Qozog‘istonning Nur Otan partiyasi o‘z nomini Amanat’ga o‘zgartirdi va qaytadan davlat ro‘yxatidan o‘tdi. Bu haqda “Zakon.kz” xabar bergan.
Qayd etilishicha partiya tomonidan taqdim etilgan hujjatlar belgilangan talablarga muvofiq deb topilgan.
“Qayta ro‘yxatdan o‘tkazish “Yuridik shaxslar, filiallar va vakolatxonalarni qaytadan davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi qonun va Qozog‘istonning boshqa me’yoriy hujjatlari asosida amalga oshirildi”, – deya xabar bergan Amanat partiyasining matbuot xizmati.
Avval Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Nur Otan nomining Amanat’ga o‘zgartirilishi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra bir oy davomida katta tahlil ishlari amalga oshirilgan va ularda partiya faoliyatida jiddiy o‘zgarishlar qilish zarurligi, buni paysalga solmaslik talab etilishi oydinlashgan.
Partiya rebrendingi – faqat nomning va shiorning o‘zgarishi emas. Birinchi navbatda partiya ishini qaytadan tashkil qilish kerak.Shuningdek, Qozog‘iston davlat rahbari partiya apparatining samaradorligini oshirish lozimligi, uning ishida byurokratiyaning eng yomon sifatlari namoyon bo‘la boshlaganini ta’kidlagan.Qosim-Jo‘mart To‘qayev
Tarmoq jadvallari, hisobotlar, rasmiyatchilik tadbirlarini bir chekkaga qo‘yib saylovchilar bilan ishlash kerak. Haqiqatga tik boqish kerak, tashabbuskorlar o‘rnini loqayd ishchilar egallagandi. Partiya markaziy apparatining filiallar va boshlang‘ich tashkilotlar bilan amalga oshirgan chora-tadbirlarini qaytadan ko‘rib chiqish zarur. Byurokratiya va qog‘ozbozlikdan voz kechish vaqti keldi.To‘qayevning fikricha, partiya markaziy apparati ko‘rsatmalar berish va eskicha boshqaruv tizimiga barham berishi lozim. Qozog‘iston prezidenti partiyaning vazifasi umumiy va partiya yo‘nalishini belgilab berish, fuqarolarni uslubiy va mafkuraviy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash, kadrlar tayyorlash, tizimli muammolarni tahlil qilishdan iboratligi haqida gapirgan.Qosim-Jo‘mart To‘qayev
Partiyaga ishonch va hamkorlikka asoslangan yangi munosabatlar madaniyati zarur.Qosim-Jo‘mart To‘qayev
Mavzuga doir:
- To‘qayev Olmaotadagi prezident qarorgohini buzib tashlashni buyurdi. Yanvardagi tartibsizliklar chog‘ida binoga o‘t qo‘yilgandi
- “Qozog‘iston har qanday yordamga tayyor”. To‘qayev Ukrainadagi vaziyatga munosabat bildirdi
- Qozog‘istonda sobiq mudofaa vaziri hibsga olindi. U yanvardagi tartibsizliklarda xizmat vazifasini bajarmaganlikda gumonlanmoqda