Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

13-oktabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Rossiya shaharlaridan birini egallashga uringan 200 dan ortiq jangari hamda Boliviyada 90 ga yaqin inson umriga zomin bo‘lgan samolyot halokatiga oid faktlar o‘rin olgan.

“Xuddi zombilardek — yurib, o‘q uzashardi”: Nalchik shahriga hujum qilgan 250 nafar jangari

2005-yilning 13-oktabr kuni Rossiyaning Nalchik shahriga bir necha guruh bosqinchilar hujum uyushtirgan. Ular, asosan, xavfsizlik xizmati idoralari (politsiya idoralari, FXX idorasi, harbiy bo‘linma va hokazolar)ga hujum qilgandi. Bu bosqindan ko‘zlangan maqsad shaharni egallab, boshqaruvini to‘liq qo‘l ostiga olish edi.

Foto: “Kommersant”

Foto: “Kommersant”

13-oktabr kuni ertalabki vaqt bilan 08:20–09:00 lar orasida terroristlarning besh-olti kishidan iborat kichik-kichik guruhlari, umumiy hisobda 200 ga yaqin kishi turli xil mayda qurollar, (shuningdek, mashinalardagi RPG-7 va RPD kabi qurollar) bilan qurollangan holatda Nalchik shahriga ikki tomondan kirib keladi. Politsiya ofitserlari hamda terroristlar o‘rtasidagi ilk to‘qnashuvlar shaharning uzoq chekkalarida bo‘lib o‘tgan. Soat 09:14 da esa birdaniga sakkizta mo‘ljalda terroristlar tomonidan kutilmagan tezkor hujumlar kuzatilgan.

Xuddi shu vaqtda eng dahshatli janglar qayd etilgan bo‘lib, bu janglar Nalchik shahri markazidagi KBR (Kabarda-Bolqor Respublikasi) FXX (Federal xavfsizlik xizmati) idoralariga uyushtirilgan hujumlar paytida kelib chiqqan edi. Soat 10:00 ga kelib, aeroport hamda chegaraga uyushtirilgan hujumlar muvaffaqiyatli bostiriladi. 10:20 va 10:30 oralig‘ida esa bir necha terrorchi halok bo‘lgan. Bunga esa bino eshigini portlatishga urinish chog‘ida portlovchi moddalarni ehtiyotsizlik bilan ishlatishgani sabab bo‘lgandi.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Shuningdek, bir necha nafar terrorchi shaharning turli burchaklarida snayperlar tomonidan otib o‘ldirilgan. Oradan uch soat o‘tib, FXX binosiga hujum uyushtirgan jamoa mag‘lubiyatga uchragan. Biroq shunga qaramay, FXX hamda Ichki ishlar vazirligi binolariga jiddiy zarar yetkazilgan va hatto bitta binoda yong‘in ko‘tarilgan. Kechga borib, soat 18:05 da terroristlar egallab olgan suvenir do‘koni ichidan bir nechta garovdagi tutqunlarni chiqardi va buning evaziga ichkaridagi jinoyatchilarga suv va ovqat yetkazib berilgan.

Bosqinchilar kim edi?

Huquqni muhofaza qilish agentliklar ma’lumotiga ko‘ra, Nalchikdagi bosqinda 250 ga yaqin terrorchi ishtirok etgan bo‘lib, ularning uchdan bir qismi Nalchik fuqarolari, katta qismi esa KBR fuqarolari edi. Ular bosqinda asosan qo‘lda olib yuriladigan mayda qurollar, portlovchi moddalar va mashinalar ustiga ko‘chirib o‘tkazilgan granata uloqtiruvchi qurollardan foydalandi.

