“Davrbank” tomonidan fuqarolarning bank kartasidagi pul mablag‘lari ularning ruxsatisiz yechib olingani aniqlandi. Markaziy bank matbuot kotibining ma’lum qilishicha, Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga bu borada murojaatlar kelib tushgan.
Ushbu murojaatlar o‘rganilganda kafil yoki birgalikda qarz oluvchi hisoblanmagan fuqarolarning bank kartalari qonun hujjatlariga rioya qilinmagan holda ularning roziligisiz tijorat banki tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun biriktirilib, mablag‘lar yechib olish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani aniqlangan.
Bunday amaliyotni yo‘lga qo‘ygan “Davrbank”ka nisbatan belgilangan tartibda jarima sanksiyasi qo‘llanilgan. Shuningdek, bankka fuqarolarning bank hisobvaraqlaridan (shu jumladan, bank kartalaridan) mablag‘larni qonunchilikka zid ravishda ularning roziligisiz hisobdan chiqarish amaliyotiga chek qo‘yish hamda fuqarolardan shu mazmunda shikoyatlar kelib tushganda ushbu mablag‘larni qaytarib berilishini ta’minlash vazifalari yuklatilgan.
“Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tijorat banklarining insofsiz xizmat ko‘rsatish amaliyotlariga qarshi turadi hamda kredit qarzdorliklarni uchinchi shaxslar hisobidan so‘ndirishda amaldagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishga chaqiradi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.
Shu bilan birga, barcha tijorat banklariga “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 57-moddasida bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzgani uchun bankka nisbatan choralar ko‘rilishi belgilangani eslatib o‘tilgan.
Tijorat banki tomonidan kartadan mablag‘lar yechilgan holatlarda qonun hujjatlari bilan belgilangan huquqlar buzilgan deb hisoblansa, Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga yozma ravishda yoki (71) 212-60-15, (71) 212-73-80, (71) 212-60-94 telefon raqamlari orqali murojaat qilish mumkin.
Mavzuga doir: Markaziy bank InfinBank’ga nisbatan jarimalar qo‘lladi
Izoh (0)