Bugun O‘zbekistonda yashash xarajatlari yosh oilalar, talabalar, umuman, ko‘pchilik uchun asosiy masalalardan biriga aylangan. Ayniqsa, hayotini qay shaharda davom ettirishni o‘ylayotganlar uchun Toshkent va Samarqand varianti ko‘p uchraydi. Poytaxt siyosiy va iqtisodiy markaz sifatida faol hayot va yaxshi ish imkoniyatlarni taklif etadi. Samarqand esa Amir Temur saltanatining poytaxti, o‘zining tarixiy obidalari, madaniy merosi va nisbatan sokin hayoti bilan O‘zbekistondagi eng ahamiyatli shaharlardan biri sanaladi.
“Daryo” muxbiri ikki shaharda yashayotgan insonlar tajribasi asosida ularning ijara va ko‘chmas mulk xarajatlari, oziq-ovqat narxlari, ta’lim, transport, ekologiya va boshqa hayotiy jihatlarda qanday farqlar borligini solishtirdi.

Avvalo hayoti davomida turli shaharda yashab ko‘rgan hamda tug‘ilganidan buyon bir shaharda istiqomat qilayotgan oddiy insonlar fikri tinglandi. Ular orasida turli yoshdagi, kasbdagi, oilaviy holatdagi odamlar bor va har biri yashash xarajatlariga o‘z nuqtai nazaridan yondashdi.

Sherzod, 35 yosh: “Samarqandda hayot tinch, lekin topganingni ehtiyotlab sarflash kerak”
Sherzod oilasi bilan Samarqandda yashovchi quruvchi erkak. Ustachilik qiladi. Har xil obyektlarda faoliyat olib boradi, muntazam ish joyi mavjud emas. Oilali, ikki farzandning otasi. Ayoli — uy bekasi. U uy-joy, oziq-ovqat, to‘lovlar va boshqa “chiqim”lar haqida gapirib berdi.
Uy va yashash xarajatlari
— Shaharning Dahbed tomonida o‘z hovlimiz bor. 2018-yili kreditga olgandik, yaqinda to‘lab bo‘ldik. Agar hovli olmoqchi bo‘lsangiz, eng kamida 600–700 mln so‘m kerak bo‘ladi. Ijara narxlari ham oshib ketgan, yaqinda tanishim shaharda 2 xonali uyga 2 million so‘m to‘lay boshladi, deydi Sherzod.

Oziq-ovqat
— Bozor narxlari har hafta o‘zgarib turadi. Go‘shtning bir kilogrammi 100 ming so‘m. Tuxumni uydagi tovuqxonadan olamiz, bunga ortiqcha xarajat qilmaganimiz yaxshi. Lekin dehqonchilik mahsulotlari — piyoz, kartoshka, sabzini, asosan, bozor va mahalliy do‘konlardan xarid qilamiz. Narxlar qimmat emas, 5 mingdan 7 ming so‘mgacha. Mosh, guruch va boshqa don mahsulotlari 15 mingdan 18 ming so‘mgacha. Oziq-ovqat uchun haftasiga o‘rtacha 700–800 ming so‘m sarflayman, deydi u.

Kommunal to‘lovlar va bolalar uchun xarajat
— Qishda isitish uchun gaz ko‘p ketadi, suv doim bo‘lmaydi. Oyiga 400–450 ming so‘m atrofida kommunal to‘laymiz. Elektr, gaz, suv va chiqindi uchun alohida to‘lov qog‘ozi keladi.
Katta farzandim oddiy maktabida o‘qiydi, kichigi hali bog‘chaga bormaydi. Davlat bog‘chalarida joy kam, navbat katta. Xususiy bog‘chalar bor, lekin narxi bizga og‘ir — oyiga 1,5–2 mln so‘m. Agar ayolim ishlaganida, o‘ylab ko‘rgan bo‘lardik, deydi quruvchi.

