Bugun, 7-iyul kuni Makkada rasman haj boshlandi, deb yozadi “Interfaks”.
Bu yil haj safari uchun qariyb 1 million kishi kelishi kutilmoqda, shularning 850 ming nafari — Saudiya Arabistoniga boshqa mamlakatlardan keladiganlar.
Hajga faqat 65 yoshgacha bo‘lgan va emlanganlar qo‘yildi, ziyoratga borish imkoniyati onlayn-lotereya orqali o‘ynaldi. Saudiya Arabistoniga kelgan chet elliklar safardan ko‘pi bilan 72 soat oldin olingan testning manfiy natijasini ko‘rsatishi kerak.
Ta’kidlanishicha, bu yilgi hajda koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon eng ko‘p odam ishtirok etadi. Ammo ziyoratchilar soni pandemiyadan oldingi davrga nisbatan kamroq bo‘ladi, o‘shanda hajga o‘rtacha 2,5 million kishi kelardi.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda Haj ziyorati 17—22-iyul kunlari amalga oshirildi. Makkaga shu yil 60 ming ziyoratchi tashrif buyurishi mumkin bo‘ldi, ammo ular faqat qirollik fuqarolari va u yerda yashovchi shaxslardan iborat bo‘ldi, chet elliklar esa pandemiya tufayli ikkinchi yil ham Haj ziyoratiga qo‘yilmadi. Ziyoratchilarning barchasi 18—65 yoshda va koronavirusga qarshi emlangan bo‘lishi sharti qo‘yildi.
Saudiya Arabistoni 2020-yil oktabr oyidan boshlab mamlakatda yashovchi aholisi uchun Umra ziyoratini amalga oshirishga ruxsat bergan edi. Va o‘sha oy o‘rtalarida mamlakat hukumati yetti oy ichida birinchi marta Makkadagi Al-Harom masjidida namoz o‘qilishiga ruxsat berdi.
2020-yil noyabridan Saudiya Arabistoni asta-sekinlik bilan 50 yoshdan katta bo‘lmagan ziyoratchilarni manfiy natijali PZR-test bilan Umra ziyorati uchun kiritishni boshladi.