Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir beqiyos ustozligicha qolaveradi.

O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. O‘n yillar muqaddam aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, ushbu voqea-hodisalarga jamoatchilikning munosabati qanday edi — bari “Kun matbuoti tarixi” rukni materiallarida.

90 yil avval. 1932-yil 28-iyun, seshanba

“Qizil O‘zbekiston”ning xabar berishicha, O‘zbekiston hukumati mushtumzo‘r xo‘jaliklarning belgilari to‘g‘risida qaror chiqargan. Masalan, “chorak hektardan oshiq miqdordagi bog‘lar, tokzorlar va polizlarni, ularning mahsulotini sotib pulqilish uchun ijaraga olgan, sudxo‘rlikdan va diniy xizmatdan darmoadi bor bo‘lgan xo‘jaliklar ham mushtumzo‘r deb hisoblanadilar”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 28-iyun sonidan lavha

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 28-iyun sonidan lavha

“Eskilikning eng yovvoyi qoldiqlari barham topsin” rukni ostida dahshatli xabarlar berilgan: “Kitob qishloq sho‘rosiga qarashliq Qumqo‘rg‘on qishlog‘ida bir necha yosh qizlar aqcha, bug‘doy, guruch, qo‘y va boshqalar barobariga qurbon bo‘layotirlar. Masalan, 12 yashar Xolboy qizi Qurbonoy 200 so‘m pul, 2 pud guruch, bir qo‘y uchun, Jarqo‘rg‘onda 13 yashar Rohatoy Mirbobo o‘g‘liga 100 so‘m pul, 2 pud guruch, bir qo‘yga, Olmazor qishlog‘ida 13 yashar Insonoy 200 so‘m pul, bir qop un, bir dona qo‘y uchun ota-onalari tomonidan sotildilar”. “Nurota rayon 3-partiya yacheykasining mas’ul kotibi Tezbosar jamoasidan 10 yashar bir qizni o‘ziga xotinlikka oldi. ‘Stalin’ kolxozining raisi, kommunist Jo‘raqul Hasanov ham Nazariy deganning 12 yashar qizini qalin mol berib, xotinlikka oldi”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 28-iyun sonidan lavha

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 28-iyun sonidan lavha

Dunyoda nima gap? Sovet gazetalarining yozishicha, Germaniyada aholi, asosan ishchilar fashistlarning hokimiyat tepasiga kelishiga qarshi, shu bois goh Bavariyada, goh Prussiyada norozilik, to‘qnashuvlar:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 28-iyun sonidan lavha

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 28-iyun sonidan lavha

60 yil avval. 1962-yil 28-iyun, juma

“Qizil O‘zbekiston”ning bu kungi soni asosan kuni kecha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston parlamenti sessiyasida qabul qilingan qonunlar va farmonlari bilan to‘lgan. Qonunlardan biri O‘zbekiston Konstitutsiyasining 48 va 51-moddalariga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutadi (ehtimol, bu 1937-yilgi O‘zbekiston Konstitutsiyasining eng ko‘p o‘zgartirilgan moddalaridir — chunki O‘zbekiston hukumati tarkibida yangi vazirlik paydo bo‘lsa yo birorta vazirlik tugatilsa, har safar buni Konstitutsiyaga kiritishga to‘g‘ri kelgan).

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 28-iyun sonidan lavha

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 28-iyun sonidan lavha

Parlament majlisida O‘zbekistonning o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan Jinoyat kodeksi 94-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi farmon ham qabul qilingan. Unga ko‘ra, “bir gruppa shaxslar yoki alohida xavfli retsidivist tomonidan nomusga tekkanlik yoxud nomusga tegish juda og‘ir oqibatlarga olib kelsa, shuningdek, balog‘atga yetmaganlarning nomusiga tegish — 2 yildan 5 yilgacha muddatga surgun qilib yoki surgun qilmay, 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan yoxud o‘lim jazosi bilan jazolanadi” (taqqoslash uchun, O‘zbekistonning hozirgi Jinoyat kodeksi bo‘yicha nomusga tekkanlik uchun eng og‘ir jazo — 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishdir; ayni vaqtda, jabrlanuvchi nomusiga tegilib, qasddan o‘ldirilsa, aybdor umrbod ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin).

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 28-iyun sonidan lavha

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 28-iyun sonidan lavha

“Qo‘lni qo‘lga berib” xabaridan qiziq bir parcha: “Kolxozchilar aviatorlar bilan hamkorlikda qo‘lni qo‘lga berib, g‘o‘za parvarishini kuchaytirib yubordilar. Universalchilar g‘o‘za qator oralarini ikki tomonlama ishlasalar, havo lochinlari osmondan qishloq xo‘jalik ekinlari zararkunandalariga qarshi ximikatlar socha boshladilar... Rayondagi ‘Partiya XX syezdi’, Kalinin nomli kolxozlarda hasharotlarga qarshi samolyotdan dori sepilmoqda. Kolxozchilar qishloq xo‘jalik aviatsiyasi lochinlarining yordamidan benihoya xursand”. Oradan 25 yillar vaqt o‘tib, paxta dalalariga samolyotlardan dori sepish tinimsiz tanqid qilinadi, uning naqadar yomonligi, masalan, “Temir xotin” va “Otamdan qolgan dalalar” kabi filmlarda ko‘rsatiladi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 28-iyun sonidan lavha

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 28-iyun sonidan lavha

“Vaxsh, Panjob, Surxon daryolari va Pomir hamda Tyan-Shan tog‘laridagi minglab jilg‘alardan suv oladigan Amu har yili 50—60 milliard kubometr hayotbaxsh gavharlarini Orol dengiziga behuda oqizadi. Sovet kishilari ana shu o‘jar Jayhunni jilovlashga bel bog‘ladilar. Amu endi cho‘llarga oqadi” — bu “Qizil O‘zbekiston”dagi fotoxabar. Bu fotoxabar Qarshi dashtlarini o‘zlashtirishga bag‘ishlangan katta maqolaga bir ilovadir. “Amu endi cho‘llarga oqadi” — naqadar ta’sirli; oradan 20 yil ham o‘tmay, Orol dengizining suvsizlikdan qurishi nafaqat O‘zbekiston yo SSSR, balki sayyora miqyosidagi fojia sifatida e’tirof etila boshlanadi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 28-iyun sonidan lavha

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 28-iyun sonidan lavha

30 yil avval. 1992-yil 28-iyun, yakshanba

1992-yil 28-iyun kuni O‘zbekistonda markaziy gazetalar chop etilmagan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Putin prezidentlikdan ketsa, uning lavozimiga kim da’vogarlik qilishi mumkinligi ma’lum qilindi
Mahalliy
Qashqadaryoda tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimi tok urishi oqibatida vafot etdi
Dunyo
Afg‘onistonda urush boshlagan AQSH, dispetcher xatoligi sabab qulagan samolyot va Putinning tug‘ilgan kunida o‘ldirilgan faol jurnalist. Kun xronologiyasida 7-okta...