Transport va kundalik hayot
— O‘zimning eski Lacetti mashinam bor. Samarqandda ko‘chalar torroq, kun bo‘yi katta tirbandlik yo‘q — faqat ertalab va kechki vaqtda kuzatiladi. Tirbandliklarsiz shaharning u boshidan bu boshiga 25 daqiqada yetib borish mumkin. Ish joyi manziliga qarab ba’zida avtobusda ham borib kelaman. Taksi ilovalari bor, lekin Toshkentdagidek ko‘p emas, kutish vaqt oladi.
Samarqand tinch. Dam olish kunlari Registon, Siyob bozori tomonni aylanamiz. Lekin farzandlar bilan boriladigan bolalar o‘yingohlari unchalik ko‘p va turli xil emas. Toshkentdagidek katta parklar yoki o‘yin markazlari har qadamda uchramaydi, deydi Sherzod.
Sherzodning xulosasi
— Samarqandda yashash tinch, havosi toza, narxlar Toshkentga qaraganda arzonroq. Toshkentga ish bo‘yicha ahyon-ahyonda borib turaman, shunda narx-navo sezilarli yuqoriligini bilganman. Lekin ish topish bu yerda har doim ham oson emas. Kishining o‘z hunari bo‘lsa, tirikchilik qiladi. Daromad unchalik katta bo‘lmasa-da, tejamkor yashasa, yetkazsa bo‘ladi. Men uchun muhim narsa o‘z uyim borligi, deydi samarqandlik quruvchi.

Zilola, 21 yosh: “Samarqandda yashayman, lekin Toshkentga ko‘chish niyatim bor”
Zilola IT yo‘nalishida o‘qiydi, darsdan so‘ng o‘quv markazda ishlaydi.
— Samarqand davlat universitetining axborot texnologiyalari yo‘nalishida 3-kursda o‘qiyman. Darsdan so‘ng xususiy o‘quv markazda IT’dan boshlang‘ich daraja bo‘yicha dars beraman. Ota-onam bilan yashayman, moddiy tarafdan oz bo‘lsa-da yordam berib turaman, deydi u.
Yashash xarajatlari
— Ota-onam bilan yashaganim uchun ijara to‘lamayman. Lekin kursdoshlarimning ko‘pi ijarada turadi, ular ikki xonali kvartirani joylashuvi va sharoitiga qarab 1,8—2,2 million so‘mga olishgan. Talabalar ko‘p bo‘lgan mavsumda narxlar biroz oshadi, dedi suhbatdosh.

Oziq-ovqat
— Oila uchun bozor xaridlariga oyiga taxminan 4 million so‘m ketadi. Shaxsiy ehtiyojim uchun har haftada 150–200 ming so‘m yetadi. O‘rtacha 30-35 ming so‘mga tushlik qilaman, ba’zan undan ham kamroq. Asosan shirinlik, qahva va tez tayyor bo‘ladigan ovqatlar olaman, deydi Zilola.

Talabalar uchun ish joylari
— O‘quv markazda oylik daromadim 1,8–2 million so‘m atrofida, har oyda har xil chiqadi. Ba’zida qo‘shimcha loyihalarda frilanserlik orqali ham daromad qilaman. Hozircha o‘zimning asosiy xarajatlarimga va ota-onamga ozroq ko‘maklashishga yetib turibdi, lekin ortib qolmaydi.
Samarqandda IT sohasi asta-sekin rivojlanyapti, yaxshi o‘quv markazlar ochilyapti. Internet tezligi ba’zida muammo bo‘ladi. Kursdoshlarim, talaba tanishlarimning ko‘pi o‘zi ishlab pul topadi. Hozir talabalar uchun qulay ish joylaridan biri o‘quv markazlar bo‘lib qolgan. Lekin ba’zilari darsdan keyin do‘kon va ovqatlanish joylarida ishlaydi. Ular ko‘pincha hujjat talab qilmaydi, dedi u.

Transport
— Universitetga bitta avtobusda qatnayman. Ba’zan piyoda yuraman. Shaharda yo‘l tirbandligi jiddiy muammo emas, lekin kechki payt marshrutlar kamroq yuradi, deydi Zilola.
Zilolaning xulosasi
— Oilam bilan yashaganim xarajatlarimni kamaytiradi. Samarqandda zamonaviy kasblarga talab bor, faqat avval yaxshilab o‘rganish kerak. Agar vaqtni to‘g‘ri boshqarsangiz, ham o‘qish, ham ishlash uchun yaxshi sharoit bor. Lekin keyinchalik Toshkentga ko‘chib o‘tib, ishlash niyatim bor, deydi yosh IT’chi.

