Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

23-noyabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Brejnevga po‘stinini berishni istamagan AQSH prezidenti, Italiyada minglab insonlar umriga zomin bo‘lgan zilzila hamda SSSRda quvvati 1,6 megatonnali vodorod bombasi sinovi oid faktlar o‘rin olgan.

Brejnevga Alyaska bo‘rilari terisidan to‘qilgan po‘stinni sovg‘a qilgan AQSH prezidenti

1974-yil 23-noyabr kuni Vladivostokda SSSR va AQSH yetakchilari Leonid Brejnev hamda Jerald Fordning tarixiy uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi.

Foto: “RIA Novosti”

Foto: “RIA Novosti”

1970-yillarga kelib, qurollanish poygasi kritik nuqtaga yetgan. Buni yetakchi davlatlarning rahbarlari yaxshi tushungan, biroq ushbu jarayonni faqatgina Sovet Ittifoqi va AQSH to‘xtata olardi. Strategik qurollanishni cheklashning navbatdagi muzokaralariga tayyorgarlik ko‘rish uchun ikki yil vaqt sarflangan. Bu boradagi bitimni imzolash uchun Vladivostok bekorga tanlanmagan edi. Shahar kuchli Tinch okeani floti bazasi yaqinida joylashga va 30 yildan beri xorijliklar uchun yopiqligicha qolib kelayotgandi.

Butun dunyoda Vladivostokka bo‘lgan qiziqish yuqori bo‘lgan. Unda AQSh prezidentidan tashqari, o‘nlab hamrohlar, jurnalistlarning paydo bo‘lishi Sovet hukumatining xalqaro vaziyatni yumshatishga, sherikka nisbatan ishonch ko‘rsatishga intilishidan dalolat berardi. Aynan shu vaziyat norasmiy muzokaralar dasturi bo‘yicha uchrashuv joyini belgilashga xizmat qilgan.

Ikki mamlakat yetakchisi “Vozdvijenka” harbiy aerodromiga uchib kelgan — Leonid Brejnev “Il-62”da, Jerald Ford esa Boeing-707 samolyotida. Uchrashuvda jami 120 ga yaqin odam qatnashgan — har ikki tomondan 60 kishidan.

Uchrashuvning asosiy qismi oliy darajada “Sanatorniy” stansiyasi hududidagi harbiy sanatoriyda o‘tkazilgan. Brejnev va Ford bu yerga harbiy aerodromdan poyezdda kelgan. SSSR Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi va Amerika prezidenti muzokaralar boshlanishini cho‘zib o‘tirmay, vagondayoq muloqotga kirishga. Muzokaralar kun bo‘yi davom etgan. Uchrashuvni dunyoning eng yirik nashrlaridan kelgan 70 ga yaqin muxbir va 40 nafar sovet jurnalisti yoritgan.

Foto: “Izvestiya”

Foto: “Izvestiya”

Uchrashuv davomida 1985-yil oxiriga qadar strategik qurollanishni cheklovchi yangi bitimni tasdiqlash bo‘yicha SSSR—AQSH qo‘shma bayonoti imzolangan. Tenglik va bir xil xavfsizlik tamoyillariga asoslangan yangi bitim qator cheklovlarni o‘z ichiga olgandi. Xususan, har ikki tomon quruqlikdagi va dengizdagi ballistik raketalar, shuningdek, strategik bombardimonchi samolyotlar uchun jami 2400 ta uchiruvchi qurilmaga ega bo‘lish huquqiga ega bo‘lgandi.

Bundan tashqari, tomonlar individual nishonlar uchun mo‘ljallangan ajraluvchi jangovar kallakchaga ega 1320 tadan oshmagan yer usti va dengiz ballistik raketalariga egalik qilishi mumkin edi. Yangi bitimning yuridik jihatlarini oxiriga yetkazish 1975-yil yakuniga qadar amalga oshirilishi kerak bo‘lgan. 1980-1981-yildan kechikmagan holda cheklovlarni uzaytirish va 1985-yildan keyingi strategik qurollanishni qisqartirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishilgan.

 

Vladivostok bitimi qurollanish poygasini cheklash yo‘lidagi muhim qadam edi. U SSSR va AQShning strategik qurollarini, shu jumladan, uzoq masofali bombardimonchi samolyotlarni birinchi marta tashuvchilar sonining aniq va teng uzoq muddatli chegaralarini belgilagan. Shuningdek, birinchi marta bir nechta jangovar kallaklarni joylashtirishga cheklovlar qo‘yilgan, bu sifatli qurollanish poygasini cheklash yo‘lidagi dastlabki qadam edi.

