O‘ziga xos uslubga ega qo‘shiqchi Ledi Gaga to‘rt yoshida pianino chalishni o‘rgangan, Britni Spirsga qo‘shiqlar yozgan va o‘tgan asrning 60-yillarida tug‘ilmaganidan afsusda.
Vunderkind — o‘zi o‘qib o‘rgangan
Ledi Gaga nomi bilan tanilgan Stefani Joan Anjelina Germanotta 1986-yilda Nyu-Yorkda italiyalik oilada tug‘ilgan. Uning otasi havaskor sifatida ko‘plab guruhlarda qo‘shiq kuylagan, shou-biznes bilan shug‘ullangan. Shuning uchun ham musiqa bo‘lajak xonandaning qonida bor. To‘rt yoshida u Maykl Jekson, Elton Jon, Freddi Merkuri va boshqa rok yulduzlarining qo‘shiqlarini pianinoda chalgan. Garchi o‘sha vaqtda zamonaviy media tizimlari bo‘lmasa ham, u o‘z chiqishlarini oddiy magnitofonga yozgan. Shu tarzda sahna harakatlarini mashq qilib borgan.
O‘n bir yoshida u Nyu-York konservatoriyasining o‘ziga xos bo‘limi bo‘lgan Julyard maktabiga o‘qishga kirdi. Biroq u xususiy katolik maktabiga bordi, jazz guruhida kuyladi va teatr kursida o‘qidi. Ammo boshqa mashhurlar singari uning ham sinfdoshlari yoqtirmasdi, ko‘pincha uni ochiqchasiga masxara qilishar va musiqaga bo‘lgan ishtiyoqini tushunishmasdi. Bo‘lajak Ledi Gaga bunga hech qanday munosabat bildirmagan, chunki u o‘zining sevimli ishi bilan band bo‘lgan. Aytgancha, uning sinfdoshlaridan biri Peris Hilton bo‘lib, ular hali ham bir-biri bilan muloqot qilmaydi. Ammo o‘qituvchilari uning aqlini, tezda anglash qobiliyatini qadrlashdi. Ushbu qobiliyatlari tufayli u Nyu-York universiteti san’at maktabi imtihonlaridan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.
Ledi Gaga 17 yoshdan boshlab Garlem klublarida turli guruhlar tarkibida chiqish qilgan. Atigi bir yarim metr balandlikdagi Stefani kalta yubkalar, ochiq bluzkalar, baland poshnali tuflilarni yaxshi ko‘rardi. U maktabda atigi ikki yil o‘qidi va yakkaxon karyerasini boshlash uchun o‘qishni tark etdi. Aytish joizki, ota-onasi uni uy-joy bilan ta’minlagan va yil davomida pul berishga va’da bergan. Bu bilan agar u muvaffaqiyatga erisha olmasa, o‘qishga qaytishi kerak edi. Shunday qilib Stefani san’at maktabini tugata olmadi, ya’ni karyerasini muvaffaqiyatli qurishga erishdi.
Ledi Gaga obrazini izlab
Bo‘lajak yulduz o‘z uslubini izlay boshladi. Klublarda uni juda teatrlashtirilgan, teatrlarda esa estradaga mos, deb aytishgan. Bu orada u raqqosa, ofitsiant bo‘lib ishladi va o‘zining qiyofasini topishga harakat qildi. Devid Boui, Maykl Jekson, Queen guruhining ijodini o‘rganib chiqib, hamma narsadan farq qiladigan o‘ziga xos sintez yaratdi. U xonanda Ledi Starlayt bilan ham do‘stlashdi va natijada Ledi Gaga dunyoga keldi. Bu nom mashhur “Queen” “Radio Gaga” qo‘shig‘i sharafiga tanlangan. 2006-yilda u prodyuser Rob Fusari bilan uchrashdi va ovoz yozish studiyalari bilan shartnoma imzoladi. U Fergi, “Pussiket Dolz”, Britni Spirs uchun qo‘shiqlar yozadi. Aytgancha, u hali ham Britnini pop malikasi deb biladi.
Umuman soyada qolib ketishni yoqtirmaydigan Stefani o‘zining birinchi “The Fame” albomini yozishga kirishdi. U 2008-yilda chiqdi va darhol “Gremmi” mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ledi Gaga “Yangi Madonna” va “Yuklab olingan qo‘shiqlar malikasi” kabi yuqori maqtovlarga sazovor bo‘ldi. 2010-yilda “Just Dance” albomi chiqdi, u ham bir zumda mashhur bo‘ldi.Keyingi “The Fame Monster” albomi uni nihoyat musiqiy cho‘qqiga olib chiqdi, u AQSH va Britaniyadagi deyarli barcha musiqa mukofotlarini oldi. Uning kliplari YouTube’da birinchi bo‘lib milliard marotaba ko‘rildi va Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi.
Ledi Gaganing so‘zlariga ko‘ra, u o‘tgan asrning 60-yillarida, Jon Lennon bilan bir vaqtda tug‘ilmaganidan afsuslanadi. U yana kamida 30 yil shou-biznesda bo‘lishni kutayotganini ham aytib o‘tgan. Bunga ishonish mumkin. Axir u doimiy ravishda o‘zining ijod doirasini kengaytirib kelmoqda. 2021-yili u o‘zining smayliklar to‘plamini taqdim etdi, shu bilan birga, u bir nechta filmlar va teleko‘rsatuvlarda ishtirok etgan. 2022-yil chiqqan “Yulduz tug‘ildi” myuzikli Ledi Gagani samimiy va yetuk ijodkor sifatida ko‘rsatdi. Muvaffaqiyatga erishish uchun shou-biznes olamidagi har qanday qoidalarga bo‘ysunilsa-da, qalban oqqush kabi qolish kerak. Ehtimol, bu narsa xonanda namoyon qilgan xarakterining mohiyatida mavjuddir.
Mavzuga doir:
- Mashhurlar hayotini ijro etishda nafaqat xarakteri, balki tashqi jihatdan ham ularga o‘xshagan aktyorlar (foto)
- Ledi Gaga, Robert De Niro va o‘z restoraniga ega boshqa Gollivud yulduzlari (foto)
- Ledi Gaga “Guchchi uyi” filmidagi Patrisiya Rejani rolini o‘ynash uchun 9 oy italyancha talaffuz bilan gapirgani haqida so’zlab berdi