Aziza, 31 yosh: “Toshkent oilalilar uchun qulay, lekin qimmat”
Aziza ta’tildagi uy bekasi. U turmush o‘rtog‘i va ikki farzandi bilan poytaxtda yashaydi. Turmush o‘rtog‘ining ishi sabab Andijondan Toshkentga ko‘chib o‘tgan. Ayol Toshkentdagi hayot qulay bo‘lsa-da, o‘rtahol oilalar uchun yashash qimmatligini aytishdan tortinmadi.
Uy-joy va ijaralar
— Toshkentda uy ijarasi narxi juda yuqori. Biz Chilonzor tumanida 2 xonali, yangi qurilgan uyda yashaymiz, har oy 3 million 900 ming so‘m ijara to‘laymiz. Shu narxga Samarqandda 3 xonali yaxshi kvartira topish mumkin. Uyda hamma sharoit bor, bolalar maydonchasi ham ko‘z oldimda. Lekin narxi oilaviy byudjetga sezilarli ta’sir qiladi.

Oziq-ovqat narxi
— Bozorda narxlar past emas. Mol go‘shtining lahm qismi 130-140 ming so‘m, tuxumning donasi 1 600, pomidor 10-12 ming so‘m, Alanga guruch — 17-19 ming so‘mgacha. Kartoshka va piyoz 5 mingdan 8 minggacha. Sut ham turiga qarab 14 mingdan 17 ming so‘mgacha. Sifatli yog‘ning litri 28-30 ming so‘m. Supermarketlar ko‘p, qulay, lekin bozordagidan ham qimmatroq. Har hafta o‘rtacha 800-900 ming so‘m atrofida oziq-ovqat uchun sarflaymiz.

Kafe va restoranlar, bitta tushlik narxi
— Toshkentda restoranlar ko‘p, xizmat sifati yuqori. Oilaviy ovqatlansak, eng oddiy joyda ham 200–250 ming so‘m ketadi. Lekin bu yerda oilali odamlar uchun mo‘ljallangan o‘yin xonalari bor, bolalar zerikmaydi. Shahar markazida, dizayni zamonaviy joylarda narxlar yanada qimmatlashadi.
Bitta tushlik puli o‘rtacha 50-60 ming so‘m bo‘ladi, bu albatta, “fastfud” yoki arzonroq ovqatlanish joyidagi narx.

Bolalar uchun sharoit va transport
— Toshkentda bolalar uchun imkoniyatlar juda ko‘p: xususiy bog‘chalar, maktabgacha ta’lim markazlari, sport va ijodiy to‘garaklar. Farzandim xususiy bog‘chaga boradi, oyiga 2,8 mln so‘m to‘laymiz. Davlat bog‘chasiga joylashish esa turnaqator navbat va “qog‘ozbozlik” talab qiladi.
Toshkentda transport tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan: metro, avtobus, tramvay. Shaxsiy mashina bilan yurish ham qulay, lekin tirbandlik ko‘p. Ayniqsa ertalabki va kechki paytlarda. Taksi narxlari oxirgi yillarda oshgan, ammo ilova orqali buyurtma qilish qulay, deydi Aziza.
Azizaning xulosasi
— Toshkent zamonaviy, sharoiti yaxshi, ammo hayot qimmat. Oilali ayol sifatida ko‘p vaqtim uyda o‘tadi, ammo shahar bolalar, o‘quv va davolanish muassasalari, xizmatlar jihatidan juda qulay. Agar daromadingiz barqaror bo‘lsa, bu yerda yashash imkoniyati yuqori, lekin tejamkorlikni unutmaslik kerak, deydi Aziza.

Umid, 26 yosh, o‘qituvchi: “Toshkentda imkoniyat ko‘p, lekin xarajat ham shunga yarasha”
Umid Toshkentdagi xususiy maktabda matematika va fizikadan dars beradi. Bundan tashqari mustaqil ravishda treyding bilan ham shug‘ullanadi. U Toshkentda yashash uchun “yaxshigina” pul kerakligini haqida gapirib berdi.

