Buxoro hokimi Botir Zaripovning ma’lumot berishicha, viloyatda 153 ta tez yordam xizmat avtomobili mavjud bo‘lib, shu avtomobillarning 78 tasi Damas hisoblanadi. Damas’larning 49 tasi esa eskirgan va ta’mirtalab ahvolda. Bu haqda viloyat hokimi Botir Zaripovning tibbiyot xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida aytildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
“Birgina tez tibbiy yordam xizmati to‘g‘risida to‘xtaladigan bo‘lsak, yechimini kutayotgan masalalar yo‘q emas. Bugungi kunda viloyatda 153 ta ‘103’ tez tibbiy yordam xizmat mashinasi mavjud bo‘lib, shularning 78 tasi Damas. Damas’larning 49 tasi esa eskirgan va ta’mirtalab ahvolda. Endilikda ularni to‘liq yangilash choralarini ko‘ramiz”, — dedi viloyat rahbari.
Ta’kidlanishicha, 2016-yilgacha viloyatda atigi 51 ta tez yordam shoxobchasi mavjud bo‘lgan va bugunga kelib ularning soni 112 taga yetkazilgan. Tez tibbiy yordam brigadalari esa 153 taga ko‘paygan.
Tez tibbiy yordam xizmatining sifat va samaradorligini yaxshilash maqsadida endi Buxoroda ham Toshkent tajribasidan kelib chiqib, “103” xizmati viloyat, shahar va tuman darajasida yagona boshqaruv tizimiga birlashtiriladi. Ushbu tizim viloyatda elektron avtomatlashgan boshqaruv asosida amalga oshiriladi. Viloyat markazidan 230 kilometr olisda joylashgan Romitan tumanining ‘Qizilravot’ MFY hududidagi xalqaro M—380 avtomagistrali yo‘lida 1 ta qo‘shimcha tez tibbiy yordam posti tashkil etiladi. Amalga oshiriladigan ishlar natijasida tez tibbiy yordamning kechikishlari 10—12 foizdan 0,5—0,6 foizgacha, chaqiriqlarga yetib borish vaqti esa o‘rtacha 25—30 daqiqadan 8—10 daqiqagacha pasayadi.Qo‘shimcha qilinishicha, tez tibbiy yordam tizimi xodimlari mehnatini rag‘batlantirish va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida reanimatsion brigadalarida faoliyat ko‘rsatayotgan 87 nafar anesteziolog-reanimatolog hamda reanimatolog shifokorning oylik maoshiga 40 foiz ustama haq to‘lanishi boshlangan.Botir Zaripov, Buxoro hokimi