Jerald Ford AQSHning eng uzoq umr ko‘rgan prezidenti hisoblanadi — 93 yil va 166 kun. Amerikaning 38-prezidenti Oq uyga tasodifan kelib qolgan va saylanmasdan turib, ushbu lavozimda 2,5 yil ishlagan.

Jerald Ford 1913-yil 14-iyul kuni Michigan shtatida dunyoga kelgan. Yel universitetining yuridik fakultetini tamomlagan, amerikacha futbol o‘ynagan, boks bilan shug‘ullangan. Ikkinchi jahon urushi davrida Tinch okeanidagi aviatashuvchida xizmat qilgan. 1948-yil Vakillar palatasiga saylangan, 1965-yilda esa respublikachilar fraksiyasi rahbariga aylangan.

1973-yilda Ford Uotergety mojarosi sabab korrupsiyada ayblanib, lavozimdan olingan Spiro Agnyu o‘rnini egallagan. Oradan bir yil o‘tgach esa Richard Niksonga impichment e’lon qilingach, prezidentga aylangan.

Foto: “Izvestiya”

Foto: “Izvestiya”

Fordning boshqaruvi “xalqaro keskinlik yumshagan” davrga to‘g‘ri kelgan, amerikaliklar Hindixitoydan ketgan, Ford AQSHning Vyetnamdagi mag‘lubiyatini tan olgan. 1975-yili u Xelsinkida Yevropa xavfsizlik va hamkorlik bitimini imzolagan.

Fordning Vladivostokda Brejnev bilan uchrashuvida e’tiborga molik voqealardan biri sodir bo‘lgan. AQSH prezidenti SSSR yetakchisi po‘stin sovg‘a qilgan. Voqeaga guvoh bo‘lgan “Izvestiya” fotomuxbiri Sergey Smirnovning eslashicha, Brejnevga Fordning qalin, chiroyli mo‘ynasi yoqib qolgan. “Alyaska bo‘rilarining terisidan”, — deya oydinlik kiritgan Ford. “Alyaskaniki? Demak, bizniki!”, — Brejnev qo‘riqchilaridan biriga “Sasha, olib ket!”, degan. Ford esa bunga shunday javob qaytargandi. “Kerak emas! Men sizga xuddi shunaqasidan olib keldim!”. Mazkur tarixiy voqea — Brejnevning Alyaska bo‘rilari terisidan tikilgan po‘stinni kiygani tasvirlangan surat tarixga muhrlangan.

Foto: “Izvestiya”

Foto: “Izvestiya”

Italiyada minglab insonlar umriga zomin bo‘lgan zilzila

Bundan 42 yil oldin 23-noyabr kuni Italiya janubida yuz bergan zilzilalar seriyasi oqibatida 4,8 ming kishi halok bo‘lgandi. O‘sha kuni yer osti silkinishlarining eng kuchlisi 6,9 ballni tashkil etgan, 40 soniyadan keyin yana 5 balli zilzila kuzatilgan va u 1,5 daqiqaga yaqin davom etgan.

Foto: Euromag

Foto: Euromag

Yer osti silkinishlarining epimarkazi Neapoldan 55 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan edi. Birinchi zilzila soat 19:34 da ro‘y bergan, bu vaqtda shahar aholisining aksariyati kechki ovqatga tayyorgarlik ko‘rayotgandi. Balvanodagi ruhoniyning eslashicha o‘sha kuni cherkovga 300 ga yaqin odam tashrif buyurgan, ular orasida bolalar ham ko‘p bo‘lgan. Odamlar cherkovdan qochib chiqishga uringan vaqtda uning old devori qulab tushgan.

Kechki ovqat likopchalariga shiftdan chang tushishni boshlagach, Neapoldagi minglab odamlar ko‘chaga otilib chiqqan. Ko‘pchilik uyiga qaytishga qo‘rqqani bois, ko‘chalarda sarson yurgan. Neapoldan 170 kilometr sharqda joylashgan Potema kommunasining 50 ming aholisi yaqin atrofidagi tog‘ga chiqib ketib, tunni mashinalarida yoki ochiq osmon ostida o‘tkazgan.