Ijara va transport
— Yakkasaroy tumanidan bir xonali, ta’mirlangan kvartirani oyiga 3,5 million so‘mga ijaraga olganman. Bu narx biroz qimmat, lekin markazda yashash uchun arziydi. Komfortni qadrlaganim uchun qimmatligiga ham ko‘z yumganman. Ba’zan yarim tunda metrodan chiqib, “dom”imga piyoda yetib olish mumkinligi menga ma’qul kelgan.
Ko‘p hollarda metrodan foydalanaman. Toshkentda metroga chiptalar hamyonbop, ATTO kartadan 1 700 so‘m to‘layman. O‘z mashinam yo‘q, lekin unga ham harakat qilyapman. Shoshilinch hollarda taksi ilovalari orqali mashina chaqiraman. Odatiy ish boshlanish va tugash vaqtlarida narx “osmonga chiqadi”, boshqa soatlarda esa nisbatan arzonroq. Bir marta qishda yomon ob-havoda ish bo‘yicha Olmazor tumanidan Sergeliga borganimda, 90 ming so‘mga tushganman. Asosan qishda yog‘ingarchilikka qarab taksi narxlari oshib ketadi, sababini esa taksistlar gaz yo‘qligi va benzin qimmatligida deyishadi, deydi Umid.

Tushlik va oziq-ovqat
— Ishxonamiz yaqinidagi kafelarda tushlik qilaman. O‘rtacha bir kunda 45–60 ming so‘m atrofida chiqadi. Ammo yolg‘iz yashaganim uchun ovqat qilishni ham bilaman.
Kundalik xaridlarni ko‘proq supermarketlardan qilaman. Har oyda o‘rtacha 2,5 million so‘m ovqat, ichimlik, yarim tayyor va tayyor ovqatlarga ketadi, deya hisoblab berdi u.
Kommunal to‘lovlar
— Gaz, issiq suv, internet, chiqindining hammasini hisobga olganda, qishda kommunal to‘lovlarim 500 ming so‘mgacha chiqqan. Yozda ancha tushadi, deydi u.
Ijaraga uy olishimdan avval bankdan mikrokredit olganman, hozirgi daromadim bilan uni ham oyma oy to‘lab boraman, dedi yosh o‘qituvchi.

Dam olish
— Sport bilan shug‘ullanaman, zal uchun oyiga 400 ming so‘m to‘layman. Shahar markazida deyarli har qadamda sport zallari bor, narxi esa turlicha. Undan tashqari haftada bir-ikki marta do‘stlarim bilan choyxona va kompyuter o‘yinlariga boramiz, odatda, 100-150 ming so‘m atrofida chiqadi, deydi Umid.
Umidning xulosasi
— Toshkentda imkoniyat juda ko‘p, agar yaxshi oylik olsangiz, o‘zingizga yarasha sharoit yaratishingiz mumkin. Shaharda xarajatni nazorat qilishni o‘rganmasangiz, oy tugamay turib pulingiz tugaydi, deydi u.
Oddiy hayot tarzida yashaydigan odamlar bilan suhbatdan so‘ng, ikki shahardagi tajribali rieltor, ya’ni “makler”dan uy-joylarning ijara va sotuvdagi narxini o‘rgandik.
“O‘quv yili boshida ijara narxi ko‘tariladi”. Samarqandda ijara va uy-joy narxlari — rieltor Botir sharhi
Samarqanddagi xususiy rieltorlik firmasi rieltori Botirning aytishicha, Samarqand shahrida ijaraga uy olish narxlari uy hajmi va joylashuviga qarab 150 dollardan 1 200 dollargacha ( 1 mln 900 ming so‘mdan 15 mln 300 ming so‘mgacha) bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich 1 xonali kvartiralardan boshlab 5 xonali uylargacha bo‘lgan turar joylarni o‘z ichiga oladi.

