Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

22-noyabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Dallasda o‘ldirilgan AQSH prezidenti Jon Kennedi, Buyuk Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcherning iste’fo berishi hamda Gruziyada “atirgul inqilobi”ning boshlanishiga oid faktlar o‘rin olgan.

Amerikaliklarning eng sevimli prezidenti — Jon Kennediga suiqasd

Bundan 59 yil oldin 22-noyabr kuni AQSH prezidenti Jon Kennedi — mamlakatni oz muddat boshqargan bo‘lsa-da, amerikaliklarning eng sevimli yetakchisiga suiqasd uyushtirilgandi. Rasmiylar Kennedi yakka tartibda harakat qilgan qotil tomonidan o‘ldirilgan deb hisoblaydi, ammo amerikaliklarning aksariyati hamon AQSH prezidenti fitna qurboni bo‘lganiga ishonadi.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Usti ochiq avtomobil, uning ichida esa barchaga qo‘l silkitgancha yuzida tabassum bilan ketayotgan inson. O‘q ovozlari eshitiladi. Boshidan jarohat olgan erkak yonidagi ayol yelkasiga yiqiladi. Ushbu fojiaviy kadrlar havaskor inson kamerasiga olingan bo‘lib, uni butun dunyo ko‘p marotaga bo‘rgan — bu AQSH prezident Jon Kennedining Dallasga uyushtirgan safarida yaralanishi edi.

Oradan ko‘p o‘tmay, taniqli jurnalist Uolter Kronkayt AQSH prezidenti shifoxonada vafot etgani haqidagi xabarni o‘qigan va o‘z hayajonini yashira olmagan. U ko‘zoynagini yechib, uzoq vaqt bitta nuqtaga tikilib qolgan.

SSSR va AQSH munosabatlarining keskinligiga qaramay, Amerika prezidentining o‘limiga birinchilardan bo‘lib Moskva munosabat bildiradi. AQSHning SSSRdagi elchixonasida TIV rahbari Andrey Gromiko Amerika xalqi va prezident oilasiga hamdardligini bildirgan. Aynan Kennedi o‘z vaqtida Karib inqiroziga mas’ul bo‘lgan bo‘lsa-da, SSSR AQSH prezidentiga yaxshi munosabatda bo‘lgan.

Kennedi o‘zidan oldingilarga o‘xshagan oddiy prezident emas edi. U Oq uyni o‘ziga xos muvaffaqiyatli amerikaliklar klubiga aylantirgan bo‘lib, taniqlik yozuvchilar va madaniyat vakillari doimiy mehmonga kelib turgan”, — deydi Franklin Ruzvelt nomidagi AQShni tadqiq etish jamg‘armasi rahbari Yuriy Rogulev.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Kennedi boshqaruvi davrida MRB Kuba yetakchisi Fidel Kastroni ag‘darishga uringan, shuningdek, dunyoni yadroviy urush yoqasiga olib kelgan Karib inqirozi ro‘y bergan. Ijtimoiy siyosat, fuqarolik huquqlari harakati bilan muloqot tufayli amerikaliklar uning ko‘plab xiyonatlarini kechirib yuborgan. 1963-yil mart oyida amerikaliklarning 74 foizi uning ikkinchi muddatga qayta saylanishiga ishongan.

Shunga qaramay, o‘ta konservativ doiralarda o‘ta liberal prezidentdan norozilik kuchaygan, Kennedining raqiblari uni Amerikani yo‘q qiladigan “kommunist” deb atashgan. Ramziy ravishda uning qotilligi aynan Texasda ro‘y bergan. Ushbu shtatda prezident siyosatiga qarshi bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etgan.

AQSH prezidentining o‘ldirilishini tergov qilgan komissiya sudyasi Erla Uorren Kennedini Li Xarvi Osvald o‘ldirgan degan xulosaga kelgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik “yolg‘iz qotil” versiyasiga ishonmagan.

 

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Rogulevning so‘zlariga ko‘ra, mish-mishlarning bir qismi Kennedining Kastroni, mafiyani va hatto FQBning qudratli rahbari Edvard Guverni ag‘darishdagi muvaffaqiyatsiz urinishi uchun qasos deb hisoblagan. Ma’lumki, Guver Kennedini hushlamagan. Guver hatto o‘zining bevosita boshlig‘i — AQSH adliya vaziri Roberd Kennedi ham nishonga olgan. “Prezident ham, uning ukasi ham Guverni lavozimdan chetlatishni xohlagan, ammo u qarshi tura olgan. Masala shundaki, Guver suiqasddan xabardor bo‘lib, uning oldini olish bo‘yicha biror chora ko‘rganmi?”, — deydi Rogulev.

