So‘ngi vaqtda O‘zbekistonda oziq-ovqat narxlarining, xususan qolipli non qimmatlashgani jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lmoqda. Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda masalaning asl sabablarini iqtisodiy tahlil qilib berdi.
Nega “buxanka” narxi oshib yopgan non qimmatlashmadi?
Moliya vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, aholining yillik don iste’mol hajmi 8 million 6 ming tonnani tashkil etadi. Shundan 5,4 million tonnasi fermer xo‘jaliklari va klasterlarda ishlab chiqariladi. 2 million tonnasi davlatning markazlashtirilgan zaxiralari tomonidan sotib olinadi. Ana shu 2 million tonnaning bir qismidan “buxanka” non ishlab chiqiladi. Shu qolipli nonning narxi 1600 so‘mdan 2800 so‘mga chiqdi. Endi nega aynan qolipli non narxi ko‘tarildi, yopgan non narxi esa oshmadi, deb ko‘p savol berilmoqda. Ko‘rinib turibdiki, ikkita parallel bozorning bittasida haqiqiy bozor mexanizmlari bor. Ya’ni obi non erkin bozor tamoyillari asosida sotilmoqda. Talab bilan taklif o‘rtasida muvozanat bor. Ana shu muvozanat natijasida bugunki kunda Toshkent shahrida bitta non 3 ming so‘m atrofida ushlanib turibdi. Chunki novvoylar 1 tonna unning bir qopini 350 ming so‘mga sotib olyapmiz deyishyapti. Bir qop undan 250 ta non chiqarkan. Bundan ko‘rinadiki, bu yerda bozor mexanizmi ishlamoqda. Qanday bozor mexanizmi? Xohlasam O‘zbekistonning unidan olib non yopaman, xohlasam Qozog‘istonnikidan.
Qolipli non ishlab chiqaruvchilarning qanday tanlovi bor? Ular markazlashtirilgan zaxiralardan un olib, o‘sha ishlatgan uniga davlat budjetidan kompensatsiya olib, non chiqargan. Mana shu 2 ming 800 so‘m bilan 1 ming 600 so‘m o‘rtasidagi narx davlat budjeti tomonidan kompensatsiyaga berilayotgan pullar edi. Endi u narxlar qancha edi, deb tahlil qilsak. Turli yillarda har xil. Masalan, 250 million dollardan 270 million dollargacha chiqib ketgan. Mayli u zarar budjetdan xalqqa ketyaptiku, deyish mumkin. Lekin u qanchalik xalqqa yetib boryapti, degan savol ham bor. Bu yerda turli aldovlar bo‘lishi mumkin. Chunki siz zaxiraga aniq 2 million tonna bug‘doy olinganmi, yo‘qmi bilmaysiz. Birinchi navli yoki ikkinchi navli un qanday bo‘lgani, hammasini tekshirish kerak. Ularni saqlash sharoiti qanchalik bo‘lganini aniqlash lozim. Chunki sotib olish bir masala, mavsum davomida saqlash aholida ish. Xullas, mazkur mexanizm texnik tarafdan murakkab. Bu korrupsiyaga, aldovga o‘rin bor degani. Shuning uchun men Moliya vazirligining qilgan ishini to‘g‘ri deb qarayman. Har qanday budjetda kompensatsiya, subsidiya degan narsalar bo‘lsa, u og‘ir narsa. Chunki ular bor joyda korrupsiya va aldov bo‘ladi. Shuning uchun Moliya vazirligi budjet xarajatlaridan chetroq bo‘lishga harakat qilishi to‘g‘ri yo‘nalish. Ana shu subsidiya yo‘q bo‘lgani uchun ham non narxi bozor narxiga aylandi.
Narxlar oshishi nima uchun aynan bugun ro‘y bermoqda?