— Ijara narxlariga esa mavsumiy o‘zgarishlar ham ta’sir qiladi. Ayniqsa, avgust oyining oxiri va sentyabrda, ya’ni o‘quv yili boshlanishi arafasida narxlar ko‘tariladi. Sababi boshqa viloyatlardan kelgan talabalar ijaraga uy izlay boshlaydi va bu bozordagi talabni oshiradi, deya izohlaydi rieltor.
Sotib olish niyatida bo‘lganlar uchun esa narxlar yana ham kengroq diapazonda. Shahar chekkasidan markaz tomon qaralsa, 1 xonali ko‘p qavatli xonadonlar 20 ming dollardan (255 mln so‘m) boshlanadi, markazdagi katta, 5 xonali kvartiralar esa 150 ming dollargacha (1 mlrd 917 mln) yetadi. Hovlilarning narxi ham joylashuv va sharoitga qarab belgilanadi.
— Agar shahar markazida yashasangiz, gaz, elektr, issiq va sovuq suv, internet hamda mobil aloqa bo‘yicha muammo bo‘lmaydi. Kommunal xizmatlar yetarli darajada ta’minlangan, deydi Botir.
“Ijaraga arzon uylar bor — sharoiti shunga yarasha”. Toshkentda uy ijarasi va sotib olish narxlari bo‘yicha rieltor izohi
Toshkentdagi tajribali rieltorning ta’kidlashicha, poytaxtda ijara narxlari tumanlar kesimida sezilarli farq qiladi. Masalan, Sergeli, Chilonzor va Bektemir tumanlarida ijara haqlari nisbatan arzonroq bo‘lib, bu ayniqsa talabalar va yosh oilalar uchun qulay variant hisoblanadi.

— Arzonroq deb hisoblangan, ya’ni 200 dollardan (2,6 mln so‘m) boshlanadigan kvartiralarda sharoit yomon emas, lekin albatta, mukammal darajada ham bo‘lmaydi. Ammo hatto shaharning chekka hududlarida ham elektr, internet borasida muammo kuzatilmaydi. Ammo gaz hozir hamma joyda pastlagan, deydi u.
Yaxshi ta’mirlangan, qulay sharoitga ega uylar esa joylashuviga qarab 500 dollardan (6,4 mln so‘m) ijaraga taklif qilinadi. “Komfort” deb aytiladigan, ya’ni zamonaviy dizaynga ega, keng, 3-4 xonali kvartiralar esa 800—1000 dollar (10,2—12,8 mln so‘m) atrofida va undan yuqori bo‘lishi mumkin.
Uy sotib olish bo‘yicha esa Toshkentda narxlar ancha yuqori. Ayniqsa, markaziy tumanlar yoki yangi qurilgan zamonaviy komplekslardagi narxlar sezilarli darajada qimmat.
— Toshkentda uy olish uchun yaxshigina byudjet kerak. Yangi, ta’miri bor kvartiralar narxi har yili o‘sib bormoqda, deya qo‘shimcha qiladi xususiy rieltorlik markazi xodimi Shahobiddin.

Rieltorlarning xulosasiga ko‘ra, Toshkentda tanlov ko‘proq, lekin narxlar yuqori. Samarqand ham aslida arzon emas, lekin o‘rtacha byudjetga mos bo‘lib, ayniqsa, talabalar va yosh oilalar uchun maqbul variantligi ko‘rindi.
Toshkent va Samarqanddagi bepul dam olish maskanlari — yashil hududlar, bog‘lar va xiyobonlar ro‘yxati
Dam olish uchun, aslida, katta xarajat qilish shart emas. Megapolis Toshkent va turizm rivojlangan Samarqandda faqatgina osmono‘par binolar va tarixiy obidalar emas, balki sayr va oilaviy hordiq uchun ham bepul bog‘lar, xiyobonlar yetarlicha. “Daryo” ikki shaharlardagi eng ommabop va ochiq dam olish joylari manzilini to‘pladi.