2013-yilda o‘tkazilgan Gullup so‘rovi natijalarida keltirilishicha, amerikaliklarning 61 foizi Kennedining o‘ldirilishi ortida federal hukumat, mafiya yoki MRB turibdi deb hisoblagan. 2017-yil yozida AQSH hukumati mamlakatning 35-prezidenti o‘ldirilishiga oid hujjatlarni ommaga e’lon qilgan. Ular orasida 1964-yilda AQSH tarafiga o‘tib ketgan “KGB” sobiq xodimi Yuriy Nosenkoning so‘roq qilinishi audiosi ham mavjud. Nosenko Li Xarvi Osvald SSSRda yashagan vaqtida uni kuzatganini so‘zlab bergan.

Amerikada Osvald Oq uy rahbarini o‘ldirish uchun “KGB” tomonidan og‘dirib olingani to‘g‘risida versiya bo‘lgan. Ammo oxir-oqibat SSSR ham ushbu AQSH fuqarosidan qanday qutulishni bilmagani ma’lum bo‘lgan.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Nosenkoning o‘zi ham Osvaldning SSSR razvedkasi bilan biror-bir aloqasi borligini rad etgan va sovet maxsus xizmatlari uning xatti-harakatidan shokka tushganini aytgan. Osvaltning o‘zi tergov davomida yetarlicha ma’lumot bermagan: Kennedi o‘ldirilganidan ko‘p o‘tmay, Dallasdagi tunggi klublardan birining egasi unga o‘q uzgan.

“Millat onasimi yoki jodugar?”: iste’fo bergan Margaret Tetcher

1990-yil 22-noyabr kuni “temir xonim” nomi bilan tarixga kirgan Buyuk Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcher iste’fo bergandi. U o‘z faoliyati davomida raqiblariga qarshi qaqshatgich usullarda kurashgan, Argentina bilan “kichik urushda” g‘alaba qozongan, sovet yetakchisi Mixail Gorbachyov bilan til topishgan va Germaniyaning birlashishiga qarshi chiqqan.

Foto: “RIA Novosti”

Foto: “RIA Novosti”

Kuchli bo‘lish — bu xuddi xonim bo‘lishdek. Agarda bu haqida gapirishga to‘g‘ri kelsa, demak sen unday emassan”, — degan edi 1979-yil 4-may kuni Buyuk Britaniya bosh vaziriga aylangan Margaret Tetcher.

Tetcher Buyuk Britaniya rahbariga aylangan, parlament saylovlarida ketma-ket uch marotaba g‘alaba qozongan birinchi bosh vazir, 11 yil davomida hokimiyatda qolgan birinchi britaniyalik siyosatchi. Margaret Tetcher yoki “Meggi” shubhasiz kuchli shaxs edi.

Tetcherning o‘zi siyosatchining jinsini ahamiyati yo‘q deb hisoblagan, eng muhimi u o‘z ishini yaxshi bajarishi kerak. Buyuk Britaniyada Margaret Tetcherga nisbatan munosabat hozirda ikki yoqlama: kimdir uchun u “millat onasi” bo‘lsa, boshqalar uni “jodugar” deb ataydi.

Tetcher Vazirlar Mahkamasi rahbariga aylanganida, mamlakatda iqtisodiy qulash kuzatilayotgandi: yillik inflyatsiya 18 foizni tashkil etgan, funt o‘z tarixidagi eng yomon ko‘rsatkichga tushib ketgan, mamlakatda uzluksiz ish tashlashlar boshlangan — Buyuk Britaniyadagi ishsizlar soni 1,5 million kishiga yetgan.

Inflyatsiyani bartaraf etish va budjet xarajatlarini kamaytirish uchun Tetcher davlat mulklarini ommaviy xususiylashtirishni e’lon qilgan: British Petroleum, British Gas va British Airways xususiy qo‘llarga o‘tgan. Ko‘plab kompaniyalar inqirozni yengib o‘tgan, biroq davlat qo‘llab-quvvatlovisiz bozorda qola olmaydiganlar ham bor edi.

Kompaniyalar ommaviy ravishda kasod bo‘la boshlagan, shu bois besh yil ichida ishsizlar soni 3 millionga qadar oshib ketgan. Margaret Tetcherni rekord muddatda Britaniya ishchi sinfining farovonligini yakson qilganlikda ayblashgan. Tetcherning siyosatini ayniqsa muxolif leyboristlar qattiq tanqid qilgan.

