Oq uyning Yaqin Sharq bo‘yicha koordinatori Brett Makgerk Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi — unga AQSH prezidenti Jo Baydenning 15-iyul kungi tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish vazifasi yuklatilgan. Bu haqda Axios nashri masaladan xabardor to‘rt kishiga tayanib, xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Bayden Isroil va Iordan daryosining G‘arbiy sohiliga tashrif buyurganidan so‘ng Saudiya Arabistoniga keladi. U Tel-Avivdan Jiddaga to‘g‘ridan to‘g‘ri parvoz qiladi, deb xabar berdi portal suhbatdoshlari.
Qayd etilishicha, Baydenning Saudiya Arabistoniga safarining birinchi qismi Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Kuvayt, Qatar, Ummon, Misr, Iordaniya va Iroq rahbarlari ishtirokidagi sammitga bag‘ishlanadi.
“Ikkinchi qism ikki tomonlama bo‘lib, munosabatlarni tiklash, AQSH uchun Saudiya Arabistonida neft qazib olishni ko‘paytirish zarurati hamda Saudiya Arabistoni va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish choralariga bag‘ishlanadi”, — deb yozadi portal manbalarga tayanib.
Avvalroq Bayden Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, u yerda valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan uchrashishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.
Prezidentlikka nomzod bo‘lgan paytida Bayden jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi yuzasidan qirollikni jazolashga va’da bergan edi. Ammo hozir u neft narxini pasaytirish va shu bilan birga “Rossiyani jahon maydonida izolyatsiya qilish” maqsadida neftga boy Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni tiklashga intilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, The Washington Post gazetasida ishlagan jurnalist Qoshiqchi 2018-yilning 2-oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulxonasida o‘ldirilgan. Jurnalistning jasadi esa haligacha topilmagan.
Izoh (0)