Bugun,

  • USD 10920.28
  • RUB 177.49
  • EUR 11052.42

Iqtisod fanlari nomzodi Farhod Qurbonboyev Konstitutsiyaga qator o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Birinchi taklif. Loyihada Konstitutsiyamizning 37-moddasi muhim qo‘shimcha bilan to‘ldirilmoqda. Unda yozilishicha “Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning o‘zi va oilasi yashashi uchun yetarli bo‘lishi kerak”.

Bu normani kiritib, loyiha mualliflari juda olijanob, ezgu maqsadlarni ko‘zlashgan albatta. Lekin, fikrimizcha, iqtisodiyotimizning hozirgi ahvoli, “ko‘rpaga qarab oyoq uzatadigan” bo‘lsak, bu normani hayotga tatbiq etish imkoniyatini bermaydi. Ayni paytda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 920 ming so‘mni tashkil qiladi. Insonning o‘zi va oilasi yashashi uchun yetarli bo‘lishi uchun bu summani bir necha barobar oshirishga to‘g‘ri keladi. Bunday oshirishni davlat byudjeti va tadbirkorlik subyektlari “ko‘tara” olmaydi. Ma’lumot uchun: Moliya vazirligining ma’lumotlariga qaraganda, 2021 noyabr oyida oylik ish haqi oluvchilarning 34,5 % 1 mln. so‘mgacha maosh olishgan.

Shu sababli qanchalik xohlamaylik, ushbu normani Asosiy qonunimizda hozircha belgilamaganimiz ma’qul. Zero, bunday normaning Bosh Qomusda belgilanmasligi amalda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini imkoniyatdan kelib chiqib oshirib borishga hech qanday to‘siqlik qilmaydi.

Ikkinchi taklif. Fikrimizcha, loyihada sog‘liqni saqlash va ta’lim olish bobidagi haq-huquqlarni belgilovchi Konstitutsiyamiz moddalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar jamoatchiligimiz, iqtisodchi-mutaxassislar, iqtisodiy boshqaruv organlari mutasaddilarining bir qismida shakllangan “bozor romantizmi” g‘oyasiga asoslangan.

“Bozor romantizmi” - jamiyat hayotining barcha jabhalarini bozor tamoyillari asosida qurish mumkin degan g‘oya asli noto‘g‘ri g‘oyadir. Bozor tamoyillari — xususiy mulk, raqobat, foyda olish maqsadi — real iqtisodiyotga, asosan, moddiy ishlab chiqarishga xos tamoyillar. Ijtimoiy soha — sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniy, ma’naviy, axborot sohalarida bozor tamoyillari to‘laligicha ishlamasligi kerak va bu sohalar to‘liq ma’noda tadbirkorlik faoliyatining turlariga aylanmasligi darkor. Xususan, odamlar ko‘proq kasal bo‘lishidan moddiy manfaatdor bo‘lgan biznes-tibbiyot shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim!

Shundan kelib chiqib, loyiha bo‘yicha Konstitutsiyaning 40-moddasi uchinchi qismidagi sog‘liqni saqlash sohasiga doir “xususiy va boshqa tizimlarini” so‘zlarini “nodavlat tizimlarini” so‘zlari bilan almashtirish lozim. Xuddi shunday ta’lim sohasiga doir 41-moddaning sakkizinchi qismidagi “xususiy va boshqa shakldagi” so‘zlarni “nodavlat” so‘zi bilan almashtirish lozim.

“Xususiy” deganda, odatda, tadbirkorlik tushuniladi. Tadbirkorlik – foyda olish maqsadidagi faoliyat. Sog‘liqni saqlash sohasidagi nodavlat tashkilotlar xususiy biznes tuzilma emas, balki nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) shaklida bo‘lishi lozim. Aks holda xususiy tibbiyot tashkilotlari odamlar ko‘proq kasal bo‘lishidan manfaatdor bo‘ladi. Mos ravishda, ta’lim sohasidagi nodavlat tashkilotlar ham xususiy biznes tuzilma emas, balki nodavlat notijorat tashkilotlari shaklida bo‘lishi lozim.

Uchinchi taklif. Konstitutsiyamiz 53-moddasining amaldagi va taklif qilinayotgan tahririda “Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi” deyilgan. Bu jumladan “Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan” so‘zlarini chiqarib tashlashni taklif qilgan bo‘lardik.

“Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan” deganda maqsad bozor iqtisodiyoti bo‘lib chiqyapti. Bozor iqtisodiyoti esa – bu, bir so‘z bilan ifodalaganda, tadbirkorlikdir. Tadbirkorlik – foyda olish maqsadidagi faoliyat. Tadbirkorlarning foyda olishi ularning maqsadi, lekin jamiyatning maqsadi emas!

Tadbirkorlik, ya’ni bozor iqtisodiyoti jamiyat, xalq moddiy farovonligini, mamlakat iqtisodiy qudratini ta’minlovchi VOSITA. Vosita maqsad bo‘lishi mumkin emas. Samarali bozor iqtisodiyotini qurish uchun Konstitutsiyada barcha mulk shakllari, jumladan xususiy mulkning huquqiy jihatdan tengligi, daxlsizligi va muhofaza qilinishi yetarlicha kafolatlangan.

To‘rtinchi taklif. Loyihada 53-moddaning yettinchi qismi tovarlarning, xizmatlarning, ishchi kuchining va moliyaviy mablag‘larning harakatlanishini qonunchilikka muvofiq cheklashga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llash zarurati yuzaga keladigan holatlarni belgilaydi. Taklifimiz shundan iboratki, bunday zaruriy holatlar ro‘yxatiga, albatta, soliq majburiyatlari bajarilishi zaruratini qo‘shish lozim. Chunki soliq qonunchiligi ijrosini ta’minlash maqsadidagi tovarlar va moliyaviy mablag‘lar harakatini kuzatish, nazorat qilish va zarur holatda cheklash – barcha iqtisodiyotlarga xos umumiy amaliyotdir.

Beshinchi taklif. 53-modda yana “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi” deyilgan to‘qqizinchi qism bilan to‘ldirilmoqda.

Fikrimizcha, bu qismni chiqarib tashlash lozim. Chunki jamiyatimizda, afsuski, korrupsiya illati mavjud. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish korrupsion harakatlar sodir etilishi natijasida amalga oshirilgan bo‘lishi ehtimoli yuqori. Bunday sharoitda ushbu norma amalda jamiyatimizning o‘ta boy va o‘ta kambag‘allar sinfi bo‘yicha tabaqalanishiga, iqtisodiyotimizning “oligarx”lashishiga olib kelishi mumkin.

Farhod Qurbonboyev, iqtisod fanlari nomzodi

Izoh
Asosiy yangiliklar
Shou-biznes
Kayli Jenner — 25 yoshda: chandig‘i bilan faxrlanadigan, fermer bo‘lishni orzu qiladigan sayyoradagi eng yosh milliarder qiz haqida qiziqarli ma’lumotlar
Sport
Rasman: Mahmud Murodov UFC 280 da jang qiladi
Mahalliy
O‘zbekistonda 13-avgust kuni kuzatiladigan ob-havo ma’lumoti