Dunyo kezib, yurt ko‘rish uchun samolyot va tezyurar poyezdlar qulay transport vositasidir. Lekin uzoq manziliga havo yoki temir yo‘llari orqali borish shart emas deb hisoblaydigan va buni amalda isbotlagan Konstantin Bushayev shaxsiy ulovi (Cobalt)da Toshkentdan Shveysariyagacha borgan. “Daryo” jahongashta sayyoh, iqlim uskunalari (ventilyator, konditsioner, isitgichlar) ustasi, Yevropa shaharlarini avtomobilida kezgan sayohatchining noodatiy safari haqida hikoya qiladi.
Konstantin Bushayev — Toshkent shahrida tug‘ilgan. 33 yoshda. Oilali, ikki nafar farzandi bor. Ekstremal sport turlari va mashinada dunyo kezishni yoqtiradi.
YouTube’da Bushaev Travel videoblogini yuritadi.
Hammasi birgina istakdan boshlangan
“Yevropa safariga tayyorgarlik ancha avval, to‘rt yil oldin boshlangandi. Alp tog‘larini ko‘rish va u yerda snoubordda uchish orzuyim bor edi. Kun kelib istagim amalga oshadi deb o‘ylamaganman ham. Moskva shahrida zarur ishim chiqib qolgach, ’ana endi sayohatga otlansam bo‘lar’, deb o‘ylaganman.Uzoq yo‘lga mashinada chiqish fikri balki tabiatan ekstremallikni yoqtirganim uchun paydo bo‘lgandir. Lekin Yevropa ancha olis. U yerlarga avtomobilda borish oson emas, ustiga ustak, mashinada qandaydir muammo bo‘lmasligi uchun yangi mashina sotib olgan yaxshiroq edi. Ammo bu ham imkonsizdek edi.
Yo‘lim ochilib, yangi mashina ham sotib oldim. Amalga oshmaydigandek ko‘ringan ishlar baribir ro‘yobga chiqishiga ishonaman. Yevropa bo‘ylab sayohat rejamizni eshitgan va bizga hamroh bo‘laman deganlar ko‘p edi, lekin oxiri turmush o‘rtog‘imgina meni qo‘llab-quvvatladi. Shunday qilib, hammasi oddiygina snoubordda uchish haqidagi xayoldan boshlangan”.
Elchixonadagi navbatlar va uzoq kutilgan kun
“2016-yilning sentyabri. Rejamdagi sayohatga ikki oy qolgan. Italiya va Germaniya elchixonasidagi onlayn navbatlar kelasi bir yarim oy uchun ham to‘lib bo‘lgandi. Viza olish uchun navbatga yozilgach, chet elga chiqadigan shaxslarni sug‘urta qilish, chet el valyutasi borligi haqida bankdan xabarnoma, rasm, mahalladan ma’lumotnoma va shu kabi turli hujjatlarning nusxasini tayyorlashga kirishdim. Elchixonada navbatimiz kelgach, hujjatlarni olib, turmush o‘rtog‘im bilan suhbatga bordik. Ko‘p savollarga javob bergach, hujjatlarimiz qabul qilindi.Tayyorgarlik avjida. Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasining javobini kutyapmiz, ammo oxirgi kungacha bizga ijobiy yoki salbiy javob berishini bilmasdik. Shu sabab, qo‘shimcha ehtiyot choralarini ham o‘ylab qo‘ygandim. Agar viza berishmasa, Moskvagacha borib, u yerdan Kemerovsk oblastiga o‘tib, Sheregesh tog‘-chang‘i kurortida snoubordda uchishni reja qilganman. Elchixona javobini kutarkanman, eng avval mashina moyini almashtirdim. Har qanday holat bo‘lishi mumkin deb g‘ildiraklar, qishki shinalar — hammasini tekshirib, to‘g‘rilab, tayyorladim.
