Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

4-oktabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan maxfiy yuk olib ketilayotgan samolyotning turar joy binosiga qulashi, Shveysariyada bir vaqtning o‘zida o‘t qo‘ygan 48 kishi hamda Qatag‘on qurbonlariga oid faktlar o‘rin olgan.

Turar joy binosiga qulagan Boeing 747

1992-yilning 4-oktabr sanasida Amsterdamda sodir bo‘lgan aviahalokat qurbonlari soni hozirga qadar ma’lum emas. Boeing-747 tashuvchi samolyoti noqonuniy muhojirlar yashaydigan “Grunven” kompleksiga kelib urilgan. Ammo halokat bu orqali emas, balki samolyot bortida bo‘lgan sirli yuk va uni qidirishda kelgan maxsus kiyimlardagi odamlar sabab mashhurlikka erishgan.

Foto: Realt.onliner
Boeing-747 samolyoti Nyu-Yorkdan Tel-Avivga parvoz qilayotgan bo‘lib, Amsterdamda to‘xtab o‘tishi kerak edi. Samolyot bortida 114 tonna yuk bo‘lgan — uning 6,5 tonnasiga “o‘ta xavfli yuk” toifasi belgilangan.

Qulash

Aeroportda Boeing 74,2 ming litr aviayonilg‘i quyib olgan vaqt soat 18:21 da Amsterdamdagi turar joy binolari uzra havoga ko‘tarilgan. Shamol va turbulentlik kuzatilmagan, ko‘ruvchanlik 15 kilometrni tashkil etgan.

Oradan 6,5 daqiqa o‘tgach, Goyer ko‘li uzra portlash ovozi eshitilgan va samolyot o‘ng qanotidagi ikkala dvigatelidan ham ayrilgan — ular uzunligi 10 metr keladigan qanot bilan birga uzilib tushgan. Samolyot boshqaruvchanlikni yo‘qotib, o‘ngga og‘ishni boshlagan.

Uchuvchi Is’hok Fuxs aeroportga qaytish qarorini qabul qiladi. Ikkinchi uchuvchi Arnon Oxad falokat signalini yuborib, Boeing qaytayotganini bildiradi. Uchuvchilarning iltimosiga ko‘ra, dispetcherlar Boeing’ga eng uzun 27-sonli qo‘nish yo‘lagini bo‘shatib beradi va o‘t o‘chiruvchilarni chaqiradi. Ammo bularning barchasi foydasiz edi.

Soat 18:35 da uchuvchilar gidravlik tizim ishdan chiqqanini ma’lum qilgan. Shunda ikkinchi uchuvchi so‘nggi so‘zini aytgan: “Qulayapmiz, qulayapmiz, qaytaraman qulayapmiz!”.

Foto: Realt.onliner

Birinchi uchuvchi shassini ochish buyrug‘ini beradi, ammo samolyot halokatga yuz burgan. Bir necha soniyadan keyin tumshuq qismi yuqoriga qaragan Boeing “Gruneven”dagi 11 qavatli uyga kelib urilib, portlab ketadi. Buning oqibatida 31 ta kvartira butunlay yakson bo‘ladi. Portlash kuchi shu qadar kuchli bo‘lganidan uchuvchilarning jasadi bor kabina kompleksdan tashqarida topilgan, samolyot qoldiqlari esa 600 metrga qadar uchib ketgan.

Oqibat

Boeing’ning qulashi va yuzaga kelgan yong‘in oqibatida qancha inson halok bo‘lgani noma’lum. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, samolyot bortidagi 4 kishi va yerda 39 kishi halok bo‘lgan. Ammo politsiyaning taxminicha, halok bo‘lganlar 200 kishini tashkil etgan, Amsterdam meri Ed van Tin 240 nafar qurbon haqida gapirgan. Shaharliklar ushbu raqamlarni ham kamaytirib ko‘rsatilmoqda deb hisoblagan. Bundan tashqari yana 26 kishi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Realt.onliner

Yuzaga kelgan yong‘in Amsterdan aholisini larzaga solgan. Olovdan qutulish uchun odamlar derazadan sakrab, halok bo‘lgan, politsiya samolyot qoldiqlarini terishga tushgan, hatto uning “qora quti”ni olib ketgan boshpanasiz yuzlab muhojirlarni quvib yuborishga majbur bo‘lgan.

