Buxoroning Romitan, Jizzaxning Sharof Rashidov va Samarqandning Narpay tumanlarida tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Departamentning Romitan tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “G‘.E.” xususiy korxona mas’ul shaxslari tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangani oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 352,6 million so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.
Shu kabi, Sharof Rashidov tumanida fuqaro O.Sh. muqaddam tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi holati bo‘yicha sudlangan bo‘lsa-da, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, takroran o‘z yashash xonadonida tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan holda ohak ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgani natijasida jami 137,7 million so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.
Shuningdek, Narpay tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “S.S.” MCHJning Narpay filiali muhandisi F.M. va boshqalar tuman elektr ta’minotidan ruxsatnoma olmasdan, o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr tarmog‘iga ulangan holda foydalanib kelishi oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 301,8 million so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2–moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Mavzuga doir:
- Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida gaz va elektrdan noqonuniy foydalanib, 64 mln so‘m zarar yetkazgan fuqarolar aniqlandi
- Farg‘onada gazdan noqonuniy foydalanib, 650 mln so‘m zarar keltirgan yashirin ohak sexi aniqlandi
- Farg‘onada shaxsiy ekin yerini sug‘orish uchun transformatorga ulanib olib, qariyb 103 mln so‘m zarar yetkazganlar aniqlandi