Havo iqlimi va sifati
Toshkent iqlimi keskin kontinental — yozda juda issiq va quruq, qishda sovuq. Ikki faslning “chilla”sida esa harorat yanada ko‘tariladi va tushadi.
- Yozgi o‘rtacha harorat: +50... +53°C gacha ko‘tariladi;
- Qishki o‘rtacha harorat: +2…-10°C oralig‘ida bo‘ladi.
Havoning ifloslanish darajasi so‘nggi yillarda avtomobil gazlari va chang tufayli sifati past ko‘rsatkichda. Toshkent havosi 6-iyun holatida ko‘ra iflos shaharlar reytingida 1-o‘ringa chiqdi.
Samarqand iqlimi ham kontinentallikka ega, ammo Toshkentga qaraganda biroz yumshoqroq.
- Yozgi o‘rtacha harorat: +40…+45°C, lekin shamolli va kechalari salqinroq bo‘lishi mumkin.
- Qishki o‘rtacha harorat: +3…-5°C, qor kamroq yog‘adi.
Havoning sifati sanoat korxonalari va avtomobil harakati nisbatan kam bo‘lgani sababli Toshkent havosiga nisbatan ancha toza, lekin bahor va kuzda shamolli.

Transport tizimi Toshkentda
- O‘zbekistonning yagona metrosida 4 ta asosiy liniya mavjud. Toshkent metrosi kuniga bir million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.
- Avtobus va marshrutkalar qamrovi keng, harakat zich. Kuniga millionlab odam tashiladi.
- Avtomobil harakatida tirbandliklar katta muammo. Ayniqsa, ertalabki va kechki “pik” soatlarda.
- Metro va avtobus chiptasi narxi Atto kartasi orqali 1 700 so‘m, kassalarda esa 3 000 so‘m etib belgilangan.

Transport tizimi Samarqandda
- Avtobus, elektrobus va tramvaylarda chipta narxi naqd pul orqali amalga oshirilganda — 3 ming so‘m, transport va bank kartasi orqali amalga oshirilganda 1 martalik cheklangan tarif miqdori 2 ming so‘m etib belgilangan.
- Avtomobil harakatida tirbandliklar nisbatan kam, faqat turistik mavsumda va markaziy ko‘chalarda zichlik oshadi.

Ta’lim xarajatlari — xususiy maktab va bog‘chalar
Farzandining ta’limi uchun tanlov qilayotgan oilalar uchun narx, sifat va xizmatlar muhim omil hisoblanadi. Toshkent va Samarqandda xususiy bog‘cha hamda maktablar soni ortib bormoqda, ammo narxlar va imkoniyatlarda farq mavjud.
Xususiy bog‘chalar:
Toshkent: Oylik to‘lovlar 1,5 mln so‘mdan boshlanadi. Narxga 4 mahal ovqat, sport, chet tillari va boshqa to‘garaklar kiradi. Ta’lim zamonaviy metodikalarga asoslangan.
Samarqand: Narxlar xuddi shunday — 1,5 mln so‘mdan. Dastur o‘xshash bo‘lsa-da, viloyatning chetroq hududlarida tanlov cheklangan.

Xususiy maktablar:
Toshkent: Oylik to‘lovi eng arzon maktab 3,2 mln so‘mdan boshlanib, 9 oylik ya’ni yillik to‘lov 31,5 mln so‘mga aylanadi. Darsliklar, ovqatlanish, to‘garaklar va ba’zi maktablarda transport xizmati ham shu narx ichiga kiradi. Yondashuv individual, til o‘rgatishga alohida e’tibor beriladi.
Samarqand: Oylik to‘lovi eng arzon maktab 3 mln so‘mdan, yillik narx esa 27 mln so‘mga aylanadi. Narx pastroq, ammo ko‘plab maktablar zamonaviy standartlarga moslashmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston xususiy bog‘chalar qimmatligi bo‘yicha MDH davlatlari top-5 ligidan joy olgan.
Ish haqi bo‘yicha Toshkent va Samarqandning farqi — Statistika agentligi
2025-yil boshida O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi oshdi. Biroq hududlar kesimida bu ko‘rsatkich bir xilda emas. Ayniqsa, Toshkent va Samarqand o‘rtasida sezilarli farq bor.

