Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan sohadagi global inqiroz va yangicha raqobat sharoitlarini inobatga olgan holda O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda turizmni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov Xalqaro gid va ekskursiyachilar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan O‘zbekiston gidlarining V forumida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”/ Dilruh Isomiddinova

Forumda vazirlik rahbariyati, mamlakatdagi sayyohlik kompaniyalari vakillari, gidlar va ekskursiyachilar ishtirok etishdi. Tadbir avvalida Turizm va madaniy meros vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov so‘zga chiqib, gid va ekskursiyachilarga muvaffaqiyatlar tiladi.

Turizm va madaniy meros vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov

Turizm va madaniy meros vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov
Foto: “Daryo”/ Dilruh Isomiddinova
O‘zbekiston prezidenti tomonidan turizm sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda va bu jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. Sohani qo‘llab-quvvatlashga doir 90 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi mamlakatimizda turizm turlarini diversifikatsiya qilish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi jozibadorligini oshirish yo‘lida xizmat qiladi.

Albatta, koronavirus pandemiyasi dunyo miqyosida turizm sohasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Chegaralarning yopilishi, xorijiy mamlakatlardan turistlar sayohat qilishlariga oid turli cheklovlar, vaksinatsiyaga oid talablar va boshqa muammolar shular jumlasidandir. Shunda qaramay O‘zbekistonda xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda sohani qo‘llab-quvvatlashga oid muhim qarorlar qabul qilindi. Xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar mustahkamlandi. Xalqaro tajriba tahlili shuni ko‘rsatadiki, global inqiroz sharoitida ichki turizmni rivojlantirish eng to‘g‘ri yo‘l. Bugungi kunda soha vakillari uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida qator imtiyozlar belgilangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, pandemiya davrida 300 dan ortiq yangi sayyohlik marshrutlari ishlab chiqildi. Shu o‘rinda O‘zbekistonning turistik marshrutlarini o‘z ichiga olgan umumiy katalog ishlab chiqilishini maqsadga muvofiq deb hisoblayman. Zero bu barcha sayyohlar uchun foyda bo‘ladi.

Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan sohadagi global inqiroz va yangicha raqobat sharoitlarini inobatga olgan holda O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda turizmni rivojlantirish strategiyasi” ishlab chiqilmoqda. Bu esa sayyohlarni jalb qilishda noan’anaviy yondashuvlarni talab qiladi. Ayni shu nuqtayi nazardan, turistik biznes vakillari, gid va ekskursiyachilarni ushbu hujjatni ishlab chiqishda faol ishtirok etishga chorlaymiz.

Turizm va madaniy meros vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov

Forum doirasida mutasaddilar tomonidan O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini oshirish uchun “barcha xizmatlar jamlangan” tariflarga ega turistik dasturlar ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.

Xalqaro turizm tashkilotining O‘zbekistondagi rahbarining maslahatchisi Shuhrat Isakulov “Daryo”ga bergan intervyusida ushbu forum an’anaviy tarzda har yili o‘tkaziladigan tadbirga aylanganini aytdi.

Xalqaro turizm tashkilotining O‘zbekistondagi rahbarining maslahatchisi Shuhrat Isakulov

Xalqaro turizm tashkilotining O‘zbekistondagi rahbarining maslahatchisi Shuhrat Isakulov
Foto: “Daryo”/ Dilruh Isomiddinova

“Bu forumda nafaqat gidlar, balki turizm biznesi vakillari ham ishtirok etyapti. Bunda pandemiya davridagi muammolarning yechimi, yangi maqsad va marralarga yetkazishdagi yo‘nalishlar bo‘yicha davra suhbatlari o‘tkazilyapti. Tadbir uch guruhga bo‘lingan holda o‘tkazilmoqda. Birinchisi, gidlarning muammolariga bag‘ishlanadi. Ular hozirgi kunda qanday muammolarga duch kelyapti va qaysi yo‘l bilan ularni yechish kerak? Shu kabi masalalar bo‘yicha gidlarning fikr va takliflarini olib, hujjatga tushirishga harakat qilyapmiz. Ikkinchi guruhda turistlarga xizmat ko‘rsatishdagi muammolarni tahlil qilishga bag‘ishlangan. Uchinchi guruhda esa pandemiya davrida turistlarni O‘zbekistonga jalb qilish yo‘l-yo‘rig‘ini topish bo‘yicha muhokamalar qilindi”, — dedi u.

Ma’lumot uchun, har yili 21-fevral kuni dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Xalqaro gidlar kuni (International Tourist Guide Day) nishonlanadi. Ushbu bayram Jahon gidlar uyushmalari federatsiyasi (WFTGA) tomonidan ta’sis etilgan. WFTGA’ga 1985-yil Birinchi xalqaro gidlar konvensiyasi doirasida asos solingan bo‘lib, bugunga kunda dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan 2 milliondan ziyod kishi uning a’zosi hisoblanadi. Xalqaro gidlar kuni 1990-yildan buyon nishonlanib kelinadi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Nukus voqealari bo‘yicha uch nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi qamoqqa olindi 
Dunyo
G7 davlatlari Xitoy, Shimoliy Koreya va Eronga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda — Bloomberg
Mahalliy
Oʻzbekistonning yanvar oyidagi budjet daromadi ochiqlandi