To‘g‘ri, bizda aynan nega hozir bu masala ko‘tarilgani savollar uyg‘otadi. Aytish kerak, bugun klasterlarning davlat boshqaruv tizimiga bo‘lgan ta’siri ortib boryapti. Ular endi o‘z haq-huquqlarining poymol qilinishiga yo‘l qo‘ymayapti. Ishlab chiqargan mahsulotini tannarxiga yarasha va ma’lum bir miqdorda foyda olishga harakat qilib sotishga intilyapti. Davlat boshqaruv organlariga o‘zining ta’sirini o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘lyapti. Bu ham katta gap. Iqtisodiyotda ishlab chiqarish va iste’mol erkin bo‘lishi kerak. Agar ishlab chiqaruvchi davlat qaramog‘ida bo‘lsa, iste’molchi bozor mexanizmi asosida ishlasa, bu to‘g‘ri emas.
Bugungi kunda birjada bug‘doy mahsulotlarini sotishga ruxsat berildi. O‘rta Osiyoda don birjasini tashkil qilish masalasi 1990-yillardan beri muhokama qilinadi. Mana endi o‘sha kunlarga yetib kelyapmiz shekilli. Agar O‘zbekistonda talab bilan taklif o‘rtasida yaxshi muvozanat yuzaga kelsa, uning mexanizmlari standart taklif va shartnoma degan masalalarga javob bersa, pul to‘langanda mahsulot yetkazib berish garovlari yuqori darajaga chiqsa, u birja rivojlanib boradi. U birjaga asta-sekin nafaqat Rossiya yoki Qozog‘istondan, balki Pokiston va Hindistondan kelib qatnashish mumkin bo‘ladi. Ya’ni turli ishlab chiqaruvchilar bilan iste’molchilar o‘rtasida muvozanat o‘rnatilgan birja, bu bozor munosabatlari stabil bo‘lishi tomon qo‘yilgan qadamdir.
Narxlar o‘sishda davom etishi mumkinmi?
Bundan buyog‘iga narxlardagi o‘zgarishlar keskin bo‘lmasligi kerak. Chunki ularga ta’sir qiluvchi omillar yo‘q. Ba’zilar Ukrainadagi urush keskin ta’sir qiladi deb o‘ylaydi. Yo‘q, biz u yerdan don mahsulotlari sotib olmaganmiz. Bir qismini Rossiyadan, asosan, Qozog‘istondan olganmiz. Bozorda narx-navoning keskin oshishiga qandaydir geopolitik sharoit yuzaga kelishi, qurg‘oqchilik yoki boshqa jiddiy hodisa bo‘lishi kerak. Oziq-ovqat narxlaridan oldin budjet xodimlariga oylik maosh oshirildi. Nafaqadagilarga bir martalik (300-400 ming so‘mlik) pul berildi. Va nafaqalarning qiymati ham oshirildi. Narx-navolar oshishidan oldin O‘zbekiston hukumati ijtimoiy himoyaga muhtoj tabaqalarning umumiy daromadini oshirishga harakat qildi va bunga tayyorlab bordi. Bu bizning siyosatimizda juda katta sezilarli holat bo‘ldi. Birinchi marta narxlar oshishidan oldin odamlarning real daromadi to‘g‘ridan to‘g‘ri taqsimot bilan oshirildi. Tariximizda birinchi marta to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam berilishi bo‘ldi deyish mumkin.
Ukrainadagi urush ko‘pchilikni vahimaga tushirib qo‘ydi. Urush oziq-ovqat inqiroziga olib keladi, degan qarashlar bor. Bu gaplarni g‘arb Rossiyaga tazyiq o‘tkazish uchun boshladi. Rossiya ham uni qo‘llab-quvvatladi va biz shu orqali g‘arbni qo‘rqita olamiz, deb o‘yladi. Natijada vahima yuzaga keldi. Bu vaziyatdan foydalanadiganlar asosan olib-sotarlar hisoblanadi. Ular mahsulotlarni zaxiraga 1-2 oy oldin olib qo‘ydi va sun’iy yetishmovchilik tashkil qildi. Keyin birdaniga narxlarni oshirdi. Bu chayqovchilik. Faqat kungaboqar moyidan ta’sir katta bo‘ldi. Biroz shakardan ham bo‘ldi. Lekin don mahsulotlariga ularning ta’siri bo‘lmadi. Katta miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari zaxira qilishga imkoniyati bo‘lgan strukturalar, albatta bunaqa sharoitdan foydalanadi. Bu doim bo‘lgan. Vahima bo‘lgan joyda talab ham, taklif narxi ham ortadi.