Qarovsiz qoldirilgan uylarda elektr energiyasi sabab yong‘inlar yuzaga kela boshlagan. Suv tarmoqlariga shikast yetgan, bu esa o‘t o‘chiruvchilarning olovga qarshi kurashishiga qattiq xalaqit bergan. Bundan tashqari, o‘t o‘chiruvchilar qutqaruv ishlarini amalga oshirgan, shifokorlar esa ish tashlash e’lon qilgan.

Foto: Euromag

Foto: Euromag

Hatto Rimdagi Leonardo da Vinchi aeroporti ham 40 daqiqaga yopilgan, bunga 60 metrli dispetcherlik punkti ichidagi xodimlari binoni tark etgani sabab bo‘lgandi.

 

Neapoldagi Podjioreale qamoqxonasida saqlanuvchi mahbuslar o‘z kameralarida yoriqlar paydo bo‘la boshlagach, isyon ko‘tarishga tushgan. Qo‘riqchilar ommaviy qochish ro‘y berishidan qo‘rqib, ularga qarata gazli granatalarni uloqtirgan avtomatdan havoga o‘q uzgan.

Bu vaqtga kelib Neapolni qalin tuman qoplagan, buldozerlar, chodirlarni tashuvchi transportlar va qutqaruv vositalarining harakati qiyinlashgan. Shahar janubida poyezdlar to‘xtab qolgan, magistral yo‘llarda avtomobillar harakati bloklangan. Zilzila epimarkaziga yaqin bo‘lgan mitti Peskaopagano butunlay vayronaga aylangan. Vaqti-vaqti bilan kuzatilib turgan yer osti silkinishlari eng oxirgi uyni ham qulatgan va omon qolgan aholi o‘rtasida battar vahimani yuzaga keltirgan.

Ammo qutqaruv ishlariga nafaqat yer osti silkinishlari, balki aholining qashshoqligi ham xalaqit bergan. Italiya yarimoroli tizmasi bo‘ylab joylashgan Apennin Yevropaning eng qashshoq tumani edi. Bu yerda zamonaviy og‘ir texnikalar — buldozerlar, traktor va kranlar deyarli bo‘lmagan. Hukumatning byurokratizmi, yirik shaharlarga yaxshi jihozlangan qutqaruv otryadlarining yuborilishi, tog‘li hududlardagi insonlar tashvishini yanada og‘irlashtirgan.

Shunga qaramay, ko‘rsatilayotgan yordam ulkan edi. Qutqaruv ishlariga ko‘ngillilarni qo‘shib hisoblamaganda 9 ming kishi jalb etilgan. Shuningdek, 30 ta vertolyot jalb etilgan, ular jabrlanganlarni shifoxonalarga tashigan, tabiiy ofat hududlariga 600 ta armiya chodirlari ko‘tarilgan, 5 ta dala gospitali va 28 ta dala oshxonasi ochilgan.

Zilzila kuchi butun Italiya bo‘ylab sezilgan, ayniqsa, Kampaniya, Bazilikata va Apuliya tumanlari jiddiy zarar ko‘rgan. 24-noyabr kuni 800 kishi halok bo‘lgani qayd etilgan. Mamlakat hukumati tabiiy ofat holatini e’lon qiladi.

Foto: Euromag

Foto: Euromag

Yer osti silkinishlari chekka hududlardagi tog‘li qishloqlarga ko‘proq zarar keltirgan. O‘sha vaqtda aholisi 14 ming kishini tashkil etgan Sant-Anjelo-dei-Lombardiya kommunasining 80 foizi vayronaga aylangan. Fojia Potensa provinsiyasidagi Balvano kommunasidagi barchaga ta’sir ko‘rsatgan: cherkov tomi qulab tushgan.

27-noyabr kuni kechasi 2 mingga yaqin qochoq haqida ma’lum qilingan, iqlim sharoitlari dahshatli edi: qish yaqinlashib kelayotgani bois tinmay yomg‘ir va qor yog‘ar, hamma joy loy edi. Falokatdan keyingi olti kun ichida 2 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan. Zilzila mamlakatdagi haqiqiy siyosiy inqirozni yuzaga keltirgan. Respublika prezidenti Sandro Pertini televideniye orqali chiqish qilgan, Avellino prefekti ishdan olingan, ichki ishlar vaziri iste’fo so‘ragan, biroq unga rad javobi berilgan.

