Rossiyaning Sofiyadagi elchixonasi hisobiga 890 ming dollar miqdorida pul o‘tkazish Yevropa Ittifoqi sanksiyalari tufayli bloklandi. Bu haqda Bolgariya moliya vaziri Asen Vasilev ma’lum qildi, deb yozmoqda Bolgariya milliy radiosi.
“Rossiya elchixonasiga o‘tkazma to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa komissiyasining sanksiyalari ostida qolmoqda. Rossiya elchixonasi ushbu transfer uchun sanksiyalarni bekor qilishni so‘radi va hozir bu masalada YK bilan kelishuv olib borilmoqda... Ta’kidlanishicha, bu transfer 890 ming dollar miqdorida va maoshlar uchun mo‘ljallangan”, — dedi Vasilev.
Bolgariya Moliya vazirligi rahbari blokirovka Yevropa Ittifoqi sanksiyalari asosida avtomatik tarzda sodir bo‘lganini ta’kidladi.
Bolgariyaning “Shunday xalq bor” partiyasi deputatlik guruhi raisi Toshko Yordanov hisoblarning bloklanishini “ahmoqlik” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya tomoni bunga javoban bolgar diplomatlarining Moskvadagi hisoblarini bloklashi mumkin.
Rossiya elchixonasi “TASS” agentligiga transfer bloklangani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi, biroq izoh berishdan bosh tortdi.
Iyun oyi oxirida Bolgariya Tashqi ishlar vazirligi mamlakatda ishlayotgan rossiyalik diplomatlar sonini Rossiyadagi bolgar diplomatlari sonidan oshmaydigan chegaraga qisqartirishga qaror qilgan edi. Vazirlik Rossiya elchisiga 3-iyul kuni yarim tungacha Bolgariyani tark etishi kerak bo‘lgan 70 nafar rossiyalik diplomatlar ro‘yxatini topshirdi.
Rossiya Bolgariyadan diplomatlarining chiqarib yuborilishini bekor qilishni talab qildi. Rossiyaning Bolgariyadagi elchisi Eleonora Mitrofanova Rossiya rasmiylari oldida Sofiyadagi elchixonani yopish masalasini ko‘tarishini aytdi. Bolgariya Rossiyaning talablarini bajarishdan bosh tortdi va ultimatumlarga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov javob choralarini va’da qildi.