O‘zbekiston Oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy ta’lim jarayoniga bosqichma-bosqich o‘tiladi, deya xabar bermoqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi.
Talabalarga qulaylik yaratish, doimiy yashash hududidan ta’lim muassasalariga xavfsiz, tirbandliklarsiz yetib kelishlari, joylarda avia va temir yo‘l chiptalarini almashtirishdagi noqulayliklarning oldini olish hamda talabalarning ijara uylari va yotoqxonalariga ortiqcha qiyinchiliklarsiz joylashishlarini ta’minlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari 7-fevraldan 24-fevralga qadar bosqichma-bosqich an’anaviy shaklga o‘tkaziladi.
Bu oraliqdagi dars mashg‘ulotlari ham masofaviy, ham an’anaviy shaklda olib boriladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 24-fevraldan boshlab o‘quv yurtlarida ta’lim jarayonlari to‘liq an’anaviy shaklda olib borilishini ma’lum qilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda 7-fevraldan o‘quv jarayonlari an’anaviy shaklga o‘tkazilishi ma’lum qilingandi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda talabalar Respublika maxsus komissiyasining ushbu qaroriga norozi ekanini bildirishdi.
Izoh (0)