Foto: Politico

Foto: Politico

Britaniya bosh vaziri iqtisodiy vaziyatni ortiqcha xarajatlarni kesib tashlash orqali kurashgan. Tetcherning qattiq siyosati fonida inflyatsiya 8 foizgacha tushgan bo‘lsa-da, mamlakatda norozilik va ish tashlash boshlangan. O‘shanda Britaniya OAVlari iqtisodiy yo‘nalishni o‘zgartirish kerakligi haqida yoza boshlagan, biroq Tetcher bunga javob qaytargan: “Xohlasanglar, ortga qaytaveringlar. Xonim qaytmaydi”.

Iqtisodiy yaxshilanish va Britaniya biznesining ko‘tarilishiga qaramay, 1980-yil dekabrda Tetcherning reytingi 23 foizga tushib ketgan — bu Buyuk Britaniya bosh vazirlari orasidagi eng past ko‘rsatkich edi. Tetcherning siyosatini hatto uning partiyadoshlari ham tanqid qilgan: 22 vazirning 9 tasi uning islohotlariga qarshi bo‘lgan.

Yaqinlashib kelayotgan saylovlarda konservatorlar orasida obro‘sini tiklab olishi uchun Tetcherga g‘alabali urush kerak edi. Sabab topilgan. Argentina Folklend orollari bo‘yicha nazoratni o‘z qo‘liga olmoqchi bo‘lganida Britaniya orolga qo‘shin yuborgan. Britaniya qirollik flotining kuchi Argentinani chekinishga majbur etgan. Ushbu operatsiya vatanparvarlik tuyg‘ularining jo‘shishiga olib kelgan va Tetcher 1984-yilda bosh vazir lavozimiga qayta saylangan.

Ammo Tetcher “temir xonim” nomini qattiq iqtisodiy siyosati va Argentina harbiylari ustidan erishgan g‘alabasi uchun olmagan. Tetcher bosh vazir lavozimini egallagunga qadar Sovet Ittifoqini tanqid qilib chiqqandi. “Ruslar dunyo hukmronligini maqsad qilmoqda va ular hali dunyo ko‘rmagan eng qudratli imperiya davlatiga aylanish uchun kuch-vositalarini to‘plamoqda. Biz uchun esa zambarakdan boshqa barchasi muhim bo‘lgan bir paytda, ular moy o‘rniga zambaraklarni tanladi”, — degandi Tetcher.

Tanqidga javoban SSSR Mudofaa vazirligining “Qizil yulduz” gazetasi Britaniya bosh vaziri “temir ayol” deb atagan, The Sunday Times esa uni “Iron Lady” deya tarjima qilgan va shundan keyin bu laqab hozirga qadar saqlanib kelmoqda.

SSSRning bunday keskin tanqidi ham Tetcherga kelajakda SSSR yetakchisi Mixail Gorbachyov bilan Yevropada birinchi bo‘lib munosabatlar o‘rnatishiga to‘sqinlik qilmagan. Birinchi uchrashuv 1984-yilda amalga oshirilgan, o‘shanda Tetcher Londonga sovet xalqaro delegatsiyasi rahbari sifatida kelgan Gorbachyovni qabul qilgandi.

Gorbachyov birinchi uchrashuvdayoq nafaqat qayta qurish dasturi haqida gapirdi, balki o‘zgarishlar bo‘lishi, jumladan, bu katta qadamlar bilan amalga oshirilishi haqida aytdi”, — degandi Tetcherning sobiq maslahatchisi lord Charlz Pauell.

Shunga qaramay, Tetcher Germaniyaning birlashuvida Gorbachyovning qarashlariga qo‘shilmagan. U katta Germaniya davlati Britaniya manfaatlariga tahdid soladi deb hisoblagan. “Biz nemislarni ikki marta yer tishlatdik, ular esa yana qaytmoqda”, — degandi Tetcher.

Ko‘pgina konservatorlardan farqli o‘laroq, Tetcher Yevropa integratsiyasini chuqurlashtirish g‘oyasiga sovuqqonlik bilan qaragan va qarorlar qabul qilishda markazlashtirishga qarshi edi, chunki u Yevropa Ittifoqini davlat suverenitetiga tahdid deb bilgan.

Foto: Politico

Foto: Politico

Partiyadoshlarining fikriga e’tibor bermaslik Konservativlar partiyasi Margaret Tetcherdan yuz o‘girishiga olib kelgan. 1992-yilgi saylovlar avvalida konservator Maykl Xezeltayn Tetcher o‘rniga Konservatorlar partiyasiga boshchilik qilish niyatini bildirgan. Partiya ichidagi ovoz berish jarayonlarining birinchi turi Tetcherning g‘alabasi bilan yakunlangan, biroq uning raqiblari ham yetarlicha ovoz to‘plagan. Tetcher ikkinchi turda kurashni davom ettirmoqchi edi, ammo o‘z partiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagach, saylovda qatnashmaslikka qaror qilgan.