Xullas, jomadonlarni yig‘ishtirdik. Ertasi kuni Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasidan javob olishimiz kerak edi. Navbatimni kutyapman, menga o‘xshaganlarniki besh daqiqaga qolmay chiqyapti. Lekin negadir hamma ketib, o‘zim qoldim hamki hech kim chaqiravermasdi.
Nihoyat, galim keldi. Adashmasam, shaxsan elchining qabuliga kiritishdi. Savollar berildi. Qarorim jiddiyligini isbotlab, viza berilishiga erishgandim. Ruxsat qo‘limda, xursandligimdan ayolimga qo‘ng‘iroq qildim va ertaga uzoq kutilgan kun — Yevropa sayohatiga ketishimizni aytdim”.
“Mashinada sayohat qilish uchun qanday hujjatlar kerakligi hech qayerda yozilmagan”
Xorijga samolyotda borsangiz, qanday hujjat kerakligini bilish muammo emas. Lekin avtomobildagi sayohatga nima kerakligi bo‘yicha tayinli javob yo‘q. Shu haqda ma’lumot olish niyatida saytlarni qidirdim. Deyarli barida havo yo‘llari orqali zarur bo‘ladigan hujjatlar haqida ma’lumot berilgandi. Elchixonalarga shu savol bilan qo‘ng‘iroq qilganimda internetdan ma’lumot topishimni aytishar yoki o‘zlari ham internet ma’lumotlaridan o‘qib berishardi.Mantiqqa tayanib, xalqaro haydovchilik guvohnomasini tayyorlab, ’texpasport’imni notariusda rus va ingliz tiliga tarjima qildirib, tasdiqlatib olgach, yo‘nalishimni belgiladim. Qog‘ozga qayerdan qayerga borishimgacha chizib, internetdan mehmonxonalarni band qildim”.
Cobalt’da O‘zbekistondan Alp tog‘larigacha...
“Toshkentdan erta tongda yo‘lga chiqqanmiz. Kechga borib, Qoraqalpog‘istonga kirib bordik va Nukusda qarindoshlarimizning uyida tunadik. Ertasi kuni saharlab O‘zbekiston chegarasidan chiqib, Qozog‘istonga kirgandik. U yerdan esa Rossiyaga o‘tgandik. Moskvada ishim bo‘lgani uchun to‘rt kuncha shu yerda qolib, yumushlarimni bitirdim va Qizil maydonni aylandik. So‘ng Belarusga qarab yo‘lga tushdik. Shu tariqa sayohat xaritamizdagi mamlakatlar ketma-ketligi — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Polsha, Germaniya, Avstriya, Italiya, Shveysariya edi va shunday bo‘lgan ham. Ortga esa Italiya, Avstriya, Chexiya, Polsha, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston orqali qaytganmiz.Aslida uzoq safarlarga tajribam yo‘q edi, bir o‘tirishda Qarshi shahriga 450 kilometr masofani bosib o‘tgandim, xolos.
Asosan internetdagi xaritalar orqali harakatlanganmiz. Chunki yo‘llarni bilmayman, mutlaqo notanish edi. Ayrim davlatlarda ikki mamlakatni ajratib turuvchi chegara nazorat punktlari ham yo‘q edi. Misol uchun, Yevroittifoqda hech qanday chegara yo‘q. Germaniyaga kirib borganimizni faqatgina yo‘l ko‘rsatgich (navigator) orqali bilgandim.
Belarusda ko‘p qolmay, Polshaga yetib bordik. Shahar aylandik va kechki ovqat vaqtida bizga notanish bo‘lgan taomlarni tatib ko‘rdik. Baribir o‘zimiznikilarga yetmaskan...
Ertalab Berlinga qarab yo‘lga chiqdik. Tushlikka yaqin poytaxt shaharga yetib, mehmonxonaga yuklarimizni joylashtirdig-u, diqqatga sazovor joylarni ko‘rishga oshiqdik. Berlinda tarixiy, mahobatli, ko‘rganda aqlni shoshiradigan binolar ko‘p edi. Ularni bir chetdan tomosha qilaverdik. Nemis oshxonalariga kirdik. Kech tushmay Germaniyaning boshqa shaharlarini ko‘rishga qaror qildik. Nyurnberng, Myunxen kabilar chiroyi bilan bizni lol qoldirdi.
