Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Ijtimoiy tarmoqlarda 7-sentabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanida qurilish korxonasi tomonidan ko‘p yillik manzarali daraxtlar noqonuniy kesib yuborilgani haqida xabar tarqaldi. “Daryo” muxbiri holatni o‘rganish maqsadida voqea joyida bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, Chilonzor ko‘chasida joylashgan 20 sotixli maydon Dream House Stroy MCHJga tegishli bo‘lib, tashkilot daraxtlarni kesmaslik yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda ogohlantirilgan. Ammo korxona qonuniy talablarni bajarmagan va hududdagi 58 tup har xil turdagi manzarali daraxtlarni kesib tashlagan.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonov holat yuzasidan axborot berdi.

Farhod Dehqonov

Farhod Dehqonov
Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

“Voqea Chilonzor ko‘chasidagi mehmonxona qurilishi uchun olingan yerda sodir bo‘lgan. Ushbu qurilish obyekti bir necha yildan beri qattiq nazorat ostida. Tuman qurilish bo‘limi, Ekologiya qo‘mitasi vakillari bu yerda 58 tup turli kattalikdagi daraxtlar xatlovini amalga oshirgan. Hududdagi daraxtlarni kesmaslik bo‘yicha Dream House Stroy MCHJ rahbariyatidan kafolat xatlari olganmiz. Maydon atrofi noqonuniy tartibda bir necha marta o‘rab olingan. To‘g‘ri, 2-3-marta maydonni ochtirdik. Lekin yana temir to‘siqlarni qayta tiklab, 6-7 metr balandlikda o‘rab olishgan. Ichidagi daraxtlar ham berkitilgan. Afsuski, 7-sentabrga o‘tar kechasi, tunda tadbirkor tomonidan daraxtlarni qonunga zid ravishda kesib tashlash holati ro‘y berdi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasiga materiallar kiritdik. O‘ylaymizki, huquqbuzarlarga nisbatan qattiq jazo choralarini qo‘llashadi. Birlamchi hisob-kitoblarga qaraganda, daraxtlar kesilishi oqibatida tabiatga 797 million so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgani aniqlandi”, — dedi qo‘mita mas’uli.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Davlat ekologiya qo‘mitasi huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zosi Rasul Kusherbayev voqea yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.

Rasul Kusherbayev

Rasul Kusherbayev
Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

“Bu noqonuniy ish tuman prokuraturasining ro‘parasida sodir etilgan. Tadbirkor tabiatga salkam 800 million so‘m zarar yetkazgan. Bu zarar esa davlat korxonasi bo‘lgan Obodonlashtirish hisobidan qoplanyapti. Ya’ni ular kesilgan daraxtlar o‘rniga yangi nihollar ekmoqda. Bu nima mantiqsizlik? Odamlar bilib qo‘ysin bizning tabiatimiz kelajagiga dushmanlik qilayotganlar kimlar ekanini. Bu yerda moratoriy va qonun talablariga amal qilinmayapti. O‘zi Chilonzorda noqonuniy daraxt kesilishi sababli rahbariyatga chora ko‘rilgandi. Bugun daraxt kesish mumkin emas, bu taqiqlangan. Shunday daraxtzorni bunday ahvolga solish noto‘g‘ri. Kelajakka nima qoldiryapmiz o‘zi? Bu joy muhofazaga olingan edi. Bu holat tadbirkorning davlat va jamiyatga qilgan munosabatidir. Bu juda uyatli ish.

Chilonzor tumaniga yangi hokim va prokurorlar keldi. Lekin hech narsada o‘zgarish bo‘lmadi. Aynan ular keldimi, kelmadimi, Chilonzorda daraxt kesish to‘xtamagan. Ular nima ish qilyapti o‘zi? Agar ular hech qanaqa o‘zgarish qilmasa, bunaqa kadrlarni almashtirishning nima keragi bor? Oldingi rahbariyat nima uchun ketdi? Aynan shu daraxt masalasi uchun ketdi. Keyingisi keldi. Uning davrida daraxt kesilishi yanada avj oldi. Nima keragi bor bunaqa rahbariyatni bizga? Men shaxsan minglab odamlar nomidan aytaman: bizlarga bunaqa rahbarlar kerak emas? Tabiatni asrab bera olmaydigan, ko‘zbo‘yamachilik qilib yuraveradigan xodimlardan men noroziman, ular bizga kerak emas. Undan ko‘ra faollarni o‘ziga qo‘yib bersin, tabiatni o‘zlari asraydi. Bunga, albatta, jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi kerak”, — dedi Rasul Kusherbayev.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonovning aytishicha, poytaxtda bu kabi atrofi o‘rab olingan maydonlar yuzlab topiladi.

Islombek Boqijonov

Islombek Boqijonov
Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

“Toshkent shahrida bu kabi atrofi noqonuniy o‘rab olingan qurilish obyektlari soni 700 tani tashkil etmoqda. Ularda 5 ming 500 tadan ortiq daraxt mavjud. Daraxtlar qanday sug‘orilmoqda, qay tarzda parvarish qilinmoqda, bila olmaymiz. Chunki u — tadbirkorning hududi. Daraxt kesilsagina, ichkariga kira olamiz. Lekin unda kech bo‘ladi. Mana bu holat bir kechada sodir bo‘ldi. Ertalab kelsangiz daraxtlar yo‘q. Yana ham buni yil boshida xatlov qilib qo‘ygandik. Tadbirkorning o‘zi bu daraxtlarni kesmaymiz deb kafolat xati yozib bergandi. Shunday holatda ham 58 ta daraxtni bir kechada nobud qilgan”, — deydi qo‘mita rasmiysi.

Avvalroq Chilonzor tumanida yo‘l ta’mirlash ishlari sabab yo‘l chekkasidagi daraxtlar ildiziga shikast yetkazilgandi. Shu bilan birga,  Farg‘onada ham bir qancha daraxtlar kesib tashlangani xabar qilingandi

Izoh

А.Р.Жуманиёзов

08.09.2022, 19:11

Кайси аклли дарахти бор ерга мехмонхона ва бошка курилиш увун ер беряпти. Дарахти бор ерни берган ва сотганни хам жавобгар килиш керак.

Asosiy yangiliklar
Dunyo
General Pyotr Pavel Chexiyaning yangi prezidenti etib saylandi
Dunyo
Amerikadagi rus mafiyasi boshlig‘iga aylanib, Rossiyada o‘lim topgan “qonundagi o‘g‘ri” — “Yaponchik”. Kun xronologiyasida 29-yanvar
Mahalliy
Markaziy bank raisining kripto-aktivlar bo‘yicha ma’lumoti rad etildi