Samarqandda 11-noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar sammiti boshlandi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, tashkilot nufuzini yanada mustahkamlash, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yuksak pog‘onaga olib chiqish niyatida ekanini aytdi.
“O‘zbekiston ham o‘z raisligi davrida ‘Turkiy dunyo nigohi—2040’ konsepsiyasi hamda bugun qabul qilinayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining besh yillik strategiyasini samarali amalga oshirish, 170 milliondan ortiq aholi yashaydigan ulkan mintaqani o‘z ichiga olgan tashkilotimiz nufuzini yanada mustahkamlash, va eng asosiysi — tarixi, tili va madaniyati mushtarak bo‘lgan qardosh xalqlarimiz va davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yuksak pog‘onaga olib chiqish niyatidamiz”, — dedi davlat rahbari.
Prezident har qanday qiyinchiliklarni do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash orqali yengib o‘tish mumkinligini ta’kidladi.
“Bugungi kunda barchamiz keskin geosiyosiy ziddiyatlar, global iqtisodiy inqiroz va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari bilan bog‘liq murakkab sinovlarni boshimizdan kechirmoqdamiz.
Shu sababli hozirgi tahlikali vaziyatda eng dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha davlatlarimiz umumiy yondashuvlarni belgilab olishi, sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirishi nihoyatda muhimdir. Biz har qanday qiyinchiliklarni do‘stlik, hamkorlik va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash orqali yengib o‘tishga qodirmiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Samarqand shahrini “Turkiy sivilizatsiya poytaxti” deb e’lon qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashgani uchun minnatdorchilik ham bildirdi.