XXI asr — axborot asri. Bugungi kunda axborot sohasi eng muhim sohalardan biri bo‘lib, inson hayotida katta o‘rin tutadi. Biz kuniga minglab axborot qabul qilamiz va o‘zimiz ham boshqalarga ulashamiz. Axborot orqali insonni yaxshi tomonga ham, yomon yo‘lga ham yo‘naltirish mumkin. Hozirda axborot urushlari qurolli urushlardan aslo kam o‘rinni egallamayapti. Aynan yolg‘on informatsiya orqali kishini manipulyatsiya qilish, aldash propaganda deyiladi. Bu insonni real voqealikdan uzoqlashtiradi. “Qurbon” esa boshqa dunyoda yashay boshlaydi. Propaganda asli kimga va nimaga kerak? Uni qanday aniqlash mumkin?
Propaganda o‘zi nima?
Propaganda so‘zi lotincha “propago” — “tarqatish” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, zarur jamoatchilik fikrini shakllantirish uchun voqea-hodisa, fakt va ma’lumotlarni buzib ko‘rsatish, yolg‘on axborot va mish-mish tarqatish kabilarni o‘z ichiga oladi. Bu so‘z Rim papasi Grigoriy XV tomonidan 1622-yil tashkil qilingan “Congregatio de Propaganda Fide” (E’tiqodni targ‘ib qilish jamoati) tashkiloti nomidan olingan.Dastlab faqatgina diniy mazmunga ega bo‘lgan propaganda Birinchi jahon urushi davrida haqiqiy siyosiy texnologiyaga aylanadi. Antanta va uning ittifoqchilari turli propaganda usullari yordamida aholida urush va Germaniyaga qarshi fikrni shakllantiradi. Aynan shu davrda OAVning propagandadagi roli ham belgilab olinadi.
Birinchi jahon urushida Germaniya qurolli kuchlari bosh shtabi qo‘mondoni bo‘lgan Erix Lyundendorf, undan so‘ng Adolf Gitler Germaniyaning urushdagi mag‘lubiyatiga aynan propaganda sabab bo‘lgan deya fikr bildirgan. Oldingi saboqdan kelib chiqqan holda va o‘zining shafqatsiz ishlarini niqoblash uchun Adolf Gitler Germaniyada hatto alohida Propaganda vazirligini ham tuzadi.
Oddiyroq qilib aytganda, bu insonning dunyoni ko‘rish manzarasini boshqarishning bir shakli, ya’ni unga haqiqiy dunyoni emas, propagandachi istagan olamni ko‘rsatishdir. Bu orqali esa insonni propagandachiga kerak bo‘lgan ish va fikrlashga majbur qilishga yoki kerak bo‘lmagan ishni qilmaslikka undash — propagandaning asosiy vazifasi. Propagandaning voqealik va faktlarga nisbatan inson fikrini shakllantirish texnologiyasi manipulyatsiya va ochiqcha aldashga asoslangan. Bunda yolg‘on uni haqiqiy ko‘rsatish uchun kerak bo‘ladi.
Yolg‘on va manipulyatsiyaga nisbatan katta e’tibor propagandani tasodifiy suhbat yoki erkin, oson fikr almashishdan ajratib turadi. Undan tijoriy reklama, jamoatchilik bilan aloqalar, siyosiy kampaniyalar, diplomatik muzokaralar, huquqiy masalalar va jamoaviy bitimlar kabi bir qancha sohalarda foydalanish mumkin.
Propagandaning aniq maqsad(lar)i bo‘lib, unga erishish yo‘lida faktlar, argumentlar va boshqa belgilar tanlanadi, keyin ular atayin ommaga katta ta’sir o‘tkazadigan tarzda taqdim qilinadi. Ta’sirni oshirish uchun keraksiz faktlarni o‘tkazib yuborish, voqealarni buzib talqin qilish yoki shunchaki yolg‘on gapirish ham mumkin. Asosiy e’tibor jamiyatni ishontirishga qaratiladi. Masalan,“oliy ta’limsiz yaxshi hayot kechirib bo‘lmaydi” degan g‘oya insonning ta’lim olishiga emas, balki universitetlarning onlayn sotiladigan diplomiga talabni oshirish uchun propaganda qilinishi mumkin.
