Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari “Soliq va bojxona qonunchiligi, shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlarining qo‘llanilishini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqdi. Bu haqda quyi palata axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasi bilan mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘i stavkasi 15 foizdan 10 foizga tushiriladi. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etiladi.
Shuningdek, xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun soliq imtiyozlari beriladi va alohida soliq rejimi joriy etiladi. Kapital bozorini qo‘llab-quvvatlash uchun soliq imtiyozlari beriladi. Tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlarini hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflash materiallari importi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.
Xotin-qizlarning bandligini oshirish maqsadida mehnat resurslari zich bo‘lgan qishloq joylarning reyestriga kiritilgan hududlardagi tadbirkorlik subyektlariga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida o‘rnatiladi.
Izoh (0)