Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Ukrainadagi to‘qqiz oylik urushdan so‘ng mamlakat davlatchiligi va o‘ziga xosligi har qachongidan kuchaydi. Rossiya esa, aksincha, chegaralari nazoratsiz, xususiy harbiy tuzilmalarga tayangan va aholisi qochqin muvaffaqiyatsiz davlatga aylanib bormoqda — bular mamlakatdagi vaziyatni nazorat qilib bo‘lmaydigan holga soladi, deb yozmoqda The Economist jurnali siyosiy mutaxassislarga tayanib.

Foto: “Vyatka-na seti”

Foto: “Vyatka-na seti”

G‘arb yetakchilarining Ukraina Rossiya agressiyasiga qarshi tura olishiga ishonchi ortdi, biroq ayni paytda Rossiyaning urushdan omon qolishi bo‘yicha xavotir kuchaymoqda, deb yozgan The Economist muharriri Arkadiy Ostrovskiy maqolada.

Jurnalda keltirilgan muvaffaqiyatsiz davlatning birinchi belgisi — aniq chegaralarning yo‘qligi. 2022-yilning sentabr oyida Ukrainaning to‘rt viloyati anneksiya qilinishi Rossiyani chegaralari noaniq va nazoratsiz davlatga aylantira boshladi, deyiladi The Economist maqolasida. Bu Rossiya hukumati o‘z vazifalarini to‘liq bajara olmayotganidan dalolat berishi mumkin, deb hisoblaydi siyosatshunos Yekaterina Shulman.

“Bilishimizcha, Rossiya Federatsiyasi o‘zini o‘zi yo‘q qilmoqda va muvaffaqiyatsiz davlat bosqichiga o‘tmoqda”, — deya Shulmanning so‘zlarini keltiradi The Economist. Siyosatshunos, shuningdek, Ukraina viloyatlarining anneksiya qilinishi mamlakat ichidagi “muammoli hududlar”, jumladan, Shimoliy Kavkaz respublikalariga qo‘l kelishi mumkinligini aytdi, deb yozadi gazeta. Shulman, agar Moskva hukumati “bo‘sh qo‘yib bersa” ushbu hududlarning ba’zilari Rossiya tarkibidan chiqishga urinishi mumkinligini aytdi.

The Economist nashrining yozishicha, muvaffaqiyatsiz davlatga xos yana bir belgi — jismoniy kuchlar ustidan davlat monopoliyasining yo‘qolishi va safarbarlikka chaqiruv. “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi va Checheniston rahbari Ramzan Qodirov nazorati ostidagi kuchlarning harakatlari shundan dalolat beradi. Jurnalning ta’kidlashicha, hatto Rossiya davlat xavfsizlik idoralari ham o‘z manfaatlari uchun ishlamoqda.

Bundan tashqari, Kreml endi mamlakat aholisi xavfsizligining kafolati bo‘la olmaydi, safarbarlik e’lon qilish orqali hatto uning o‘zi asosiy xavf manbayiga aylanmoqda, deyilgan The Economist maqolasida.

Putin o‘z maxsus harbiy operatsiyasini uyiga ko‘chirdi va odamlarning tinchlikda qolish evaziga urushga qarshi norozilik bildirmasligi bo‘yicha konsensusni buzdi. Endi odamlarga uning rejimi uchun kurashish va o‘lish kerakligi aytilmoqda.
Maqola muallifining qo‘shimcha qilishicha, safarbarlik mamlakat ichida urushdan ko‘ra ko‘proq ag‘dar-tuntarni keltirib chiqardi, bu esa immigratsiyaning yangi to‘lqini va ijtimoiy keskinlikning kuchayishiga olib keldi.

Oktabr oyida The Economist nashri Rossiya siyosiy va biznes elitasi vakillari mamlakatni Putinsiz yanada rivojlantirish ssenariylarini ko‘rib chiqa boshlagani haqida xabar bergandi. O‘shanda nashr harbiy mag‘lubiyatlar Rossiyani jiddiy notinchlik va muvaffaqiyatsizlikka olib borayotgani haqida yozgan.

Izoh

Нурилла Исматуллаев

27 noyabr, 20:58

Фейк.

Asosiy yangiliklar
Dunyo
Yevropa gaz iste’molini kamaytirmoqda
Mahalliy
Toshkentda yong‘in oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi (video)
Dunyo
Ukraina 2 ta aerodromga dronlar bilan zarba berishga urindi — Rossiya Mudofaa vazirligi