Foto: “Kommersant”

Foto: “Kommersant”

Qurollar bir kun oldin yetkazilgan edi. Chechenistondagi Kavkaz fronti guruhi bosqinni uyushtirganlikda da’vo qilingan. Biroq Checheniston yetakchisi Ramzan Qodirov bu iddaoni inkor etib, bosqin ortida kim turishi mumkin ekani to‘g‘risidagi savolga quyidagicha javob bergan edi: “Agar chechenlar u yerda bo‘lganlarida jang bunchalik tez tugamagan bo‘lardi. U yerdagilar o‘zlarining fuqarolari bo‘lgan”. Bosqinga Kabarda-Bolqordagi vahhobiy guruhi boshliqlari Anzor Astemirov va Ilyas Gorchxanov yetakchilik qilgandi.

Bosqinchilarning rejalarini barbod etgan vaziyat

Voqeadan oldingi ikki kun (12–13-oktabr kunlari) Nalchik shahridagi “Belaya Rechka” qishlog‘i yaqinida joylashgan huquqni muhofaza qilish agentligi o‘nga yaqin bosqinchilardan tashkil topgan guruhga qarshi maxsus operatsiya o‘tkazgan bo‘lib, operatsiya chog‘ida yarim tonnaga yaqin portlovchi moddalar topib olingan edi. Huquqni muhofaza qilish agentliklari mana shu voqea bilan 13-oktabrda uyushtirilgan bosqin orasida aloqa mavjud, deb taxmin qilishdi. Xalqaro aloqalar bo‘yicha vazir o‘rinbosari Aleksandr Chekalin o‘sha vaqtda shunday deb ta’kidlagan edi: “Ular bu guruhning ozod bo‘lishiga yo‘l ochish maqsadida hujum orqali e’tiborni chalg‘itishga urinishdi”.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Huquqni muhofaza qilish agentliklari ta’kidlashicha, Nalchikka uyushtirilgan hujum bir kun oldingi “Belaya Rechka” maydonida diniy mutaassiblar guruhini yo‘q qilishni maqsad qilgan operatsiyaga nisbatan javob reaksiyasi bo‘lib, hujum maqsadi harbiy kuchlarni operatsiyadan chalg‘itish va shu yo‘l orqali guruhning jo‘nab ketishiga imkoniyat yaratish edi. Terrorchilarning “Belaya Rechka” qishlog‘i yaqinida joylashgan bazasidan topib olingan hujjatlarga ko‘ra, harakat oldindan rejalashtirilgan bo‘lib, sakkiztadan 15 tagacha kishini o‘z ichiga olgan 16 ta bosqinchi guruh bo‘lishi ko‘zda tutilgan edi. Aslida, bosqin jami bo‘lib 240 kishini o‘z ichiga olishi kerak edi, biroq bazaga qilingan hujum tufayli operatsiya reja bo‘yicha ketmagan.

Shuningdek, Nalchikdagi hujumdan oldinroq bosqin yetakchilaridan biri Anzor Astemirovning ishonchli kishilaridan biri qo‘lga olindi va tintuv natijasida undan aeroport xaritasi hamda shahar politsiya departamenti va boshqa huquqni muhofaza qilish agentliklari suratlari joylangan flesh karta topib olingan. Bundan ayonki, terroristlar jiddiy harakatni rejalashtirayotgan edi.

11-oktabr kuni Kenje yaqinidagi o‘rmonda bosqin yetakchilari Shamil Basayev bilan uchrashganlari ma’lum bo‘ldi. 9-oktabrda esa beton bilan o‘ralgan zavod hududidan 500 kilogrammga teng portlovchi moddalar topib olingan edi. Operatsiyadan so‘ng Shamil Basayev o‘z bayonotida operatsiyadan besh kun oldin maxfiy ma’lumotlar fosh bo‘lgani hamda Nalchikka qo‘shimcha kuchlar kiritilganini terroristlarning katta yo‘qotishiga sabab sifatida keltirib o‘tdi. Uning aytishicha, operatsiyaga juda uzoq muddat mobaynida tayyorgarlik ko‘rib kelingani sababli ular bosqinni bekor qilmagan.