Propagandadan ijobiy tomonlama ham foydalansa bo‘ladi, biroq ko‘pincha jamiyatga zararli tarzda qo‘llangani bois bu atama salbiy ma’noga ega bo‘lgan. Odamlar boshqaruv texnologiyalari haqida qanchalik kam ma’lumotga ega bo‘lsa, ularni aldash va boshqarish shunchalik oson bo‘ladi. Agar barcha odamlar haqiqatni bilganida edi, urushlar ertagayoq tugashi mumkin bo‘lardi.
Propaganda va senzura
Inson kislorodsiz yashay olmaganidek, propaganda ham senzurasiz hech qanday ta’sirga ega bo‘la olmaydi. OAV har doim propagandaning eng asosiy tarqatuvchisi bo‘lib kelgan. Faqatgina ularni senzura qilish orqali o‘ta ta’sirli propaganda olib borish mumkin.Masalan, senzura bo‘lmasa, biror oligarx o‘zining shaxsiy telekanali orqali o‘z kompaniyasi mahsulotlarini propaganda qilishi, ammo boshqa bir telekanal esa uning yolg‘onlarini fosh qilishi mumkin. Axborot olish va tarqatish erkin bo‘lgan jamiyatda uning ta’siri juda kam bo‘ladi.
Bugungi kunda propagandaning eng katta quroli bu — televideniye. Uning asosiy qo‘llovchisi davlat bo‘lgani bois hukumat eng katta auditoriyaga ega OAV bo‘lmish televideniyedan faol foydalanadi. Qator avtoritar davlatlarda faqatgina davlat telekanallari faoliyat ko‘rsatadi.
XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab propaganda avtoritar davlatlarning asosiy quroliga aylandi. Chunki faqatgina avtoritar boshqaruv shakli davlatda senzura o‘rnata oladi. XX asrdagi davlat senzurasi va propagandasining eng yorqin namunasi sobiq SSSR davlati edi. Kommunistik propaganda boshqa davlatlar propagandasidan yuzsizlarcha aldashi, jamoatchilik e’tiborini umuman keraksiz axborotlar bilan chalg‘itishi, biroq aholini shijoatga to‘ldirishi bilan ajralib turdi. Albatta bunda shafqatsiz repressiyalarning ham o‘rni katta bo‘lgandi.
Hozirgi dunyoda propaganda asosan avtoritar va demokratik bo‘lmagan davlatlarda katta kuchga ega. Hukumatlar u orqali aholi fikrini nazoratda ushlashga, iqtisodiy va siyosiy muammolarni yashirishga hamda bu bilan jamiyatning norozilik harakatlarini kuchaytirmaslikka urinadi.
Ko‘plab hukumatlar ma’lum voqealikni umuman boshqa tomondan ko‘rsatish orqali o‘z harakatlarini oqlashga intiladi. Bunday propaganda texnologiyasining katta to‘lqinini hozirda ko‘rib turibmiz.
Propagandani qanday aniqlash mumkin?
Axborot asrida propagandani aniqlash juda muhim ahamiyat kasb etadi. Yolg‘on ustiga qurilgan propaganda inson dunyoqarashini butunlay o‘zgartirib yuborishi va uni reallikdan uzib qo‘yishi mumkin. Quyida eng ko‘p qo‘llaniluvchi bir necha propaganda turi va ularni qanday qilib aniqlash yo‘li haqida to‘xtalamiz.Nomdan foydalanish
Ushbu usulda jamiyatdagi salbiy nom biror shaxs yoki narsa bilan bog‘lanadi va uni qoralashga xizmat qiladi. Bu usul propagandachilar o‘z fikrini faktlar bilan isbotlashdan qochganda qo‘llanadi. Ular nimaga ishonishlarini tushuntirish va isbotlash o‘rniga, raqibni salbiy nomlar orqali qoralashga, uning pozitsiyasini kamsitishga urinadi. Masalan seksist, gomofob, fashist, ateist va hokazo.
Bunday usulga duch kelganda quyidagi savollarni berish kerak:— Bu nom yoki yorliq men uchun nimani anglatadi?
— Ko‘rib chiqilayotgan masala yoki shaxs salbiy nom bilan qandaydir bog‘liqlikka egami? (Masalan, soliq muammosi bilan gomofoblikning qanday aloqasi bor?)
