaliga Geri faqat to‘rtta qotillik ishi bo‘yicha ayblangan. Ko‘p o‘tmay ro‘yxatga yana uch nafar ayol qo‘shilgan. Geri qo‘lga olinganidan ikki yil o‘tib, unga 48 kishini o‘ldirish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Bu manyakni o‘lim jazosiga hukm qilish uchun yetarli edi, shunga qaramay hukumat qonxo‘r qotil bilan murosaga borgan. Chunki Geri umrbod qamoq jazosi evaziga qolgan qurbonlarning jasadlari qayerlarga ko‘milganini aytib bergan.

AQSH tarixidagi eng vahshiy manyak ozod etilish imkoniyatisiz 48 karra umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan.

Rasman yakunlangan “Sahrodagi bo‘ron” operatsiyasi

1991-yilning 17-yanvar kuni AQSH boshchiligidagi Iroqqa qarshi koalitsiya “Sahrodagi bo‘ron” operatsiyasini boshlagan bo‘lib, u 1995-yilning 30-noyabr kuni rasman yakunlangan edi.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

1990-yilning yozida Iroq va Kuvayt o‘rtasidagi munosabatlar neft narxi atrofidagi mojarolar sabab keskinlashgan. 1990-yil 30-may kuni Arab davlatlari sammitida Iroq yetakchisi Saddam Husayn Fors ko‘rfazidagi ayrim davlatlar “OPEK” belgilaganidan ortiq neft qazib olishni boshlaganini, bu o‘z navbatida bir barrel neft narxining 7 dollargacha tushib ketishiga sabab bo‘lganini ma’lum qilgan. Saddam Husayn har bir barrel neft narxining bir dollarga arzonlashuvi sabab Iroq yiliga 1 milliard dollar yo‘qotayotganini ta’kidlagan. Uning fikricha, bu Iroq iqtisodiy sharoitida “urush ochish” edi. O‘sha uchrashuvda Saddam gap qaysi arab davlatlari haqida ketayotganini aniq aytmagan.

15-iyul kuni Iroq tashqi ishlar vaziri Tariq Aziz Arab Ligasi davlatlarining bosh kotibiga 37 sahifadan iborat memorandumni yuborgan bo‘lib, unda Kuvayt va BAA neftni ortiqcha ishlab chiqarishda ayblangan. Bundan tashqari, hujjatda Iroqning Kuvaytga qarshi boshqa e’tirozlari ham keltirilgan.

1990-yilning 17-iyul kuni Saddam Husayn bayonot bilan chiqib, Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari neft narxini nazoratda ushlash maqsadida Iroqqa qarshi fitna uyushtirayotganini bildirgan. Ertasi kuni Husayn yana Kuvaytni Rumayladagi kondan noqonuniy neft qazib olishda ayblagan va Iroq—Kuvayt chegarasiga o‘z harbiylarini joylashtirgan. O‘z navbatida Kuvayt Iroqni chegaraoldi hududlarni egallab olish va neft maydonlarining biridan noqonuniy foydalanishda ayblagan.

24-iyul kuni Misr prezidenti Husni Muborak o‘rtadagi vositachi sifatida Kuvayt, Iroq, Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgan va 25-iyul kuni Iroq va Kuvayt muzokaralar stoliga o‘tirishga rozi bo‘lganini ma’lum qilgan. Muzokara rozi bo‘lgan Iroq kuch ishlatmaslik talabidan voz kechmagan. 24-iyul kuni Kuvayt bilan janubiy chegaralarga 30 ming harbiy xizmatchi va 200 ta tank joylashtirilgan, bir haftadan keyin bu yerdagi iroqlik harbiylar soni 100 mingga yetgan.

1990-yil 2-avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 02:00 da Iroq Kuvaytga bostirib kirgan. Hujum vaqtida Iroq qo‘shinlarining soni 120 ming kishi va 350 ta tankdan iborat bo‘lgan. Kun yakuniga qadar Kuvaytning deyarli butun hududi Iroq nazorati ostiga o‘tgan. Mamlakatdagi 950 ta neft quduqlarining 600 ga yaqini iroqliklar tomonidan yoqib yuborilgan, shuningdek, neft quvurlari, neft nasoslari, neft terminallari, neftni qayta ishlovchi asosiy majmualarga zarar yetkazilgan.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Egallab olingan Kuvayt boshqaruvi Bag‘dod tarafdori polkovnik Ala Husayn Aliga topshirilgan — u “Kuvaytning ozod muvaqqat hukumati” harakati rahbari edi. 8-avgust kuni ushbu harakat Saddam Husaynga murojaat yuborgan: “Kuvayt o‘z vatani — buyuk Iroq tarkibiga qaytishi kerak”. Ushbu “iltimos” qanoatlantirilgan, Iroq Kuvaytni o‘ziga 19-viloyat sifatida qo‘shib olganini e’lon qilgan.