Milliy statistika qo‘mitasining hisobotiga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–mart oylarida Toshkent shahri o‘rtacha ish haqi bo‘yicha yetakchilikni saqlab qoldi. Bu davrda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 9,89 million so‘mni tashkil etdi. 2024-yilning shu davriga nisbatan o‘sish 22,7 foizni tashkil qilgan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 8,12 million so‘m edi.
Samarqand viloyatida 2025-yil yanvar–mart oylarida o‘rtacha ish haqi 4,35 million so‘m bo‘lgan.
Bu — 2024-yilning shu davriga nisbatan 18,6 foizga ko‘p.
Samarqandda o‘sish sur’ati bor, lekin Toshkent bilan solishtirganda ikki baravar kam.

Toshkent tirbandlik darajasi bo‘yicha dunyoda nechanchi o‘rinda?
Toshkent shahri dunyodagi eng tirband shaharlar reytingida 195-o‘rinni egalladi. Poytaxtda bir manzildan ikkinchi manzilga yetib borish uchun o‘rtacha 35,4 daqiqa vaqt sarflanadi.
“Yo‘lda yurgan odam bor-ki, tirbandlikka duch kelishi aniq” — Olimjon Safoyev, jurnalist
— Toshkentda va Samarqandda yashagan inson sifatida aytishim mumkinki, yo‘l tirbandligi bugun har ikki shahar aholisi uchun kundalik muammoga aylangan. Samarqandda bunday holat yaqin yillarda kuzatila boshladi — aholi ko‘paydi, mashinalar soni ortdi. Toshkentda esa bu muammo uzoq yillardan beri mavjud. Poytaxt yaqinida “Yangi Toshkent” qurilishi davom etmoqda. Davlat idoralari o‘sha hududga ko‘chirilishi tirbandliklarning kamayishi mumkinligiga umid uyg‘otyapti.

Bundan ikki yil avval 3-4 oy davomida Samarqand shahrida yashadim va ko‘rdim-ki, bir necha yo‘nalish bo‘yicha qatnayotgan tramvaylar yo‘lovchilarga ancha qulaylik tug‘dirmoqda. Ammo tirbandlik masalasi ro‘yi zamin uchun ham nihoyatda dolzarb.
Ikkala megapolisga ham xos bo‘lgan salbiy holatlardan biri, haydovchi va yo‘lovchilarning “madaniyat”i. Bir-biriga yo‘l bermaslik, o‘zim o‘tib olsam bo‘ldi, boshqalar bilan ishim yo‘q degan tasavvur, kamera yo‘q joylarda esa ochiqdan ochiq qoidabuzarliklar. Xullas, uzoq sanash mumkin. Bunday holatlar shundoq ham yo‘llardagi murakkab vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
Yo‘llarimizda yurgan odam bor-ki, “probka”ga duch kelishi aniq. Bir necha kun oldin bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida davlat rahbarining o‘zi ham 15-20 daqiqa tirbandlikda qolib ketgani haqida gapirdi.
Har ikki shaharda uy-joy qurilishi keskin ko‘paygan. Samarqandda yangi turar joy massivlari va ko‘p qavatli uylarning ko‘payishi yashil maydonlarning qisqarishiga olib kelyapti. Toshkent shahrida yashillik, daraxtlar keyingi yillarda kamayib ketdi. Jamoatchilik faollarining e’tirozlariga qaramay daraxtlarni kesish to‘xtayotgani yo‘q. Aybdorlar arzimagan jarima bilan qutulib ketmoqda.

Umuman olganda, tirbandlik, yashil hududlarning kamayishi, haydovchilar madaniyati kabi kamchiliklarni bartaraf etishda siz-u bizning befarq bo‘lmasligimiz ham muhim rol o‘ynaydi.
Xulosa

Toshkent imkoniyatlar markazi, lekin xarajatlar yuqori. Samarqand poytaxtga nisbatan biroz arzonroq, ammo oylik maosh biroz past, maishiy xizmatlarda ham tanlov kamroq. Har ikkala shahar o‘ziga xos qulaylik va cheklovlarga ega. Uy-joy, transport, oziq-ovqat va hatto iqlimda ham tafovutlar ko‘p. Tanlov har kimning o‘z qo‘lida.
Izoh (0)