UFC prezidenti Deyna Uayt tasodifan tashkilotning yaqin oradagi rejalarini oshkor qilib qo‘ydi.
Promouterning The Pivot Podcast kanali bilan bo‘layotgan suhbat chog‘ida Uaytning ofisida tashkilotning yozgi musobaqa ishtirokchilari yozilgan doska tasvirga tushib qolgan.
Unga ko‘ra, Hamzat Chimayev va Neyt Dias o‘rtasidagi qarama-qarshilik 3-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan UFC 276 musobaqasining ikkinchi asosiy jangiga aylanish ehtimoli bor.
Chimayev UFC’da 5 ta g‘alabali seriya qayd etmoqda, ulardan to‘rttasi tezkor g‘alabalar. Hamzat so‘nggi jangini 10-aprel kuni o‘tkazib, Gilbert Byornsni hakamlar qarori evaziga mag‘lub etgandi.
Dias 2021-yil yozidan buyon oktagonga chiqmadi. Neytning so‘nggi jangida angliyalik Leon Edvardsga imkoniyatni boy bergandi.