Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Andijon viloyatining Bo‘ston tumani “Nurafshon” mahallasida yashovchi fuqarolar tuman hokimi Sanobarxon Nosirova ularga o‘zi yashaydigan joydan 10 sotixdan yer berishni va’da qilib, so‘ngra va’dasini bajarmaganini, hokim opaning va’dasi va’daligicha qolganini aytmoqda. “Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulov mazkur holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi.

Lobarxon Rejapova.

Lobarxon Rejapova.
Foto: “Daryo”

Murojaatchilardan biri Lobarxon Rejapovaning aytishicha, u farzandini o‘qitish uchun 10 sotix yerdan daromad olishni maqsad qilib, ro‘zg‘or uchun ajratilgan mablag‘ini auksionda qatnashish uchun boshlang‘ich badal sifatida to‘lagan.

“Turmush o‘rtog‘im ham, men ham hech qayerda ishlamaymiz. O‘tgan yili o‘g‘lim universitetga o‘qishga kirdi. Yer berilishi haqida eshitgach, shu bolamning o‘qishiga yordam bo‘lar deb, oilaviy sharoitimdan kelib chiqib, o‘n sotix yerga pul berdim. Avvaliga ishontirishdi. Endi unisi bu, bunisi u deb aldab yuribdi. Bunaqa bo‘lar ekan, boshida beriladigan yer uzoqda, pul sarflamanglar deganda, ro‘zg‘orimdan pul ajratmasdim. Shuning ortidan xo‘jayinim bilan baqir-chaqir bo‘lmasdi, kaltak yemasdim. Xotin kishi ekanman-da, jigarim ezilsa ham, shu bolamga bo‘lsin, debman. O‘n sotixga kartoshka eksam, ozgina bo‘lsa-da hosil olsam, degandim”, — deydi Lobarxon Rejapova.

Yana bir murojaatchi Ro‘zixon Yo‘ldosheva ham o‘n sotix yerni auksiondan sotib olish uchun qarz olganini, endi esa rejalashtirgan ishlari yakuniga yetmasdan to‘xtab qolganini bildirmoqda.

Ro‘zixon Yo‘ldosheva.

Ro‘zixon Yo‘ldosheva.
Foto: “Daryo”

“Ikki qiz, bir o‘g‘lim bor. Xo‘jayinim o‘tganiga 17 yil bo‘ldi. Prezident qarori asosida yer beradi, deganda rosa suyunib, chin yurakdan tayyorgarlik ko‘rgandik. Ayniqsa, bahor — ilik uzdi vaqtida, o‘zimizda pul bo‘lmasa ham, qarz qilib savdoga pul topshirgandik. Bizni aldab, g‘isht zavodning oldiga olib borib, rosa yugurtirishdi. O‘sha yerdan beramiz deyishdi. Hokim esa ‘biroz kech qolibsizlar’, deb mashinasiga chiqib, ketib yubordi. Gaplashmadi ham. Bu yerdagilar esa yerni sizlarga bo‘lib beradi, dedi. Afsuski, haliyam daragi yo‘q. Endi bo‘lsa uzoqroqdan, ya’ni 5 kilometr naridan yer beramiz, deyishyapti. Lekin shaxsan men u yerga borib kelishga qiynalaman. Kunimiz yo‘lda o‘tib ketadi. Agar hokim va’da bergan joydan, yaqinroqdan berilsa, yaxshi bo‘lardi”, — deydi Ro‘zixon Yo‘ldosheva.

Murojaatchilarning yana biri Xotiraxon Arabboyevaning aytishicha, hududdagi 4-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida hokim va prokuror aholiga yer berilishi haqida va’da bergach, nurafshonliklar auksionda qatnashishga rozi bo‘lgan va to‘lov qilgan. Aholiga berilishi kerak bo‘lgan yer manzili o‘zgargach esa hamma norozi bo‘lmoqda.

Xotiraxon Arabboyeva.