Kabarda-Bolqor ichki ishlar vazirligining uyushgan jinoyatchilikni nazorat qilish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Albert Sijajevning aytishicha, bosqinchilar nafaqat respublika poytaxtini qo‘lga olishni, balki uni ikki oy davomida nazoratda ushlab turishni va undan so‘ng esa o‘rmonlarda qochib yurib, partizanlik usulida urushni davom ettirishni rejalashtirgan ekan. Sijajev Nalchikdagi bosqin, aslida, 4-noyabr kuni – Ramazon tugashi bilan sodir bo‘lishi ko‘zlangan ekanini ham qo‘shib qo‘ygan.

Halokatli oqibatlar va jinoyatga berilgan jazo

Bosqin oqibatida 93 ta terrorist o‘ldirilgan va yetmishdan ortiq kishilar jinoyatga sheriklikda gumon qilinib hibsga olingan. Shuningdek, 14 ta fuqaro va 35 ta politsiya ofitserlari hamda huquqni muhofaza qilish organlari ofitserlari halok bo‘ldi, 240 dan ziyod odamlar jarohatlangan (ularning orasida 129 kishi huquqni muhofaza qilish organlari ofitserlari edi).

Foto: “Kommersant”

Foto: “Kommersant”

2014-yilgacha davom etgan sud jarayonlari Anzor Mashukov, Murat Bapinayev, Aslan Kuchmenov, Rasul Kudayev va Edvard Mironovlarni umrbod qamoq jazoga tayinlanishi bilan yakunlandi. 49 ayblanuvchi esa qattiq rejimdagi kaloniyalarda boshqa turdagi qamoq jazolari bilan tayinlandi. Ayblanganlarning uchtasi esa qamoq muddatini o‘tab bo‘lgani sababli ozod etilgan.

Stadionga qulagan samolyot

1976-yilning 13-oktabr kuni Lloyd Aereo Boliviano aviakompaniyasiga tegishli Santa-Krus—Mayami yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan Boeing 707-131F havoga ko‘tarilganidan bir necha soniya o‘tib, shahar ko‘chasiga qulagan edi. Halokat oqibatida 91 kishi halok bo‘lgan — jami 3 nafar ekipaj a’zosi va yerdagi 88 kishi. Bu Boliviya tarixidagi eng yirik aviahalokat hisoblanadi.

Foto: History Time

Foto: History Time

Halokatga uchragan Boeing samolyoti 1959-yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, keyinchalik Amerikaning TWA aviakompaniyasi tomonidan qayta jihozlangan va 1971-yilda Israel Aerospace Industries aviakompaniyasi tomonidan xarid qilingan. 1972-yilning samolyotni Phoenix Airways aviakompaniyasi sotib olgan, oradan uch yil o‘tgach, Jet Power aviakompaniyasi uning egasiga aylagan. O‘sha yilning mayida samolyot Fragtflug, iyunda esa Kolumbiyaning ARCA Colombia aviakompaniyalariga lizingga berilgan. Dekabrda yana Jet Power’ga qaytib kelgan samolyot, 1976-yilning martida Ryan International Airlines aviakompaniyasiga lizingga topshirilgan. 25-maydan boshlab Air-India aviakompaniyasi tomonidan foydalanilgan, biroq shu yilning avgustida havo kemasi yana Ryan Internaional Airlines’ga qaytarilgan. Oktabr oyida esa Boliviyaning Lloyd Aerro Boliviano aviakompaniyasi tomonidan AQSHga yuk tashish maqsadida ijaraga olingan.

