Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni Registon maydonida “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish marosimida nutq so‘zladi.
Ko‘hna Turon gavhari, Turkiy sivilizatsiya poytaxti bo‘lmish azim Samarqand shahrida sizlarni yana bir bor qutlashdan mamnunman.Bugun biz Turkiy davlatlar tashkilotining ilk tarixiy sammitini o‘tkazdik, muhim qarorlar qabul qildik. Turkiy dunyo sivilizatsiyasining yangi davrini boshlab beradigan Samarqand deklaratsiyasini imzoladik. Ayni vaqtda ne-ne tarixiy voqealarga guvoh bo‘lgan muhtasham Registon maydonida turib, turkiy dunyo sivilizatsiyasining yangi bosqichiga ramziy ma’noda qadam qo‘ymoqdamiz. Ulug‘ ajdodlarimizga xos bo‘lgan azaliy an’analarni davom ettirgan holda, yana bir xayrli tashabbusni boshlamoqdamiz.
Ma’lumki, tashkilotimizga a’zo va kuzatuvchi barcha davlatlar bugungi kunning eng dolzarb muammosi bo‘lgan ekologiya masalalariga birinchi darajali ahamiyat berib, bu muhim vazifaga ona tabiatni asrash va barqaror taraqqiyotning kafolati sifatida qaramoqda.
Xususan, O‘zbekistonda “Yashil makon” dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Turkmanistonda barcha viloyatlar va poytaxt Ashxobodni yashil hududga aylantirishga qaratilgan uzoq muddatli Milliy o‘rmon dasturi samarali ishlayapti.
Qardosh Turkiyada esa har yili 11-noyabr – Milliy ko‘chat ekish kuni sifatida keng nishonlanmoqda. Ozarbayjonda ko‘p yillardan buyon “Yashil marafon” dasturi asosida ko‘chat ekish tashabbuslari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Qozog‘istonda barcha hududlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha besh yillik umummilliy dastur bajarilmoqda.
Qirg‘iz Respublikasida 2022-yil “Tog‘ ekotizimi va iqlim barqarorligi yili”, deb e’lon qilindi hamda uning doirasida “Yashil meros” milliy kampaniyasi faol davom ettirilmoqda. Vengriya Hukumatining shaharlarni qo‘shimcha ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha olib borayotgan yirik dasturini chin dildan olqishlaymiz.
Bu ishlarning barchasi turkiy xalqlar umumiy taraqqiyoti va farovonligi sari mushtarak intilishlarimizning yaqqol timsoli, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz bugun turkiy dunyo hurmatli yetakchilarining ushbu tabarruk zaminga o‘z qo‘llari bilan ko‘chat ekayotganlarini yuksak qadrlaymiz.
Zero, bu nihollar – hayot daraxtlari, do‘stlik va o‘zaro ishonch, ma’naviyat va kelajak bog‘lari bo‘lib qad rostlaydi. Turkiy xalqlarimizda “yaxshidan bog‘ qoladi”, degan hikmatli so‘z bor. Ishonchim komilki, bugun biz yaxshi niyatlar bilan yaratayotgan bog‘-u rog‘lar samarasidan hozirgi va kelajak avlodlarimiz albatta bahramand bo‘ladi, — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.