1990-yil 22-noyabr kuni Margaret Tetcher Buyuk Britaniya bosh vazirligi lavozimidan ketishini e’lon qilgan. O‘zining ketishini u konservatorlarning sotqinligi bilan izohlagan.

“Atirgul inqilobi”

2003-yil 22-noyabr kuni Gruziyada “atirgul inqilobi” — mamlakat prezidenti Eduard Shevardnadzening iste’fosiga olib kelgan norozilik namoyishlari seriyasi boshlangan edi. Inqilob mamlakatning bo‘lajak prezidenti Mixail Saakashvili parlamentga borishda qo‘liga atirgul ko‘tarib olgani bois shu kabi nomga ega bo‘lgan.

Foto: “RIA Novosti”

Foto: “RIA Novosti”

Saakashvili va uning o‘sha vaqtdagi tarafdorlari — muxolifat yetakchislari Nino Burjanadze va Zurab Jvaniya parlament saylovlarida Shvardnadze partiyasi foydasiga ovozlar soxtalashtirilganidan g‘azabga tushgan. Inqilobning bo‘lajak yetakchilari ovozlarning qayta hisoblanishini talab qilgan.

Parlamentdagi vaziyat keskinlashgan va qo‘riqchilar prezidentni zaldan olib chiqib ketishga qaror qilgan. O‘shanda bo‘sh qolgan minbarga Saakashvili chiqib, deputatlarga murojaat qilishdan oldin prezidentning stakanida turgan choyni ichgan. Sovet davridan qolgan odatga muvofiq sobiq Gruziya Kommunistik partiyasi rahbari temir tutgichli stakanda choy ichishni yaxshi ko‘rardi.

Shevardnadzening prezidentiligi yana bir necha soat davom etgan — ertasi kuni u Saakashvili va uning tarafdorlari bilan Rossiya vositachiligida muzokaralar uchun uchrashgan: vaziyatni tartibga solish uchun Rossiya tashqi ishlar vaziri Igor Ivanov yetib kelgan.

Ivanov Gruziya uchun begona emasdi — uning ajdodlari gruzinlarga borib taqaladi. Muzokaralar Shevardnadze iste’fo e’lon qilishi bilan yakunlangan, u kuchlar o‘z tarafida emasligini tushunib yetgan — hatto kuch tuzilmalari Shevardnadzening o‘zi siyosatga olib kirgan Saakashvilining tarafdorlarini quvib yuborishdan bosh tortgandi. Bo‘lajak Gruziya prezidenti adliya vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.

Foto: “Gazeta.ru”

Foto: “Gazeta.ru”

Prezidentlik lavozimidan ketish Shevardnadzening siyosiy karyerasiga yakun yasagan. Aynan u qayta qurish davrida sovet Tashqi ishlar vazirligiga boshchilik qilgan va dunyoning yetakchi davlatlaridagi hamkasblari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. 1990-yillarda birinchi prezident — Zviad Gamsaxurdiya avtoritar rejimining haloskori sifatida qabul qilgan Gruziya Shverdnadzedan charchagandi.

“Atirgul inqilobi” ko‘pincha “Amerika loyihasi” deyilishiga qaramay, aslida unday emas — AQSH shunchaki vaziyatdan o‘z maqsadida foydalangan. Shevardnadze atrofidagilar korrupsiyaga botgani, kuch tuzilmalari xohlagan ishini qilishi allaqachon xalqda norozilik kayfiyatini paydo qilgandi. Shu bilan birga, Amerikaning turli notijorat tashkilotlari rostdan ham prezident raqiblariga yordam bergan. Bunda o‘z qarashlari Oq uy manfaatlariga mos kelmaydigan milliarder Jorj Soros muhim rol o‘ynagan. Soros “Kmara” nomli gruzin yoshlari harakatini faol qo‘llab-quvvatlagani ma’lum.

Foto: “Gazeta.ru”

Foto: “Gazeta.ru”

Shevardnadzening qulashidan ikki hafta oldin u hokimiyatda abadiy qoladigandek tuyurlardi, ikki haftadan keyin esa sizga barchasi aniqlab bo‘linganini aytishadi. Aslida nima bo‘lganini tushunish juda qiyin. Masalan, AQSH Shevardnadzening ag‘darilishini rostdan istamagan, chunki u Iroqqa bosqinni qo‘llab-quvvatlagan dunyoning 15 yetakchisidan biri edi”, — deydi amerikalik politolog Linkoln Mitchell.