Avstriyaga qarab kirib kelyapmiz. Hech qanday chegara punkti yo‘q. U yerda cho‘ntakbop narxga ovqatlandik va ko‘p ham qolib ketmadik.
Italiya tomon yo‘lga tushdik. Venetsiya shahriga keldik. Qayiqda suzdik, do‘konlarni ham aylandik. Bir kecha yotib, ertasiga mamlakat shimoli-g‘arbidagi Chervinya tog‘-kurortiga qarab yo‘l oldik. Mehmonxonaga joylashgach, dam olmay ham snoubordda uchish vaqti kelganini sezdim. Birinchi marta yuqoriga olib chiquvchi ’kabinka’ga o‘tirdim. Tepaga ko‘tarilganim sari bulutlar tobora pastda qolib ketayotgandek tuyulgandi.
Bir nechta o‘tish yo‘lidan keyin eng baland cho‘qqi — taxminan, 3800 metrga chiqdik. Toqqa ko‘tarilgach, Shveysariya va Italiya chegaralari ko‘z oldimda yastandi-qoldi. 4000 metr balandlikka, kanat yo‘lining eng yuqori nuqtasiga chiqqach, nihoyat orzuyimga yetdim — Alp tog‘ida snoubord uchdim.
Yevropaning pulli yo‘llarida hushyor bo‘lib mashina haydash shart
Yevropaning yo‘llari tekis va ayrimlari uchun pul to‘lab, mashina boshqarasiz. Agar yo‘lda tunneli bo‘lsa, ularning narxi yanayam oshadi. Belarusda pullik yo‘llarga transponder — yo‘l haqini to‘lash uchun maxsus kompakt-elektron qurilma sotib olish kerak bo‘lgan. Aks holda katta jarima solinib, avtomobil musodara qilinishi ham mumkin.Yo‘llarda eng muhimi, haydovchi avtoulovni qanday boshqarishi. Yevropada yo‘l harakati qoidalariga hamma rioya qiladi. Sayohatim davomida biror qoidabuzarni uchratmadim. Hatto o‘zim ham o‘ta ehtiyotkor bo‘lib yurdim. Yana chet mamlakatlari, masalan, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus va Yevroittifoqda mashinada harakatlanish uchun alohida-alohida sug‘urta zarur bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: Pullik avtomobil yo‘llari — haydovchilar uchun muayyan haq olinadigan avtomobil yo‘li. Ushbu to‘lov yo‘lni ko‘rish va saqlash xarajatlarini qoplash uchun ishlatiladi. Ko‘pincha tezyurar yo‘llar, ko‘priklar va tunnellardan foydalanish uchun pul to‘lanadi. Bugungi kunda bu faqat avtomobil transportiga tegishli bo‘lib, yo‘l haqi miqdori avtomobil sinfi, og‘irligi yoki g‘ildirak o‘qi soniga qarab o‘zgaradi; katta va katta yuk tashish uchun tariflar odatda yengil avtomobillarga qaraganda yuqori bo‘ladi.
Yevropadagi mashina yuvish shoxobchalari hali-beri esimdan chiqmasa kerak. Mashinani yuvishga olib kiryapman, lekin ishchilar yo‘q. Keyin bilsam, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish ekan. Avtomat ichiga tanga tashlaganimda, yuvish uchun hamma kerakli anjomlarni chiqarib bergan. Qo‘limni sovuq suvga urmay, ulovimni yaraqlatib yuvgandik. Bu yerda ko‘p xizmatlar avtomatlashtirilgani juda yoqqandi. Avtoturargoh uchun ham to‘lovni avtomat orqali tez va oson do‘ndirganmiz.
Xuddi ertaklardagidek betakror...
