Toshkent viloyati hokimligining 92 milliard so‘m qarzdorligi mavjud. Bu haqda Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev 7-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda ma’lum qildi.
Viloyat hokimi qabuliga Yangiyo‘l tumanidan kelgan fuqaro 10 yil avval uyining buzilgani va haligacha kompensatsiya to‘lab berilmayotganidan shikoyat qilgan.
“Sud bizga qaror chiqarib, Yangiyo‘l tumani, Toshkent viloyati hokimliklariga ijrosini ta’minlash yuklatilgandi. Ammo chora ko‘rilmayapti”, — deydi murojaatchi.
Viloyat rahbari hokimlikda ushbu qaror yo‘qligi, agar bo‘lsa xabardor bo‘lishini aytgan.
“Menda bu qaror yo‘q. Agar haqiqatan ham bo‘lsa, sud ijrochisi keladi-da, ro‘yxatga qo‘yib ketadi. Har oyda 8-9 milliard so‘m qarzdorlikni to‘layman. Hozir viloyat hokimligining 92 milliard so‘m qarzi bor. Yangi ish boshlaganimda 273 milliard so‘m edi”, — dedi Zoir Mirzayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, prezidentga hokimlikning 90 milliard so‘mdan ziyod qarzi borligi haqida ma’lumot berilgan.
“Prezidentimiz qarzdorlik 2 oyda yopib berilishini aytdi. Toshkent shahri ham yordam beradi. Qarorni olib qolamiz. Agar haqdorlar qatorida bo‘lsangiz, pulingizni olasiz. Biz qarzdor bo‘lgan shaxslar ro‘yxati — reyestrni ochib tekshirish mumkin, kimdan qancha qarzim borligi ochiq ko‘rinadi”, — deya murojaatchiga javob bergan viloyat hokimi.
Mavzuga doir:
- “Kuchukning uyini tillaga tenglashtirib yuboradiganlar bor” — Zoir Mirzayev
- “Yaqinda besh million olgan ekansiz, shu sabab murojaatingiz rad qilindi deb yozaman” — Toshkent viloyati hokimi
- “Qabulda Olmaliq va Ohangaron shahri, Ohangaron tumani hokimi ham bor, avval ularga murojaat qiling, hal bo‘lmasa menga keling” — Zoir Mirzayev (video)