13-oktabr kuni Xyustondan (Texas) Boliviyaga burg‘ulash qurilmalarini olib kelgan Boeing 707-131F Santa-Krus aeroportiga soat 07:00 da kelib qo‘ngan. Uchuvchilar jadval bo‘yicha besh soat davom olgan (jumladan, mehmonxonada 2 soat 45 daqiqa), shundan keyin Mayamiga qaytish reysini bajarishga tayyorlangan. Soat 13:30 da layner parvozga ruxsat olib, shimoli-g‘arbiy yo‘nalishda havoga ko‘tarilgan. Uning bortida uch nafar ekipaj a’zosi va aviayonilg‘i zaxirasi bo‘lgan.

Havoga ko‘tarilish bo‘yicha keraklik tezlikka erishgach, uchuvchilar tumshuq shossisini ko‘tarib, samolyotni balandlatgan, biroq shu vaqtda boshqaruv qo‘ldan chiqqanini payqab qolgan. Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan uzilgan va havoga 8 metr ko‘tarilgan, transport chorrahasidan uchib o‘tib, ikki qanoti bilan yoritish simchiroqlariga urilgan, keyin esa tezlik bilan birga balandlikni yo‘qotishni boshlagan. Libertadores ko‘chasidagi turar joy binolari va Plasido Molina nomidagi maktab burchagiga urilgan samolyotda yong‘in chiqqan. O‘sha vaqtda barcha o‘quvchilar tushlikda bo‘lgani bois, ko‘plab insonlar omon qolgan. Yonayotgan samolyot harakatni davom ettirib, yonilg‘i quyush shoxobchasida navbat kutib turgan avtomobillarga urilgan, yoshlar jamoasi o‘rtasida musobaqa o‘tkazilayotgan “Ulyam Bendek” stadioniga to‘qnashib, portlab ketgan.

Halokat oqibatida uch nafar uchuvchining barchasi halok bo‘lgan. Shuningdek, yerdagi 100 yaqin odam, asosan, stadiondagi yoshlar fojia qurboniga aylangan. Avvaliga gazetalar 97 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan, ularning 81 nafarini shaxsi aniqlangan. Rasman halokat qurbonlari sifatida 91 kishi ko‘rsatilgan, shuningdek, 82 kishi jarohat olgan. Mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilingan.

Halokat yuzasidan tergovni Boliviya komissiyasi AQSHning Transport xavfsizligi bo‘yicha milliy kengashi (NTSB) vakillari ko‘magida amalga oshirilgan. Samolyotdagi “qora quti” quvvatlantirilmagani sabab tergovni davom ettirish qiyinchilik tug‘dirgan.

Dastlabki versiyalarda dvigaterllardan biri ishdan chiqqan deya taxmin qilingan, bu kerakli tezlanishga erishmagan samolyotning qulashini yuzaga keltirgan. Biroq bort dvigatellarini tekshirish davomida qulash vaqtida 4 ta dvigatelning barchasi soz holatda bo‘lgani aniqlangan.

Foto: History Time

Foto: History Time

Oxir-oqibat halokatga ekipajning harakati sabab bo‘lgan degan xulosaga kelingan. Ya’ni uchuvchilar dvigatelni boshqarish richagini kerakli rejimga qadar tortmagan. Bunga ular qattiq charchagani sabab bo‘lgan, chunki Xyuston reystidan bir sutka oldin Boliviya mehmonxonasidagi hordiqqa uch soatdan kamroq vaqt sarflangan. Shuningdek, halokatga aviayonilg‘ining ifloslangani sabab bo‘lgan. Xususan, El-Trompilyo aeroportida samolyot bakiga 52 160 litr aviatsiya kerosini quyilgan bo‘lsa, shundan 2665 litrli oddiy vodoprovod suvi bo‘lgan. Bu esa dvigatel quvvatning kuchsizlantirgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
“Daryo” kundaligida 30-noyabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Mahalliy
Huquq faoli Nukus voqealarida gumonlanayotganlar qiynoqqa solinmaganini aytmoqda
Mahalliy
Kontrabanda sigaretalar ko‘proq qaysi viloyatlar chegaralaridan olib o‘tilmoqda? Bojxonachi javob berdi