O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya joriy yil 6-oktabr kuni Qohira shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro paxta tadqiqotchilari assotsiatsiyasi Ijro qo‘mitasi yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda assotsiyatsiyaning ijro qo‘mitasiga a’zolarni saylash va yo‘nalishlar bo‘yicha guruhlarni shakllantirish bo‘yicha munozaralar o‘tkazilgan. Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xalqaro paxta tadqiqotchilari assotsiatsiyasi maslahatchisi etib saylangan va doimiy a’zosi sifatida ovoz berish jarayonlarida ishtirok etgan.
Shuningdek, Xalqaro paxta tadqiqotchilari assotsiatsiyasining navbatdagi 8-Jahon paxta tadqiqotlari konferensiyasini o‘tkazish uchun talabgor davlatlar sifatida O‘zbekiston, Hindiston hamda Pokistonning imkoniyatlari o‘rganib chiqilgan hamda tadbir 2024-yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi belgilangan.
Ma’lumot uchun, Jahon paxta tadqiqotlari konferensiyasi (World Cotton Research Conference – WCRC) paxta yetishtiruvchi mamlakatlardan birida har to‘rt yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Ushbu konferensiya shu paytgacha Avstraliya (1994), Gretsiya (1998), Janubiy Afrika (2003), AQSH (2007), Hindiston (2011), Braziliyada (2016) va joriy yilda Misrda o‘tkazildi.