Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajap Toyyib Erdo‘g‘on va Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovni “Turkiy dunyoning oliy ordeni” bilan mukofotladi.
“Sizning barcha qardosh ellarimizga bo‘lgan cheksiz mehru muhabbatingiz, hurmat va ehtiromingizni hammamiz yaxshi bilamiz va alohida qadrlaymiz. Turkiy davlatlar mustaqilligini mustahkamlash, ularning manfaat va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surish borasidagi jonbozligingiz ham albatta tahsinga sazovor” — degan Mirziyoyev Turkiya prezidentiga.
“Turkiy dunyoning ulug‘ mukofoti bilan taqdirlanganimdan baxtiyorman. Bu mukofotning aynan Samarqandda topshirilgani alohida e’tirofga loyiq. Buning uchun o‘zim va xalqim nomidan minnatdorlik bildiraman”, — degan Rajap Toyyib Erdo‘g‘on.
“Muhtaram Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedov Janobi Oliylari o‘zining ko‘p qirrali faoliyati, qimmatli ilmiy-ma’rifiy asarlari bilan keng jamoatchilik e’tiboriga sazovor bo‘lib, ayniqsa yosh avlod tarbiyasiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsayotganini alohida ta’kidlash menga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Sizning anjumanimizdagi faol ishtirokingiz va bildirgan tarixiy qaror va tashabbuslaringiz katta ahamiyatga ega”, — degan O‘zbekiston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga qarata.
“ ‘Turkiy dunyoning oliy ordeni’ — turkman xalqiga berilgan mukofotdir”, — degan Berdimuhamedov bunga javoban.
Shuningdek, marhum atoqli adib Chingiz Aytmatov Turk dunyosi birligini ta’minlashga qo‘shgan hissasi uchun Alisher Novoiy nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlandi. Mukofot Sadir Japarovga topshirildi, u Aytmatov muzeyiga joylashtiriladi.
“Turkiy dunyoning oliy ordeni” 2019-yildan beri sammit ishtirokchilariga topshirib kelinadi. Bokuda o‘tkazilgan sammitda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevga ushbu ordenni topshirgan edi. 2021-yilda esa Turkiya prezidenti Ozarbayjon yetakchisini ushbu orden bilan mukofotlagan.