— Agar salbiy nomni olib tashlasam, g‘oya yoki masalaning men uchun qanday afzalliklari bor?
Bo‘yoqdor so‘zlar
Ushbu propaganda usuli yuqoridagi usulning aksi bo‘lib, biror harakat yoki shaxsni ijobiy nom bilan atab, uning manfaatini qo‘llashga xizmat qiladi. Masalan, boshqa davlatga hujum qilgan davlat o‘z harakatini bo‘yoqdor so‘zlar — “fashizmga qarshi kurash”, “kichik xalqlarga yordam berish”, “millatchilarni yo‘q qilish” nomlari bilan atab, o‘z harakatini oqlashga urinadi. Ushbu usulni aniqlashning oddiy yo‘li matndan bo‘yoqdor so‘zlarni olib tashlaganda, qanday maqsad qolishini ko‘rishdir: shunchaki o‘sha davlatni bosib olish.
Bo‘yoqdor so‘zlar deyarli har doim real voqelikka umuman aloqador bo‘lmaydi va propagandachining harakatlarini oqlash uchungina o‘ylab topiladi.
Ergashish
Bu texnika juda oson. Xalq orasida obro‘si katta taniqli insonlarni (garchi ular mavzuni yaxshi tushunmasa-da) propaganda kampaniyasiga qo‘shish. Masalan, biror mashhur san’atkorni siyosiy yoki tijoriy propagandaga jalb etish ortidan uning muxlislari ham san’atkor kabi bunga ergashadi.
Bu texnikani aniqlash yo‘li ham oson. Siz shunchaki o‘zingizga “bu san’atkor siyosat yoxud mahsulot haqida nimani biladi?”, “u bu bilan nimaga erishadi?” deya savol berishingiz kerak.
Oq yoki qora
Bu texnikada har qanday masalaning faqatgina ikki yechimi taklif qilinadi. Siz yo propagandachi taklifiga ko‘nasiz, yo unga qarshi qutbga o‘tasiz. Aytaylik, siz 9-may kunini G‘alaba kuni sifatida nishonlashga qarshisiz, demak, siz fashistsiz!
Bu usul sizni noqulay pozitsiyaga qo‘yish uchun ikki javobdan boshqa barcha yechimlarni rad etadi va sizni propagandachi istagan javobni tanlashga majbur qiladi. Vaholanki, sizda 9-may kunini Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlash tanlovi ham bor aslida.
Noto‘g‘ri bog‘lov
Bu usul A dan keyin B ning kelishi, A har doim B ni chaqirishi kerak bo‘ladi nazariyasiga asoslanadi. Ya’ni:
— Toshmat urushga qarshi fikr bildirdi.
— Isroil davlati va yahudiy tashkilotlari ham urushga qarshi fikr bildirdi.
— Toshmat yahudiyparast xoin!
Shuni eslab qolish kerakki, ikki hodisa yoki ma’lumotning bir-biriga bog‘liqligi biri ikkinchisiga sabab bo‘lgan degani emas. Noto‘g‘ri xulosa chiqarishdan oldin ma’lumotlarni diqqat bilan o‘rganish muhim.
Ushbu propaganda texnikalari eng asosiy va ko‘p qo‘llanuvchi bo‘lib, uning yana boshqa o‘nlab turlari mavjud. Propagandaning ba’zi ijobiy tomonlari bo‘lsa ham, uning salbiy taraflari ancha ko‘p. Yolg‘on va manipulyatsiyaga asoslangan propaganda insonni reallikdan uzoqlashtirib, uni propagandachiga foydali, o‘ziga esa zararli qarorlar qabul qilishga undaydi. Bu nafaqat yakka shaxs, balki butun jamiyat uchun ham zararlidir. Hozirgi axborot maydonida bundan saqlanish uchun har qanday axborotni bir necha manbadan o‘rganish va taqqoslash, hech qaysi OAV yoki kishi tarqatayotgan ma’lumotni mutlaq haqiqat deb qabul qilmaslik talab etiladi. Zero har qanday propaganda bir kun kelib o‘zining salbiy oqibatlarini ko‘rsatadi.
Izoh (0)