Xotiraxon Arabboyeva.
Foto: “Daryo”

“Yaxshi va unumdor yerdan beramiz, deyishgani uchun ham bir oydan beri harakat qilayotgandik. Bizga hokim va prokuror 4-maktabda o‘tkazilgan uchrashuvda shaxsan va’da berib, ‘Sizlarga mana shu g‘isht zavodning oldidan yer beramiz, ma’qulmi?’, deganda biz u yerga ekin ekkanligimizni, yaxshi joy ekanligini aytib, rozilik berganmiz. Ularga ishonib hujjatlarni tayyorladik. 16-fevral, savdodan bir kun avval yer ‘O‘n bir obod’ massividan berilishini eshitib, janjal qildik. Hokimiyatga bordik. Selektor yig‘ilishi bo‘layotgan ekan, holatni tushuntirdik. Shundan so‘ng pulimizni qaytarib beramiz deyishgandi. Hokim yana qo‘shimcha qilib, ‘yigirma sotixdan bo‘lsa-da, boshqa odam topib, savdoni oxiriga yetkazish kerak’, dedi. Ikki kundan keyin 28 kishining pulini qaytarib berayotganda hokim bilan prokuror kelib, ‘Qani anavi yetti ahmoq? Mana shu yerdan aholiga yer berasizlar’, dedi. Keyin ‘ilojsiz ekanmiz-da, shuning orqasidan tirikchilik qilamiz-da’, deb ko‘nganimizda hokim o‘rinbosari hujjat olib kelib, qo‘l qo‘ying dedi. Unga bir marta emas, ikkinchi marta aldanayotganimizni aytib, avvaliga yer berib, qoziqni qoqishlarini, undan keyin imzo qo‘yishimni bildirdim. Xullas, qog‘ozga hech kim qo‘l qo‘ymadi”, — deydi Xotiraxon Arabboyeva.

Abdupatto Umarov.

Abdupatto Umarov.
Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdupatto Umarov mahalla faollarining hokim bilan uchrashuvini eslolmasligini aytib, unda qatnashmaganini bildirdi. Biroq murojaatchilar dalillar bilan eslatgach, hokim bergan va’dasini bajarganini ta’kidlab, g‘isht zavod oldidagi yerlarni hokim bilmasligini qayd etgan. Rais suhbat davomida davlat odami ekanligini, shu sababli noto‘g‘ri gapirmasligi va yolg‘on ma’lumot bermasligini bir necha marotaba takrorlagan.

 “Yer to‘g‘risida janjal bo‘layotgandi. Bular bilan gaplashib, tushuntirdim. Bular suv yo‘q deyishdi. Shaxsan o‘zim borib ko‘rib keldim. Fermer tomonidan ikkita nasos o‘rnatilgan. To‘g‘ri, biroz uzoqligi bor. Ammo fermer ‘mashinamni beraman, bular baribir kunda kelib ishlamaydi. Bir kun kelsa, o‘n kun dam oladi’, degan. Hammasi rozi bo‘ldi. Rozi bo‘lmaganlar ‘pulimni qaytarib berasizlar’, dedi. Bor gap shu. O‘zingiz bilasiz, yer berish majburiymas”, — deydi mahalla raisi Abdupatto Umarov.

Zokirjon Darmonov.

Zokirjon Darmonov.
Foto: “Daryo”

Bo‘ston tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zokirjon Darmonov aholiga berilishi kerak bo‘lgan 27,9 gektar yer viloyat hokimi qarori bilan auksionga qo‘yilganini, yerni yutib olganlar esa ekishni boshlashganini bildirgan. Mas’ul murojaatchilar haqida fikr bildirar ekan ular nima xohlashayotganini tushunmayotganini aytgan.

“Ishsizlar uchun berilayotgan 10 sotixli yerlarni ‘Nurafshon’ mahallasida yashovchilar biroz uzoq deyishmoqda. Lekin o‘sha yerga o‘zim bordim. Yer olganlar bugundan kartoshka ekishni boshladi. Ammo bu odamlar uzoq deyapti. Vaholanki, fermer xo‘jaligi rahbari o‘ziga tegishli mashinasida oborib, qaytarib tashlab qo‘yaman, hattoki kultivatsiya ishlarida traktorlarigacha yordam beraman degan. Endi bular ‘Hokim bizga va’da bergan’, deb boshqacha gapiryapti. Balki o‘zlari ham bir xulosa qilib ko‘rishar. Lekin hokim aytgan joyga viloyatdan kelgan ‘gidrozem’ning xodimlari ruxsat berishmagan”, — deydi Zokirjon Darmonov.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Oila a’zolari tomonidan muntazam jinsiy zo‘ravonlikka uchrayotgan bolalar ham topiladi” — Bolalar ombudsmani
Mahalliy
Sogʻliqni saqlash vaziri: Taʼlimda oʻzgarish qilmas ekanmiz, tibbiyot ham oʻzgarmaydi
Mahalliy
Buxoroda Nexia-2 ariqqa tushib ketdi (video)