Eng muhimi halokatning ertasi kuni sodir bo‘lgan — oq kombinezon kiygan 10 kishi hodisa joyiga kelib, nimanidir qidirgan. Noma’lum shaxslar o‘zlarini Isroil maxsus xizmati xodimlari deb tanishtirgan va o‘zlarini halokat joyiga o‘tkazib yuborishlarini so‘rashgan. Ularga rad javob berilgach, politsiyachilar bilan janjal yuzaga kelgan. Bundan xabar topgan politsiya rahbariyati tergov boshlagan. Aniqlanishicha, “mehmonlar” hodisa joyiga vertolyotda kelgan, biroq aeroportda ularning parvoziga oid barcha ma’lumotlar o‘chirib tashlangan. Shunda mazkur odamlar “namuna olish” uchun kelgan shahar ishchilari ekani haqida mish-mish tarqatilgan.

Maxfiy operatsiya

Tergov samolyot terakt qurboni bo‘lmaganini ko‘rsatgan. Metallning yemirilishi sabab parvoz vaqtdagi dvigatellardan biri ajralib tushgan. U ikkinchi dvigatelga urilib, uni ham uzib yuborgan. Qanotining biridan ayrilgan Boeing esa halokatga mahkum edi.

Foto: Realt.onliner

Samolyot bortida bo‘lgan yuk orasida zarin zaharli moddasini ishlab chiqarishda foydalaniladigan 200 kilogrammga yaqin dimetil-metilfosfonat bo‘lgan. Yuk Pensilvaniyadagi Biologik tadqiqotlar institutidan Tel-Avivga olib ketilayotgan bo‘lgan. Bundan tashqari, samolyotning dum qismida ballast — 282 kilogramm kuchsizlantirilgan uran bo‘lgan. Bu kabi moddalar o‘sha vaqtlarda ko‘plab Boeing’larda bo‘lgan, ammo o‘t o‘chiruvlar ham, qutqaruvchilar ham bundan bexabar bo‘lgan.

Ko‘p o‘tmay “Gruneven”da omon qolgan fuqarolarning sog‘lig‘ida muammolar yuzaga kela boshlagan. Ularning 70 foizi Fors ko‘rfazidagi urush sindromidan hamda mikoplazmozadan aziyat chekkan. Ularda ko‘plab belgilar — mushaklardagi og‘riqdan tortib, impotentlikkacha kuzatilgan 1999-yildagina niderlandiyalik olimlar halokat sodir bo‘lgan ko‘p qavatli binoda yashaganlar uran oksidini hidlaganidan kasallanganini tan olgan. Maxfiy yuk masalasi sabab Niderlandiya va Isroil o‘rtasidagi munosabatlar uzoq vaqt keskin holatda bo‘lgan.

Foto: Realt.onliner

Shveysariyadagi ommaviy qotillik: nima sababdan 48 kishi bir vaqtda o‘zini yoqib yuborgandi?

Jasadlar gilam ustida, kafedradan markaz tomon 23 ta nur hosil qilgan holda yotardi. Erkaklarning jasadi qizil va qora diniy libosda, ayollar, jumladan, 12 yoshli qiz — oq va tillarang kiyimda bo‘lgan. 1994-yilning 4-oktabr kuni Shveysariyada “Quyosh iboratxonasi ordeni” sektasining a’zolari ommaviy ravishda o‘z joniga qasd qilgandi.

Foto: AFP

Bir vaqtning o‘zida 48 kishi halok bo‘lgan: 25 kishi Granj-syur-Salvandagi ikkita uyda o‘zini yoqib yuborgan, yana 23 kishi — olov yetarli darajada yonmagan Sheyridagi uyda o‘ziga o‘t qo‘ygan. U yerda astologiya haqida ma’ruzalar yozuvi tushirilgan magnitofon plyonkasi ham saqlanib qolgan. Aftidan, u o‘z joniga qasd qilayotgan odamlarning so‘nggi daqiqalarida ham yangrab turgan.

Barcha Saturnga

Shveysariyaning “Quyosh iboratxonasi ordeni”ga 1980-yilda gomeopat shifokor Lyuk Jure va tadbirkor Jozef di mambro tomonidan asos solingan. “Quyosh ta’limi”ning nazariy asoslarini kompozitor Mishel Tabachnik yaratgan. Ordenning maqsadi odamlarni tez orada boshlanadigan oxirzamonga “to‘g‘ri” tayyorlash bo‘lgan. Buning uchun oldindan Yerdan Saturnga ko‘chib o‘tib, kam sonli tanlanganlar qatorida u yerda yangi hayot boshlash kerak edi. Boshqa sayyoraga ko‘chish esa faqat o‘zni yoqib yuborish orqali amalga oshirilgan.

Foto: AFP

Shveysariya tomonidan o‘tkazilgan tergovlarda aniqlanishicha, sekta a’zolari o‘limga sabab bo‘luvchi dorilardan tayyorlangan kokteylni ichgan, so‘nggi daqiqalarda “Saturnga ko‘chishdan” bosh tortganlar esa otib tashlangan yoki bo‘g‘ib o‘ldirilgan. Ko‘plab jasadlardan o‘q izlari, ko‘kragiga sanchilgan pichoq izlari yoki boshiga polietilen qop kiydirilgan izlari topilgan.