SSSRda sinovdan o‘tkazilgan vodorod bomba

1955-yil 22-noyabr kuni Semipalatinsk poligonida sovetlarning birinchi ikki pog‘onali termoyadroviy bombasi — “RDS-37” sinovdan o‘tkazilgan edi. U “Tu-16” bombardimonchisidan poligon hududiga tashlangan. Bombaning nominal quvvati 3 megatonnani tashkil etgan, biroq sinov vaqtida u ikki barobarga — 1,6 megatonnaga qadar kamaytirilgan.

Foto: “TASS”

Foto: “TASS”

“RDS-37”ning o‘ziga xos asosiy jihati — bu uran-238 va barqaror qattiq modda deyterid litiy-6 dan foydalanilganida. Shu kuni soat 06:55 da bomba samolyotga joylashtirilgan. Bort soat 08:34 da havoga ko‘tarilgan. “RDS-37”ni 12 kilometr balandlikdan tashlash rejalashtirilgan edi.

Soat 09:47 da 12 kilometr balandlikdan soatiga 870 kilometr tezlikda harakatlanayotgan tashuvchi samolyotdan radiolokatsion vositalardan foydalanilgan holda bomba tashlangan. Parashyut tizimi muvaffaqiyatli ishlagan va bomba 1550 metr balandlikda portlagan, bu vaqtga kelib samolyot xavfsiz hududga yetib olgandi.

Portlash oqibatida hosil bo‘lgan issiqlik to‘lqini ekipaj a’zolariga, ayniqsa, kabinadagi uchuvchiga eng quyoshli kundagidan ham qattiqroq sezilgan. Zarba to‘lqini yetib kelgan vaqtda boshqaruv qo‘lda amalga oshirilgan. To‘lqin zarbasi samolyotga bomba tashlanganidan 224 soniya o‘tib ta’sir ko‘rsatgan.

Foto: “TASS”

Foto: “TASS”

Sinov hududi bulutli bo‘lgani sabab portlash qo‘ziqorinini to‘liq kuzatishga imkon bo‘lmagan. Bulutlar orasidan uzoq vaqtgacha uning pastki qismi — changli ustun ko‘rinib turgan. Oradan 5-7 daqiqa o‘tgach, radioaktiv bulutlar 13-14 kilometrga ko‘tarilgan. Bu vaqtga kelib “qo‘ziqorin” diametri 25-30 kilometrni tashkil etgandi.

Portlash epimarkazidan 35 kilometr uzoqlikda bo‘lgan kuzatuvchilar maxsus ko‘zoynaklarda tuproq ustiga yotib olgan. Portlash vaqtida ular kuchli issiqlik oqimini his qilgan, to‘lqin zarbasi vaqtida esa momaqaldiroq gumburlashini yodga soluvchi keskin tovush eshitilgan.

Mazkur voqea tarixiy ahamiyatga ega edi, chunki bu dunyoda birinchi marta quvvati 1 megatonnadan ortiq vodorod bombaning sinovi edi. “RDS-37”ning sinovi qator fojiaviy hodisalarni yuzaga keltirgan. Kichik Akjara qishlog‘idagi turar joy binosining shifti qulab tushishi oqibatida 3 yoshli qizcha halok bo‘lgan. Epimarkazdan 36 kilometr uzoqlikda joylashgan qo‘riqlash batalyonining 6 nafar askari ustini tuproq bosib qolgan. Natijada ulardan biri bo‘g‘ilib vafot etgan, qolganlari yengil jarohat olgan.

Foto: “TASS”

Foto: “TASS”

Portlash oqibatida inshootlardagi derazaning parchalanishi sabab “Mayskoe”, “Voroshilovgradsk”, “Stalin-Tui” ovullarining 26 nafar, Semipalatinskning 16 nafar fuqarosi jarohatlangan.

Jabrlanuvchilar poligon samolyotida “Pavlodar” shahridagi viloyat shifoxonasiga yetkazilgan. Semipalatinsk shahrida uch kishi miya chayqalishini olgan. Umumiy hisobda 59 ta aholi punktidagi binolarga zarar yetgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.

 

Mavzuga doir: AQSHning sevimli prezidenti — Jon Kennediga suiqasd, “temir xonim”ga aylangan Tetcher iste’fosi va “atirgul inqilobi”ni boshlagan Saakashvili. Kun xronologiyasida 22-noyabr

 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Yevropa gaz iste’molini kamaytirmoqda
Mahalliy
Toshkentda yong‘in oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi (video)
Dunyo
Ukraina 2 ta aerodromga dronlar bilan zarba berishga urindi — Rossiya Mudofaa vazirligi