1991-yil 15-yanvar kuni AQSH prezidenti Jorj Bush “agarda so‘nggi daqiqalarda diplomatik o‘zgarish sodir bo‘lmasa” Iroqqa zarbalarni berish bo‘yicha direktivani imzolagan. Ertasi kuni Vashington vaqti bilan soat 19:00 “Sahrodagi bo‘ron” operatsiyasi boshlangan. Uning maqsadi BMT Xavfsizlik kengashining 678-sonli rezolyutsiyasi orqali belgilab berilgan bo‘lib, Iroq harbiylarini Kuvaytdan chiqarib yuborish bo‘lgan.

AQSH asosiy e’tiborni havo hujumiga qaratgan, bu orqali Iroqning urushni davom ettirish imkoniyati to‘xtatilishi kerak edi. Keng ko‘lamli quruqlikdagi janglarni o‘tkazish rejalashtirilmagan, biroq shu kabi holat ham ko‘zda tutilgandi. AQSH va uning ittifoqchilari 600 mingga yaqin harbiy, 4 ming tank, 3,7 ming dala artilleriya qurollari, 2 mingga yaqin samolyot va 100 dan ortiq kemani Iroq chegarasida joylashtirgan. Ushbu kuchlarning 80 foizi AQSHga tegishli edi. Ular yuqori aniqlikda nishonlarni ishg‘ol etuvchi zamonaviy tizimlar bilan jihozlangan.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

“Sahrodagi bo‘ron” operatsiyasi 41 kun davom etgan va u o‘z ichiga havodan hujum (17-yanvardan 23-fevralgacha) va havo-yerdan operatsiyalarini (24-28-fevral kunlari) olgan. 17-yanvar kuni MHC aviatsiyasi Iroq va Kuvayt hududidagi obyektlarga kutilmagan hujumni amalga oshirgan. Dastlabki uch sutka davomida boshqaruv punktlariga, havo hujumidan mudofaa tizimlari, tezkor-taktik raketalar pozitsiyalari, aviabazalar, yadroviy va kimyoviy obyektlariga zarbalar berilgan.

1991-yilning 28-fevral tongida AQSH tashabbusi bilan harbiy harakatlar to‘xtatilgan, 6-mart kuni esa tinchlik bitimi imzolangan.

Fors ko‘rfazi zonasidagi urush davomida Iroqqa qarshi birlashgan koalitsiya o‘z oldiga qo‘ygan strategik maqsad — Kuvaytni Iroq qo‘shinlaridan ozod etib, uning suverenitetini qayta tiklashga muvaffaq bo‘lgan. Ammo Saddam Husayn rejimi va Iroqning harbiy potensiali saqlanib qolgan.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

G‘arb mutaxassislarining baholashicha, urush davomida Iroq qo‘shinlarining 60 ming askari halok bo‘lgan, yaralangan va asirga tushgan, 3,8 ming tank, 1,4 ming “BTR” va “BMP”, 2,9 ming qurol va 360 ta samolyotidan ayrilgan. Koalitsiya kuchlarining esa 300 nafar askari o‘ldirilgan, 600 dan ortig‘i yaralangan va 50 kishi bedarak yo‘qolgan. Shuningdek, 69 ta jangovar samolyot va 28 ta vertolyot yo‘q qilingan.

Tinch aholi orasida esa halok bo‘lganlar soni 100—200 mingni tashkil etgan. Iroqdagi 85 foizga yaqin sanoat korxonalari yakson bo‘lgan. Urush harakatlari oqibatida Iroqning neftni qazib olish korxonalari jiddiy zarar ko‘rgan. 1990-yilda ishlab turgan 820 ta quduqdan 58 ta qolgandi.

Gretsiya—Italiya urushi nogironlarining otib tashlanishi

1943-yil 30-noyabr kuni Afinada grek—italyan urushining 283 nafar nogironi otib tashlangan edi. Aksiya bosqinchi Germaniya hukumati tomonidan mahalliy kollaboratsionistlar hamkorligida amalga oshirilgan. Qatl yunon qarshiliklariga qarshi kurash doirasida amalga oshirilgan “nogironlar qirg‘ini”ning eng yuqori cho‘qqisiga aylangan.

Foto: Waralbum

Foto: Waralbum

1940-yilning 28-oktabr kuni fashistlar Italiyasi Gretsiya Albaniya hududi orqali bostirib kirgan. Greklar armiyasi hujumni qaytargan va harbiy harakatlarni Albaniya hududiga ko‘chirgan. Bu anftifashist koalitsiya davlatlarining birinchi g‘alabasi edi.