To‘la va halok bo‘l

Sekta asoschilari ham o‘z jonlariga qasd qilgan. Ularning bunga alohida sabablari bo‘lgan. Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, Jure va Mambro mol-mulkidan mahrum qilishi mumkin bo‘lgan “orden” a’zolarining sud ta’qibidan qo‘rqishni boshlagan. “Oxirzamon” haqidagi haqiqat shundan iborat bo‘lganki, “Quyosh ibodatxonasi” yaxshigina xayriyalarni talab qilgan, shuning uchun sektaga faqat badavlat insonlar qabul qilingan.

Foto: AFP

Shveysariyada esa bunday insonlar kam bo‘lmagan, 1990-yil oxiriga qadar faoliyat yuritgan sekta sabab Fransiya va Kanadada ham g‘ayrioddiy tarzda guruh bo‘lib o‘z joniga qasd qilish holatlari qayd etilgan. Shu bilan birga, sirli va ko‘lami jihatdan fantastik moliyaviy nayranglardan qurol savdosigacha jinoyatlar sodir etilgan: bularning barchasi “orden” yetakchilarining ko‘p millionlik shaxsiy biznesi bo‘lgan.

“Quyosh ibodatxonasi ordeni” hozirda mavjud emas, biroq u tarixdagi birinchi va oxirgi sekta hisoblanmaydi. Bunday radikal tarzda oxirzamonni 1990-yillar boshida Amerikadagi “David tarmog‘i” sektasi a’zolari ham kutgan: ular ham o‘zlariga o‘t qo‘ygan. Bu haqda AQSHda hatto “Ueykodagi fojia” nomli serial ham suratga olingan.

Qatag‘on qurbonlari

1938-yil 4-oktabr – O‘zbekiston tarixidagi eng qayg‘uli va qonli sana hisoblanadi. Sababi o‘sha kuni manfur Stalin qatag‘onining navbatdagi yirik seriyasiga start berildi. Shu kuni SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining sayyor yig‘ilishlarida o‘zbek xalqining eng oldi ma’rifatparvarlari, ziyolilari, olimlari va davlat arboblariga hukm o‘qildi va ularning aksariyati otib tashlangan.

4-oktabr kuni Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat kabi el ardog‘idagi shoir va yozuvchilar, G‘ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Ziyo Saidov kabi adabiyotshunos olimlar, birinchi o‘zbek kinorejissori va fotografi Xudoybergan Devonov otuvga hukm qilindi. Ular hukm chiqarilgan kuniyoq, 1938-yilning 4-oktabrida shoshilinch qatl etiladi.

Harbiy kollegiyaning 1938-yil 4-oktabrdan 16-oktabrgacha bo‘lgan sayyor yig‘ilishlarida jami 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbuslar ustidan hukm chiqarilgan. 1934-1938-yillarda O‘zbekistondan 40 ming nafardan ortiq inson qatag‘on qilingan. Shularning 730 nafari “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan.

1938-yilning 4-oktabrida otilgan bir guruh millat ziyolilari

1938-yilning 4-oktabrida otilgan bir guruh millat ziyolilari
Foto: Google Images

Adabiyotshunos olim, akademik Naim Karimovga ko‘ra, 4-oktabrdan 5-oktabrga o‘tar kechasi, hamma uxlagan vaqtda Fitrat, Abdulla Qodiriy, Otajon Hoshim kabi ziyolilar hozirgi Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan “NKVD” maxsus poligonida otib tashlangan. Ularning barchasi bitta chuqurga kafansiz, janozasiz maxfiy ravishda dafn etilgan. Jasadlar tezroq chirib ketishi uchun ustilaridan yo xlor sepishgan yoki tezak tashlashgan.

Cho‘lponga o‘q yetmay qolganidanmi yoki to‘pponcha otilmaganidanmi, jallodlar uni o‘sha kecha otmaslikka qaror qiladi. Ammo shoir “O‘ldiringlar! Men senlarning davlatingda, zamoningda yashashni istamayman! Senlarni ko‘rgim yo‘q”, deb baqiradi. Shunda Cho‘lponni bolta bilan chopib o‘ldirishgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Foto: Zarbalardan keyin chiroqsiz qolgan Ukrainaning koinotdan ko‘rinishi
Mahalliy
Andijonda Isuzu va yuk mashinasi to‘qnashishi oqibatida 41 kishi jarohatlandi, 3 nafari voqea joyida halok bo‘lgan
Dunyo
Sena daryosi bo‘ylab sayr: turli-tuman qiyofalar va mashhur tarixiy obidalar — suratlarda