Buxoro viloyat transport boshqarmasi mas’uli 350 dollar pora bilan ushlandi. Holat viloyat Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan aniqlandi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Ta’kidlanishicha, 2022-yilning 31-may kuni departamentning viloyat boshqarmasi, DXX viloyat boshqarmasi hamda viloyat IIB JQB xodimlari hamkorligida fuqaro O.A. arizasi yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.O.A.ning arizasiga ko‘ra, viloyat transport boshqarmasi avtomobil transportini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sh.Q. o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda “GET” MCHJ rahbari O.A.dan jamiyatga qarashli bo‘lgan 9 ta avtotransport vositalariga yo‘lovchi tashish litsenziyasini olib berishni va’da qilib, evaziga 350 dollarni pora tariqasida berishini talaba qilgan. Jamiyat rahbarining turli ovoragarchilik va sarsongarchiliklariga sabab bo‘lgan.
O.A. vaziyatdan kelib chiqib, Sh.Q.ning pora berish haqidagi talabi yuzasidan huquq-tartibot idoralariga xabar berishga majbur bo‘lgan. Olib borilgan tezkor tadbir davomida Sh.Q. jamiyat rahbaridan 350 dollar pulni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Sh.Q.ning xatti-harakatlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda hujjatlar tergovga tegishliligi masalasini hal etish uchun Buxoro shahar prokuraturasiga yuborilgan.
Mavzuga doir:
- Surxondaryoda o‘ziga tegishli bo‘lmagan 50 sotix yerni 500 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
- Farg‘onada qaynsinglisiga himoyachi bo‘lishini iltimos qilgan ayoldan 8 ming dollar olgan soxta advokat ushlandi
- Toshkentda fuqaroga “prava”ni darslarga qatnashtirmasdan olib berishni va’da qilgan avtomaktab rahbari ushlandi