Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

“Daryo” nashri 24-noyabrda O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni e’tiboringizga havola etadi.

Rossiyada boshqaruv yo‘qolib, tartibsizlik yuzaga kelishi aytilmoqda

Ukrainadagi to‘qqiz oylik urushdan so‘ng mamlakat davlatchiligi va o‘ziga xosligi har qachongidan kuchaydi. Rossiya esa, aksincha, chegaralari nazoratsiz, xususiy harbiy tuzilmalarga tayangan va aholisi qochqin muvaffaqiyatsiz davlatga aylanib bormoqda — bular mamlakatdagi vaziyatni nazorat qilib bo‘lmaydigan holga soladi, deb yozmoqda The Economist jurnali siyosiy mutaxassislarga tayanib.

G‘arb yetakchilarining Ukraina Rossiya agressiyasiga qarshi tura olishiga ishonchi ortdi, biroq ayni paytda Rossiyaning urushdan omon qolishi bo‘yicha xavotir kuchaymoqda, deb yozgan nashr muharriri Arkadiy Ostrovskiy maqolada.

Jurnalda keltirilgan muvaffaqiyatsiz davlatning birinchi belgisi — aniq chegaralarning yo‘qligi. 2022-yilning sentabr oyida Ukrainaning to‘rt viloyati anneksiya qilinishi Rossiyani chegaralari noaniq va nazoratsiz davlatga aylantira boshladi, deyiladi maqolada.

Siyosatshunos Yekaterina Shulman vaziyatga shunda izoh beradi. “Bilishimizcha, Rossiya Federatsiyasi o‘zini o‘zi yo‘q qilmoqda va muvaffaqiyatsiz davlat bosqichiga o‘tmoqda”. Siyosatshunos, shuningdek, Ukraina viloyatlarining anneksiya qilinishi mamlakat ichidagi “muammoli hududlar”, jumladan, Shimoliy Kavkaz respublikalariga qo‘l kelishi mumkinligini aytdi, deb yozadi gazeta.

The Economist nashrining yozishicha, muvaffaqiyatsiz davlatga xos yana bir belgi — jismoniy kuchlar ustidan davlat monopoliyasining yo‘qolishi va safarbarlikka chaqiruv. “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi va Checheniston rahbari Ramzan Qodirov nazorati ostidagi kuchlarning harakatlari shundan dalolat beradi. Jurnalning ta’kidlashicha, hatto Rossiya davlat xavfsizlik idoralari ham o‘z manfaatlari uchun ishlamoqda.

Bundan tashqari, Kreml endi mamlakat aholisi xavfsizligining kafolati bo‘la olmaydi, safarbarlik e’lon qilish orqali hatto uning o‘zi asosiy xavf manbayiga aylanmoqda, deyilgan The Economist maqolasida.

Zelenskiy navbatdan tashqari yig'ilishda Rossiyaning energetika terrorini to'xtatishga chaqirdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashining shoshilinch chaqirilgan navbatdan tashqari yig‘ilishida Rossiyaning energetika terrorini to‘xtatishga chaqirdi va BMT ekspertlarini Ukrainaning muhim infratuzilma obyektlarini kelib tekshirishga taklif qildi. 23-noyabr kuni Ukraina elektr ta’minotida katta uzilishlar yuz berib, aholining aksariyati elektrsiz qolgan.

Bundan tashqari, Ukraina prezidenti Rossiyani BMT Xavfsizlik kengashida veto huquqidan mahrum etishni taklif qildi.

23-noyabr kuni Rossiya Kiyev va Ukrainaning qator viloyatlariga yangi raketa zarbalarini berdi. Ukraina Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘qqa tutilishlar sabab barcha atom elektr stansiyalari hamda Ukrainaning aksariyat issiqlik elektr stansiyalari va gidroelektr stansiyalari o‘chirilgan.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak mamlakatda elektr ta’minotidagi uzilishlar bir necha hafta davom etishi mumkinligini aytgan.

Rossiya Ukrainada kimyoviy qurol qo'llashi mumkinligi nimani anglatadi?

AQSH Rossiyaning Ukrainaga qarshi kimyoviy qurol qo‘llashi mumkinligidan xavotirlanmoqda. Agar Rossiya qo‘shinlari o‘z pozitsiyalarini yo‘qotishda davom etsa, bu ssenariy yuz berishi mumkin deb xabar bermoqda Politico amerikalik amaldorlarga tayanib.

AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining bir qancha mulozimlari Rossiya yadro qurolidan foydalanishga urinishdan oldin kimyoviy qurolga murojaat qilishi mumkin, deb hisoblamoqda.Bu ehtimolni ko‘rsatadigan birorta razvedka ma’lumotlari yo‘qligiga qaramay, agar jang maydonida yo‘qotishlar davom etsa yoki Rossiya armiyasi butunlay qulasa, Kreml kimyoviy moddalardan foydalanishga urinishi mumkin, deb hisoblashmoqda rasmiylar.

“Siyosatchilar va mutaxassislarning ta’kidlashicha, Moskva bir vaqtning o‘zida bir yoki ikki kishiga qarshi ‘Novichok’ — nervlar falajiga olib keladigan zaharni qo‘llagani ma’lum bo‘lsa-da, ba’zi kimyoviy moddalar ommaviy qo‘llanishi mumkin. Misol uchun, ayrim moddalar aerozolga aylantirilishi yoki yirik guruhga zarar yetkazish uchun o‘q-dorilar bilan ishlatilishi mumkin”, — deyiladi gazeta xabarida.

AQSH anchadan buyon Rossiya kimyoviy qurol salohiyatiga sarmoya kiritayotganidan xabardor. Rasmiylar Kreml “jangning noan’anaviy usullari”ga murojaat qilishi mumkinligidan xavotirda.Shu bilan birga, bunday xavotirlar Oq uyni ehtimoliy kimyoviy hujumni aniqlash va unga tayyorgarlik ko‘rish tizimini takomillashtirishga undamoqda.

O‘zbekiston konstitutsiyasiga kiritiladigan yangi moddalar kimlarning taklifiga ko‘ra ishlab chiqilmoqda?

O‘zbekiston konstitutsiyasiga 15 ta yangi modda va 1 ta yangi bob kiritilishi kutilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov ma’lum qildi. Uning bildirishicha, konstitutsiyaning 76 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan birga, 15 ta yangi modda va 1 ta yangi bob kiritilmoqda. Loyihada fuqarolar tomonidan taqdim qilingan 160 mingga yaqin takliflardan ham keng foydalanilgan.

Ayni paytda “Milliy tiklanish” va O‘zLiDeP partiya fraksiyalari qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi muhokamasiga kiritish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Deputat Odiljon Tojiyeving ma’lum qilishicha, mazkur masala Qonunchilik palatasining Yalpi majlisida ko‘rib chiqiladi. U qonun loyihasining umumxalq muhokamasi 2 oydan ko‘p vaqt mobaynida aholining barcha qatlamlarini qamrab olgan holda, ochiqlik va oshkoralik prinsiplari asosida tashkil etilganini qayd etib o‘tgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
“Daryo” kundaligida 30-noyabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Mahalliy
Huquq faoli Nukus voqealarida gumonlanayotganlar qiynoqqa solinmaganini aytmoqda
Mahalliy
Kontrabanda sigaretalar ko‘proq qaysi viloyatlar chegaralaridan olib o‘tilmoqda? Bojxonachi javob berdi