Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Shavkat Mirziyoyev 10-oktabr kuni elektromobil tarmog‘ini rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishgan edi. Unda berilgan topshiriqlar asosida elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etish, quvvatlash stansiyalarini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar tayyorlandi. Prezident huzurida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda ushbu takliflar muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mutasaddilar tarmoqda ishlab chiqarishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash zarurligi haqida fikr bildirdi. Jumladan, respublikada ishlab chiqarilgan elektromobillarni utilizatsiya yig‘imidan, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, jihozlari, xomashyo materiallarini bojxona bojidan ozod etish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayoni to‘liq yo‘lga qo‘yilguncha investorlarga muayyan miqdordagi elektromobillarni imtiyozli shartlar asosida olib kirishga ruxsat berish taklif etilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari avvalgi taqdimotda aholi o‘rtasida elektromobillar ommalashishi uchun uning xaridini rag‘batlantirish zarurligini aytgan edi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston elektromobillarini sotib olish uchun olinadigan kredit foizlarining ma’lum bir qismi davlat tomonidan qoplab berilishi ko‘zda tutilmoqda. 2023-2025-yillarda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar va davlat ulushi 50 foizdan ko‘p bo‘lgan korxonalarning elektromobillar xarid qilishi ham qo‘llab-quvvatlanadi. Elektromobillarda yo‘lovchi tashish xizmati ko‘rsatuvchi shaxslarga litsenziya uchun davlat boji to‘lashda yengillik beriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

Elektromobil ishlab chiqarish uchun kerakli xomashyolardan biri mis bo‘lib, O‘zbekistonda mis klasterlari tashkil etilmoqda. Bundan foydalanib, ushbu klasterlarda elektromobillar va quvvatlash stansiyalari uchun butlovchi qismlar tayyorlanadi.

Kadrlar masalasi ham juda muhim. Shu bois Turin politexnika universiteti huzurida Elektromobillar va ularning infratuzilmasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etish, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislarni rivojlangan davlatlarga malaka oshirishga yuborish rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda mutasaddilar ushbu chora-tadbirlar natijasida respublikada yiliga 15-25 mingta elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkinligini qayd etdi.

Davlat rahbari bu yo‘nalish avtomobilsozlikda raqobat yaratishi kerakligini ta’kidladi. Berilayotgan imkoniyatlarni sohaga qiziqish bildirgan ishbilarmonlar bilan muhokama qilib, ularning fikr va takliflari asosida imtiyozlarni yanada kengaytirish, tarmoqqa tadbirkorlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga elektromobillar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga doir: “Buni qancha tez qilsak, avtomobil bozorida raqobat paydo bo‘ladi”. Shavkat Mirziyoyev elektromobil tarmog‘ini tezlik bilan rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
Iskandarov — eng yaxshi futbolchi, Kapadze — eng yaxshi murabbiy. O‘zbek futbolida 2022-yilning eng yaxshilari aniqlangan marosimdan fotoreportaj
Madaniyat
Farzandidan ayrilgan, 3 soat uxlagan, hojatxonada farroshlik qilgan: muvaffaqiyatga erishish yo‘lida turli qiyinchiliklardan o‘tgan yulduzlar (foto)
Mahalliy
“Sirdaryoda bir so‘m ham o‘g‘irlanmaydigan, korrupsiyasiz tizim yaratilishi kerak” — Sardor Umurzoqov