Turkiya hukumati Turkmaniston bilan vizasiz rejimni bekor qilish g‘oyasiga qarshi chiqdi. Bu haqda Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay 1-iyul kuni Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan Ashxobodda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi, deb yozadi “Xronika Turkmenistana”.
“Butun turkiy tilli dunyo bizning mamlakatimizga erkin, hech qanday vizalarsiz keladi, va biz hech kimni cheklamoqchi emasmiz”, — dedi Fuat Oktay.
May oxirida nashr ikki mustaqil manbasiga tayanib, Ashxobod va Anqara Turkmaniston fuqarolari uchun Turkiyaga vizasiz kirish rejimini bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergandi.
Turkmanistonning Anqaradagi elchixonasi hatto Turkiyadagi kompaniya bilan uning Turkmaniston fuqarolariga Turkiya vizasini olish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishi haqida kelishib ham olgan edi.
Eurasia Today qayd etishicha, Turkmaniston fuqarolari orasida eng ommabop yo‘nalishlardan biri bo‘lgan Istanbul bilan aviaqatnov to‘xtatib qo‘yilgan.
Turkiya migratsiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yil yakunlari bo‘yicha, 118 mingdan ortiq turkmanistonliklar Turkiyada istiqomat uchun berilgan guvohnoma bilan yashaydi. Yana 95 mingdan ziyod Turkmaniston fuqarosi yashash uchun qisqa muddatli ruxsatnomaga ega.
Turkmaniston fuqarolari Turkiyada yashash uchun ruxsatnomalar soni bo‘yicha Iroq fuqarolaridan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi.
Ta’kidlanishicha, Turkiyada noqonuniy ravishda yashab yurgan turkmanistonliklar ham ko‘p bo‘lib, ularning aniq soni ma’lum emas.