Turizm va madaniy meros vazirligi “Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi, madaniyati va o‘zbek tilini o‘rganish tizimini keng targ‘ib etish orqali xorijiy turistlar oqimini yanada ko‘paytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tili va adabiyoti, madaniyati va tarixini zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda o‘rganishni nazarda tutuvchi Uzacademy internet platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.
Shuningdek, O‘zbekistonning boy ilmiy, tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini o‘rganishga qiziqish yuqori bo‘lgan xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda o‘zbek tili va madaniyati o‘qitiladigan Uzbek Studies kafedralari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab har yili Uzacademy internet platformasi orqali onlayn tarzda hamda Uzbek Studies kafedralarda ta’lim olayotgan yoshlar o‘rtasida olimpiada, viktorina va musobaqalarda g‘olib bo‘lganlar uchun “Xush kelibsiz, O‘zbekistonga!” dasturi amalga oshiriladi.
Bunda:
- olimpiada, viktorina va musobaqalar g‘oliblariga O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida o‘qish, yosh olimlarga yurtimizga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun stipendiyalar ta’sis etiladi;
- davlat granti 10 nafar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va 10 nafar magistratura mutaxassisliklariga, stipendiyalar 10 ta o‘rin uchun doktorantura va stajirovka o‘tashga ajratiladi.
Bosh vazir o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov bir oy muddatda platforma va kafedralar faoliyatini tashkil qilish va rivojlantirish ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida idoralaro ishchi guruhini tashkil etadi. Idoralaro ishchi guruhi:
- Uzacademy internet platformasi va Uzbek Studies kafedralari faoliyatini tashkil qilish va rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishining borishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshiradi;
- davlat organlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish, platforma va kafedralar faoliyatini tashkil qilishga to‘sqinlik qilayotgan masalalarni tezkor ko‘rib chiqadi va hal qiladi;
- xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tili va adabiyoti, madaniyati va tarixini keng targ‘ib qilishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni xorijda o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqlaydi va amalga oshirilishini nazorat qiladi;
- Platforma va kafedralar faoliyatini tashkil qilish va rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar smetasini hamda platforma va kafedralar faoliyatini moliyalashtirish manbalarini taqsimlaydi va tasdiqlaydi.