Toshkentda uch erkak va bir ayol spirtli ichimlikdan zaharlanib vafot etgani xabar berilgandi. Bosh prokuratura voqea yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
“ ‘Daryo.uz’ saytida Toshkentda spirtli ichimlikdan zaharlangani aytilayotgan uch erkak va bir ayol shifoxonada vafot etgani haqida xabar chiqarilgan. Mazkur holat haqiqatan sodir bo‘lgani tasdiqlandi”, — deyiladi Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov bergan ma’lumotida.
Mas’ulning ma’lumot berishicha, bu bo‘yicha Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.