O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov internetdan foydalanish bo‘yicha so‘nggi asr ulamolari fikrlari, diniy nuqtayi nazardan undan foydalanish qoidalari haqida ma’lumot berdi.
“Bugungi kundagi eng katta ne’matlardan bittasi — internet. Lekin hamma ne’matdan noto‘g‘ri foydalanish — ofat, balo. Ulamolar aytadilarki, internet go‘yoki bir pichoq. Oshpazning qo‘liga tushsa, taom pishiradi. Yomon odamning qo‘liga tushsa, jinoyat sodir etadi”, — muftiy Nuriddin Xoliqnazarov.
“Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vassallamning bir buyuk hadislari internetdan foydalanuvchi hammaga dastur bo‘ladi. U zot aytganlar: Inson bolasi borki, qiyomatda quyidagi narsalardan so‘ralmasdan turib, bir qadam ham bosolmaydi: umrini nimaga sarflagani, o‘rgangan ilmiga qay darajada amal qilgani, molini qayerdan topib, qayerga sarflagani”, — deydi muftiy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining ta’kidlashicha, Internet hech qachon ustoz bo‘lolmaydi. Ayniqsa, diniy mavzuda.
Hozir hammaning o‘z “shayx”i bor. Google degan. Nima bo‘lsa, o‘shanga yozadi, bo‘ldi. O‘shaning aytgani aytgan. U yozilgan narsaning tahlili yo‘q, kim aytdi, qaysi mazhab vakili u, bu aytganlari kimga to‘g‘ri keladi — buning qizig‘i yo‘q. Yozyapmiz, javobi chiqsa, mana shu to‘g‘ri deb o‘ylayapmiz”, — deya fikr bildirdi muftiy.
Nuriddin Xoliqnazarov, shuningdek, internetdagi o‘yinlarga mukkasidan ketishdan qaytardi.
Izoh (0)