1941-yil martda Italiya armiyasi Albaniyaga yana bir hujum uyushtirgan, biroq mutlaq omadsizlikka uchragan. Bu esa Germaniyaning o‘z ittifoqchisiga yordam berishga majbur etgan. Germaniyaning Gretsiayga bosqini o‘sha yilning 6-aprel kuni boshlangan. Oradan uch kun o‘tgach, greklar armiyasi ikkiga ajratib yuborilgan — Sharqiy Makedoniyadagi diviziyalar guruhi qolgan kuchlardan izolyatsiyada qolgan.

Shunga qaramay, greklar taslim bo‘lishni istamagan va bu orqali nemislarning hurmatini qozongan. G‘alabaga erishilganidan keyin nemis general-feldmarshali Vilgelm List harbiylarni asirga olishni istamasdan grek armiyasi qurol va o‘q-dorilarini topshirib, harbiy bayroqlarini o‘zlarida qoldirgan holda pozitsiyani tak etishi mumkinligini ma’lum qilgan. U hatto o‘z askar va ofitserlariga grek askarlariga “chest berishni” buyurgan.

Nemislar Afinaga kirib kelgan vaqtda poytaxt gospitallarida 15 mingga yaqin urush nogironlari davolanayotgan edi. Ularning aksariyati yaralangan, ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan, biroq katta qismining oyoqlari Albaniya tog‘larida 1940—1941-yillar sodir bo‘lgan urushda muzlab qolishi oqibatida kesib tashlangandi.

Foto: Waralbum

Foto: Waralbum

Urushda halok bo‘lgan birodarlari xotirasiga va greklarning italyanlar ustidan g‘alabasini nishonlash maqsadida 2 ming nogiron afinalik talabalar bilan birga Noma’lum askar qabriga gulchambar qo‘yadi. Aksiya bosqinchi nemis rasmiylari uchun kutilmagan zarba bo‘lgan va italyanlarning noroziligini keltirib chiqargan. 1942-yil 25-mart kuni nogironlar ommaviy, biroq bosqinchi davlat hukumati tomonidan nishonlash taqiqlangan Gretsiya inqilobi kuni nishonlagan.

Rigas Fereos va Eummanuil Ksantos qabriga gulchambar qo‘yish vaqtida nogironlar italyan otliq karabinerlari hujumiga uchragan. Ularning bir qismi halok bo‘lgan va yaralangan. 1942-yil 28-oktabr kuni grek—italyan urushi boshlanishining qayta nishonlanishi bu safar nemis motoo‘qchilari va italyan mototsiklchilari tomonidan bostirilgan. 1943-yil 23-fevraldan boshlab butun Gretsiyada fuqarolik safarbarligi va Germaniyaga 90 ming grek ishchisini yuborish talabiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazilgan.

Namoyishlarning kulminatsiyasi 7-mart kuni Afinada yuz bergan — o‘shanda 300 ming afinalik ko‘chalarga chiqib, nemis va italyanlar bilan to‘qnashgan, Mehnat vazirligi binosini egallab olib, u yerdagi ro‘yxatlarni yoqib yuborgan. To‘qnashuvlar oqibatida 46 nafar namoyishchi o‘ldirilgan, yuzlab odam yaralangan, biroq safarbarlik barbod qilingan.

Foto: Waralbum

Foto: Waralbum

Bosqinchi hukumat nogironlar bilan bog‘liq muammolarga nuqta qo‘yishga qaror qiladi. 1943-yil 30-noyabr kuni soat 02:00 da “Nogironlar qirg‘ini” boshlangan. Operatsiyaga Varshava gettosini bostirish orqali “tanilgan” general Yurgan Shtrop boshchilik qilgan. Gospitallar joylashgan dahalar “xavfsizlik batalyonlari” tomonidan qurshovga olingan. Nogironlar shifoxonalardan chiqarilib, protezlari sindirilgan, tibbiyot xodimlari kaltaklangan. Hodisa joyida o‘ldirilgan nogironlar haqida ma’lumotlar yo‘q, biroq ularning 1,7 ming nafari “Xadzikostas” qamoqxonasiga olib kelingan va u yerda 283 kishi otib tashlangan. Shundan keyin yana ikki nafar nogiron qamoqxona kameralarida otib o‘ldirilgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Abdulla Aripov Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni partiya kotibi bilan uchrashdi
Turkmaniston
Turkmaniston Arqadag‘ shahri loyihasini BMT Bosh assambleyasida taqdim etadi
Kripto
Bir haftada Binance kriptobirjasidan 2 mlrd dollardan oshiq mablag‘ chiqib ketdi