Rossiya ham Shevardnadzening ketishiga xotirjam qaragan, boisi Gruziya yetakchisining сhechen jangarilari faolligiga nisbatan hech qanday chora ko‘rmayotgani Kremlni g‘azablantirgan. Rossiya bu vaqtda Gruziyaga nisbatan nafaqat siyosiy, balki harbiy ta’sirga ham ega edi. Mamlakat hududida Rossiyaning bir nechta harbiy bazalari bo‘lgan.

Avvaliga gruzinlar Saakashvilini uning yevropacha uslubi va korrupsiyaga qarshi keskin kurashi uchun yaxshi ko‘rgan. Uning davrida Gruziyada faol qurilishlar, iqtisodiy islohotlar boshlangan, yo‘l politsiyasi isloh qilingan va yo‘llardagi poraxo‘rliklarga barham berilgan. Biroq Gruziya iqtisodiyotidagi ma’lum muvaffaqiyatlarga qaramay, Saakashvili hokimiyatga kelganidan ikki yil o‘tib, uning tarafdorlari o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kela boshlagan. Bu 2005-yilda Saakashvilining “atirgul inqilobi” bo‘yicha sherigi va bosh vazir Zurab Jvaniyaning o‘limidan boshlangan. Rasmiy versiyaga ko‘ra, u is gazidan zaharlanib o‘lgan, biroq muxolifat bosh vazirning o‘limida Saakashvilining atrofidagilarni ayblagan.

2007-yil sentabrda Tbilisda hukumatning muxolifat telekanallarini yopish to‘g‘risidagi qaroridan keyin ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan. Bu vaqtga kelib Moskva bilan munosabatlari keskin yomonlashgan Gruziya prezidenti Rossiyani namoyishchilarga yordam berishda ayblagan.

Saakashvilining siyosatiy karyerasiga 2008-yil avgustda Janubiy Osetiya sabab Rossiya bilan qisqa muddatli mojaroga borgani zarar yetkazishni boshlagan. O‘zini o‘zi mustaqil deya e’lon qilgan respublikani kuch bilan qaytarib olishga uringan Saakashvili Moskvaning qattiq pozitsiyasiga duch kelgan. Rossiya o‘zining xatti-harakatlarini Janubiy Osetiyaning aksariyat aholisi Rossiya fuqaroligiga ega ekani bilan izohlagan.

2013-yilda Saakashvilining ikkinchi prezidentlik muddati yakuniga yetgan, bundan bir yil oldin partiya saylovlarda yutqizgan edi — uning tarafdorlarining bir qismi muxolifat tarafiga o‘tib ketgan. Gruziya siyosatidan ketgan Saakashvili Ukrainaga o‘tgan va Odessa viloyati gubernatori sifatida ish boshlagan.

 

Foto: “Gazeta.ru”

Foto: “Gazeta.ru”

Ammo yoshlikdan do‘st bo‘lgan Ukraina prezidenti Pyort Poroshenko bilan janjallashib qolib, mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan. Saakashvili Gruziyaga qayta olmagan — yangi hukumat unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

2021-yil 1-oktabr kuni Mixail Saakashvili sakkiz yildan buyon birinchi marta Gruziyaga kelgandi. Kelishi bilanoq Tbilisida hibsga olingan, shundan so‘ng ochlik e’lon qilgan. 2022-yil 15-noyabr kuni Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili hozirda klinikada davolanayotgani va unga 17 ta tibbiy tashxis qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. Shifokorlar Saakashviliga demensiya (aqliy zaiflik) simptomlari, shuningdek, sil va boshqa kasalliklar tashxisini qo‘ygan.

Tashxislar haqida gapirishga hali erta. Tahlil javoblarini kutmoqdamiz. Kasallik bo‘yicha shubhalar bor, bu borada ishlar davom etmoqda. Siyosatchi demensiya va sil kasaliga shubha qilingani, shuningdek, 34 ta boshqa xastalik aniqlanganini nazarda tutyapman”, — deydi Xachapuridze.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
Iskandarov — eng yaxshi futbolchi, Kapadze — eng yaxshi murabbiy. O‘zbek futbolida 2022-yilning eng yaxshilari aniqlangan marosimdan fotoreportaj
Madaniyat
Farzandidan ayrilgan, 3 soat uxlagan, hojatxonada farroshlik qilgan: muvaffaqiyatga erishish yo‘lida turli qiyinchiliklardan o‘tgan yulduzlar (foto)
Mahalliy
“Sirdaryoda bir so‘m ham o‘g‘irlanmaydigan, korrupsiyasiz tizim yaratilishi kerak” — Sardor Umurzoqov