Yevropaning Berlin, Venetsiya, Myunxen kabi katta shaharlarini ko‘rish orzuyim edi. Chindanam, bu o‘lkalar go‘zal va juda betakror ekan. Sayohat davomida eng unutilmas voqea — Venetsiyadagi katta Grand kanali bo‘ylab gondolada suzganimiz bo‘lgan. Xuddi ertak deysiz.To‘g‘ri, butun shaharni qayiqda kezish sal qimmatlik qiladi, lekin shunga arziydi. Yana qayiqni boshqarayotgan italiyalik men va ayolim uchun italyancha qo‘shiqlarni kuylab bergandi. Buyam ancha qimmatga tushgan.
Italiya mana shu shahar ichidagi qayiqlarisiz va pitsasisiz Italiya emas.
Berlinda metroga tushdik. Hech qanday turniket yo‘q. Odamlar bilet sotib olmay ham ichkarida yuraverisharkan. Metro iflos, hatto relslarga ham butilkalarni tashlab ketishgandi. Qayerdan chipta olishni so‘raganimda, sotib olmay yursa ham bo‘laverishi, ammo tekshirganda katta jarima borligini aytishdi. Kim, qachon tekshirishini esa birov bilmasdi.
Odatda, borgan joylarimizda 2-3 kuncha qolib, tarixini o‘rganardik. Shungami, bizga notanish-u qiziq tuyulgani uchun Berlinda yana bir kun qolishga qaror qilganmiz.
Mashaqqatsiz sayohat sayrga ham o‘xshamaydi
Biz ko‘pincha noma’lum tomonga harakatlanar va hammasini yo‘l-yo‘lakay bilib olaverardik. Masalan, Rossiyadan keyin bizni nimalar kutayotganini bilmasdim. Germaniya va Italiyada ro‘yxatdan o‘tib, band qilgan mehmonxonamiz manzilini topolmay, mashinada bir necha marta tunab qolishga ham to‘g‘ri kelgan.Qo‘shimchasiga, Belarus bojxona xodimlari noto‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgani uchun ortiqcha 600 kilometrni haqiqiy nazorat punktini topishga sarflaganmiz. Agar sayohat qiyinchiliksiz o‘tsa, u zerikarli bo‘ladi. Bor mashaqqatga huzurbaxsh sinov sifatida qarash kerak, deb o‘ylayman.
Yevropaga safarimda 16 ming kilometr yo‘l bosibmiz. 1184 litr yonilg‘i sarfladim, 32 kun yurt kezdim, ikki kishi uchun 4 ming dollar xarjladim. Samolyotni tanlaganimda, 6 kunga kishi boshiga 2 ming dollar sarflashimga to‘g‘ri kelardi.
Ushbu mamlakatlar madaniyati haqida kitob yozsa arzigulik
Sayohatlarim davomida shaharlar tarixi bilan tanishdim. G‘aroyib ajoyibotlarni ko‘rdim. Sayohat menga odamlar bilan qanday muomala qilish kerakligini o‘rgatdi. Bir shaharning turli qismlarida madaniyatlar ham turfa, manzaralari ham bir-biridan go‘zal. O‘sha ellarning madaniyati haqida uzoq vaqt gaplashish, o‘rni kelsa, kitob yozish ham mumkin. Lekin bir haqiqatga ishondim: bizning xalq baribir mehribon, kengfe’l, dilkash va mehnatsevar...Avtoturizm – xayolotingdagina cheklangan, aslida esa juda keng tushuncha. Sayohat kishini chiniqtiradi – ham ma’nan, ham jismonan. Sayohatning o‘zi alohida olam.
Turli mamlakatlar orqali g‘ayrioddiy va qiziqarli yo‘nalishlar tuzib, uzoq masofaga, ya’ni Malayziyaga borishni rejalashtiryapman. Hozir shuning harakatidaman. Maqsad va orzularim kun kelib amalga oshishiga doimgidek ishonaman.
Izoh (0)