Los-Anjelesda o‘tgan boks oqshomida Jermall Charlo (35-1-1, 19 KO) va Brayan Kastanyo (17-1-2, 12 KO) super yarim o‘rta vazn toifasi mutlaq chempionligi uchun bahs olib bordi.
Jangning 10-raundida Charlo raqibini nokautga uchratdi. Shu tariqa Jermall Charlo mazkur divizion tarixidagi ilk mutlaq chempionga aylandi.
Mazkur bokschilar 2021-yilning iyul oyida ham o‘zaro jang o‘tkazgan va unda durang natija qayd etilgandi.
Ushbu vazn toifasida harakat qiladigan Isroil Madrimov Mishel Soroga qarshi kechadigan revansh jangida g‘alaba qozona olsa, Charloning WBA kamariga majburiy da’vogarga aylanadi.
Madrimov va Soro o‘rtasidagi dastlabki jang 2021-yil 17-dekabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgandi. To‘qnashuvning 9-raundida gong ovozini eshitmagan Madrimov raqibga bir necha zarbalar yo‘llashi natijasida texnik nokaut qayd etilgan edi. Bundan norozi bo‘lgan Soro jamoasi WBA tashkilotiga revansh berilishini so‘rab murojaat qilgandi. WBA Soro jamoasining so‘rovini qabul qilgan va Madrimovga revansh jangida ishtirok etish majburiyatini qo‘ygan. Ushbu jang 9-iyul kuni Londonda bo‘lib o‘tadi.
Ushbu vazn toifasida WBO kamariga rossiyalik Timofey Szyu majburiy da’vogar hisoblanadi.
Izoh (0)