Namangandagi “Afsonalar vodiysi” bog‘i amfiteatrida 61-xalqaro gullar festivalining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Marosimda ishtirok etgan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzaqovning qayd etishicha, gullar festivaliga shu kungacha 2,3 million mehmon kelgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p.
—Mehmonlar oqimi hali to‘xtagani yo‘q. Shu uchun bugungi tadbirni yopilish emas, taqdirlash marosimi deb atadik. Festival esa davom etadi, — dedi Shavkat Abdurazzaqov.
Taqdirlash marosimida “Eng yaxshi landshaft dizayn”, “Gullar avtoparadida eng yaxshi bezatilgan avtomobil” va “Eng yaxshi gulchi” kabi asosiy nominatsiyalarda g‘alaba qozonganlarga bosh sovrin — avtomobillar topshirildi.
Qolgan nominatsiya g‘oliblari esa pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Gullar festivali paradidagi kun qahramoni” nominatsiyasi g‘olibi e’lon qilinganida amfiteatr olqishlarga ko‘mildi. 23 yashar Bahrom Sharifjonov bundan ikki hafta oldin o‘tkazilgan avtokarvonda nogironlar aravachasida ishtirok etib, barchani hayratga solgandi. Unga 10 million so‘m pul mukofoti berildi.
Tadbirda “Artist” loyihasi ishtirokchilari, Xamdam Sobirov, Oybek va Nigora, Alisher Fayz va Rayhonning chiqishlari tinglandi.
O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov avvaliga marosimning mehmonlari qatorida viloyat hokimi yonidan o‘rin olib, tadbirni kuzatdi. So‘ng taqdirlanuvchilarga sovg‘alarini topshirishda qatnashdi. Yakunda esa o‘zi sahnaga chiqib, barchani raqsga chorlovchi xit taronalarini ijro etdi.
Taqdirlash marosimi Ozodbek Nazarbekovning “Jon O‘zbekiston” qo‘shig‘i bilan yakuniga yetdi. Ushbu qo‘shiq ijro etilayotgan payt bayramona mushakbozlik boshlandi va Namangan osmoni rang-barang mushaklar bilan bezandi.
Mavzuga doir:
- Gullarga burkangan avtokarvon, shiddatli yomg‘ir, soyabon ostidagi mehmonlar va mezbonlar: Namangandagi 61-xalqaro gullar festivalining ochilish marosimidan reportaj
- Turfa uslublar va o‘zgacha go‘zallik: Namanganda xalqaro gullar festivali doirasida o‘tkazilgan Farg‘ona vodiysi moda haftaligi (foto va video)